Oʻzbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston oʻrtasida
Shartnoma
Doʻstlik, hamkorlik va oʻzaro yordam toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi va Turkmaniston, keyingi oʻrinlarda “Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar” deb yuritiladi,
BMT Ustavi maqsadlari va prinsiplariga amal qilib, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalari va umuminsoniy qadriyatlarning ustunligini tan olib,
Xelsinki Yakunlovchi Hujjati, yangi Yevropa uchun Parij Xartiyasi, shuningdek Yevropada xavfsizlik va hamkorlik boʻyicha tashkilotning boshqa hujjatlaridagi majburiyatlar bajarilishiga oʻz intilishlarini tasdiqlab,
har ikkala mamlakat xalqlari oʻrtasida tarixan shakllangan doʻstona va oʻzaro hurmat munosabatlariga asoslanib,
oʻzaro foydali ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish har ikkala davlat xalqlarining tub manfaatlariga javob berishidan, Osiyoda tinchlik va xavfsizlik ishiga xizmat qilishidan kelib chiqib,
oʻzlarining davlatlararo munosabatlarini tenglik, adolatlilik va oʻzaro bir-birini tushunish prinsiplari asosida qurishga qaror qilib,
siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ekologik, axborot, insonparvarlik, madaniy va boshqa sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikka yangi sifat bagʻishlashni va uning huquqiy negizini mustahkamlashni maqsad qilib qoʻyib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashdilar:
1-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz munosabatlarini doʻstona davlatlar sifatida rivojlantiradilar. Ular oʻzaro munosabatlarda suveren tenglik, yaxshi qoʻshnichilik, kuch ishlatish yoki kuch bilan tahdid qilishdan voz kechish, nizolarni tinch yoʻl bilan bartaraf etish, chegaralarning buzilmasligi, hududiy yaxlitlik, ichki ishlarga aralashmaslik, inson huquqlarini hurmat qilish, teng huquqlilik va oʻzaro foydali hamkorlik, xalqaro majburiyatlarni vijdonan bajarish prinsiplariga amal qiladilar.
2-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar ular oʻrtasida shakllangan davlat chegaralari oʻzgarmas deb hisoblaydilar, chegaralar ularning roziligisiz kimningdir xohishi bilan oʻzgartirilishi mumkin emas. Ular Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston davlat boshliqlarining 1991-yil 21-dekabrdagi Almati Bitimida tasdiqlangan chegaralarning daxlsizligiga qatʼiy rioya etish majburiyatini oʻz zimmalariga oladilar.
3-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar BMT Ustavida va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik boʻyicha Tashkilot hujjatlarida qayd etilgan majburiyatlarga muvofiq ular oʻrtasida paydo boʻlishi mumkin boʻlgan nizolarni faqat tinch yoʻl bilan hal etadilar.
4-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar yalpi xavfsizlik boʻlinmasligini tasdiqlaydilar hamda ushbu sohada sheriklikni izchil amalga oshiradilar, ikki tomonlama va koʻp tomonlama asosda tinchlik, ishonch va xavfsizlikni mustahkamlashga faol koʻmaklashadilar.
5-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar kim boʻlmasin boshqa tomon ikkinchi Oliy Ahdlashuvchi Tomonga qarshi dushmanlik faoliyatini amalga oshirish maqsadida ularning hududidan foydalanishiga yoʻl qoʻymaslik majburiyatini oʻz zimmalariga oladilar.
6-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar xalqaro tashkilotlar doirasida hamkorlik va aloqalarni kengaytiradilar, oʻzaro qiziqish uygʻotuvchi masalalar boʻyicha oʻz nuqtai nazarlarini kelishib olish uchun maslahatlashuvlar oʻtkazadilar.
7-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar har ikkala davlat xalqlarining yaqinlashishi uchun zarur sharoitlarni taʼminlashga intilib, oʻz fuqarolari, davlat va jamoat tashkilotlari hamda birlashmalari, oʻzini oʻzi boshqarish organlari oʻrtasidagi aloqalarning kengayishiga har tomonlama koʻmaklashadilar.
8-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro foydali ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoitlarni taʼminlaydilar. Ular oʻz iqtisodiy va savdo munosabatlari mexanizmini jahon bozori normalari va amaliyotiga yaqinlashtirish va takomillashtirish uchun tegishli chora-tadbirlarni koʻradilar, bir-birlariga eng koʻp qulaylik berish rejimi yoki milliy rejim ham shu jumlaga kiradi.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz ichki qonunlariga amal qilib, oʻzlarining xalqaro majburiyatlaridan kelib chiqib va mazkur Shartnomaning maqsadlariga erishish uchun yuridik va jismoniy shaxslarning tadbirkorlik faoliyati va boshqa xoʻjalik faoliyati uchun qulay iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy sharoitlarni taʼminlaydilar, ularning investitsiyalarini ragʻbatlantirish va oʻzaro himoya qilish ham shu jumlaga kiradi.
9-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar tranzit va transport kommunikatsiyalari sohasidagi hamkorlikni rivojlantiradilar va chuqurlashtiradilar. Tomonlarning har biri oʻz hududlarida joylashgan havo, dengiz va daryo portlari, temir yoʻl va avtomobil tarmoqlari hamda truboprovodlar orqali ikkinchi Tomonga transport operatsiyalarini amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratadilar.
Tranzit harakatni taʼminlash shartlari va tartibi maxsus bitimlar bilan belgilanadi.
10-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar ular oʻrtasidagi aloqa vositalari, tizimi va liniyalarini takomillashtirish chora-tadbirlarini koʻradilar hamda ushbu sohada tegishli bitimlar tuzadilar.
11-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar fundamental va amaliy fanlar, ilgʻor texnika va texnologiyalarni rivojlantirish va joriy etish sohasida, shuningdek olimlar, ilmiy-tadqiqot institutlari, ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalarining toʻgʻridan toʻgʻri aloqalarini va birgalikdagi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash uchun samarali hamkorlik qilishga sharoitlar yaratishga koʻmaklashadilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu masalalar boʻyicha alohida bitimlar tuzadilar.
12-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar taʼlim sohasidagi munosabatlarni rivojlantiradilar hamda turli oʻquv yurtlari oʻrtasidagi munosabatlarni ragʻbatlantiradilar, jumladan oʻquvchilar, talabalar, aspirantlar va stajyerlarni ayirboshlash yoʻli bilan ragʻbatlantiradilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar shahodatnomalar, attestatlarni, maʼlumot, ilmiy darajalar va ilmiy unvonlar toʻgʻrisidagi diplomlarni oʻzaro tan olish mexanizmini ishlab chiqadilar.
13-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar ikki tomonlama madaniy aloqalarni kengaytirish va chuqurlashtirishni ular xalqlarining tabiiy ehtiyoji debgina emas, balki umumjahon madaniy merosini koʻpaytirishning muhim sharti ham deb hisoblaydilar. Tomonlar mana shundan kelib chiqib, ijodiy jamoalar, madaniyat arboblari oʻrtasidagi ayirboshlashni kengaytirishga koʻmaklashadilar hamda madaniy qadriyatlar, arxiv, kutubxonalar, ommaviy axborot vositalari bilan ikkinchi Tomon fuqarolarining oʻz fuqarolari uchun boʻlganidek sharoitlarda va teng darajada tanishishlari uchun imkoniyatlarni taʼminlaydilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri ikkinchi Tomonning madaniy va ijodiy merosini saqlashga va oʻrganishga koʻmaklashadilar, tarix va madaniyat yodgorliklarini muhofaza qilish ham shu jumlaga kiradi.
14-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar huquqni muhofaza qilish, intellektual mulkni himoya qilish va undan foydalanish masalalarida xalqaro tashkilotlar doirasida ham bevosita hamkorlik qiladilar.
15-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro manfaatlardan kelib chiqib va oʻz imkoniyatlarini hisobga olib atrof muhitni muhofaza qilish va yaxshilash sohasida, texnogen xarakteridagi halokatlar va tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish, tabiatdan ehtiyotlik bilan foydalanish, ekologik jihatdan toza ishlab chiqarishlarni kengaytirish, yuqori samarali tabiatni muhofaza qilish va tabiatni tiklash tadbirlarini amalga oshirish sohasidagi hamkorlikni rivojlantiradilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri ekologik halokatlar va tabiiy omillar tufayli kelib chiqqan hamda aholining hayot faoliyati uchun xavf tugʻdiruvchi vaziyatlarda bir-birlariga yordam beradilar.
16-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar aholining salomatligini muhofaza qilishni taʼminlash, tibbiyot fani va amaliyotini rivojlantirish boʻyicha birgalikdagi xatti-harakatlar zarurligini tan oladilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar mavjud nodir va ixtisoslashtirilgan tibbiyot va sanatoriy-kurort muassasalaridan teng huquqli foydalanishni, ikkinchi Tomon fuqarolarining tibbiy va maslahat yordami olishlarini taʼminlaydilar.
17-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar har ikkala davlat hududida yashovchi turli millat vakillarining etnik, madaniy, til va diniy oʻziga xosligini himoya qilish uchun zarur sharoitlarni yaratadilar.
18-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri oʻz fuqarolariga ularning millatidan, jinsidan, tilidan, diniy eʼtiqodidan, siyosiy va boshqa eʼtiqodlaridan qatʼi nazar, teng huquq va erkinliklarni kafolatlaydilar.
Fuqarolikning va ikkinchi Oliy Ahdlashuvchi Tomonning hududida yashovchi oʻz fuqarolarining huquqlarini himoya qilishning aniq masalalari xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalariga va Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning milliy qonunlariga muvofiq alohida bitimlar bilan tartibga solinadi.
19-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar huquqni buzishlarga qarshi kurash olib borish masalalarida hamkorlik qiladilar, uyushgan jinoyatchilikka, korrupsiyaga, terrorizmga, gʻayriqonuniy emigratsiyaga, gʻayriqonuniy moliyaviy operatsiyalarga, narkotik va ruhiyatga taʼsir qiluvchi moddalar, zaharli ximikatlar, qurol-yarogʻ, portlovchi moddalar gʻayriqonuniy olib oʻtilishiga, havo qaroqchiligi va kontrabandaga qarshi kurash ham shu jumlaga kiradi. Tomonlar ushbu sohada tajriba va operativ axborotni oʻzaro ayirboshlaydilar, ushbu yoʻnalishda xalqaro hamkorlik doiralarida maslahatlashuvlar va qoʻshma tadbirlar oʻtkazadilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar huquqiy axborotni ayirboshlash, huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qoʻllash sohasida hamkorlik qiladilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar aytib oʻtilgan masalalar boʻyicha tegishli bitimlar tuzadilar.
20-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar yer va yerosti boyliklari hamda tabiiy resurslar ular hududida joylashgan Tomonning mutlaq mulki hisoblanishini oʻzaro eʼtirof etadilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar Tomonlar mol-mulkining huquqiy rejimi, shu jumladan ikkinchi Tomon hududidagi yuridik shaxslar va fuqarolarning mol-mulki, basharti Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi bitimlarda oʻzgacha hol nazarda tutilmagan boʻlsa, mol-mulk joylashgan Tomon qonunlari bilan tartibga solinishini tan oladilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri oʻz hududida ikkinchi Tomonga tegishli mulkchilik huquqi himoya qilinishini kafolatlaydi.
21-modda
Mazkur Shartnoma biror-bir davlatga qarshi qaratilmagan hamda Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning uchinchi mamlakatlar bilan tuzilgan amaldagi ikki tomonlama va koʻp tomonlama shartnomalar boʻyicha huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
22-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar mazkur Shartnomani talqin qilish va qoʻllash bilan bogʻliq boʻlgan nizolarni BMT Ustavining 33-moddasida nazarda tutilgan nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish tartib-qoidasidan foydalangan holda hal etadilar.
23-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro kelishuvga muvofiq mazkur Shartnomaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishlari mumkin, bu oʻzgartirish va qoʻshimchalar tegishli protokollar bilan rasmiylashtiriladi. Oʻzgartirish va qoʻshimchalar har ikkala Tomon ratifikatsiya qilgandan keyin kuchga kiradi hamda mazkur Shartnomaning ajralmas qismi hisoblanadi.
24-modda
Mazkur Shartnoma ratifikatsiya qilinishi kerak va ratifikatsiya yorliqlari ayirboshlangan kunda kuchga kiradi.
Mazkur Shartnoma oʻn yil muddatga tuziladi. Agar Oliy Ahdlashuvchi Tomonlardan hech biri ikkinchi Oliy Ahdlashuvchi Tomonni tegishli muddat tamom boʻlishidan kamida 12 oy oldin oʻzining Shartnomani bekor qilish niyati haqida yozma ravishda xabardor qilmasa, Shartnomaning amal qilishi keyingi besh yillik davrga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
25-modda
Mazkur Shartnoma kuchga kirgan kundan boshlab 1991-yil 21-aprelda Ashxabod shahrida imzolangan Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi bilan Turkmaniston Sovet Sotsialistik Respublikasi oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Shartnoma oʻz kuchini yoʻqotadi.
1996-yil 16-yanvarda, Chorjoʻy shahrida, har biri oʻzbek, turkman va rus tillarida boʻlgan ikki nusxada tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir.
Mazkur Shartnomaning qoidalarini talqin etishda kelishmovchiliklar kelib chiqqan taqdirda rus tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)