Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
UY-JOY MULKDORLARI SHIRKATLARINI QOʻLLAB-QUVVATLASHGA DOIR QOʻSHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Uy-joy mulkdorlari shirkatlarining faoliyatini rivojlantirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2002-yil 26-fevraldagi PF-3038-son Farmoniga muvofiq hamda uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyati uchun zarur qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatiga amaliy yordam koʻrsatish boʻyicha ishlari qoniqarsiz deb eʼtirof etilsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlari uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, aholiga kommunal xizmat koʻrsatish sohasida iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish uchun shaxsan javobgar ekanliklari toʻgʻrisida ogohlantirilsinlar.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
bir oy muddatda uylar atrofidagi yer uchastkalari shirkatlarga ulardan foydalanish huquqini beruvchi davlat dalolatnomalarini bergan holda qonunchilik tartibida biriktirib qoʻyilishini taʼminlasinlar, shuningdek ularni ishlab chiqarish faoliyati uchun turar joyga moʻljallanmagan binolar bilan taʼminlasinlar;
uy-joy fondida taʼmirlash-tiklash ishlari tannarxini pasaytirish maqsadida uy-joy mulkdorlari shirkatlarini zarur moddiy-texnika resurslari bilan pulli asosda, markazlashtirilgan tartibda taʼminlasinlar;
turar joylarning ichki muhandislik kommunikatsiyalarini rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlashni amalga oshirishda gaz, issiq va sovuq suvni hisobga olish kvartira priborlari majburiy tartibda oʻrnatilishini taʼminlasinlar;
turar joylarni rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash uchun pudratchilarni tanlash boʻyicha qonun hujjatlariga muvofiq tanlovlar (tenderlar) oʻtkazilishini tashkil etsinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 28-fevraldagi 112-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y.,2003-y., 4-son, 42-modda)
2003—2006-yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturini shakllantirishda 1991-yilgacha qurilgan uy-joylarning ichki muhandislik kommunikatsiyalarini va umumiy ravishda foydalaniladigan joylarini rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlashga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari uchun ajratiladigan markazlashtirilgan kapital qoʻyilmalar limiti umumiy hajmining 3 foizigacha miqdorda mablagʻ ajratsinlar;
yil choragi yakunlari boʻyicha mahalliy budjetlar daromad qismi mablagʻlarining prognozdan ortiqcha tushumlarining bir qismini 1991-yilgacha qurilgan uy-joylarning ichki muhandislik kommunikatsiyalarini va umumiy ravishda foydalaniladigan joylarini rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlashga yoʻnaltirsinlar;
uylar atrofidagi hududlarni obodonlashtirish, mavzelar ichidagi yoʻllar, yoʻlaklar, irrigatsiya tizimlarini taʼmirlash, tashqi yoritish va uy-joy mulkdorlari shirkatlariga biriktirilgan zonalarni koʻkalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish uchun budjetdan tashqari mablagʻlar va boshqa manbalar jalb etilishini taʼminlasinlar.
4. Belgilansinki, uy-joy mulkdorlari shirkatlari umumiy yigʻilishning roziligi bilan faoliyatdan olingan daromadlarini keyinchalik uy-joylarning ichki muhandislik kommunikatsiyalarini va umumiy ravishda foydalaniladigan joylarini rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash ishlarini amalga oshirish uchun maxsus depozit hisob raqamiga maqsadli yoʻnaltirgan holda sport-sogʻlomlashtirish va bolalar oʻyinlari markazlari va maydonchalari qurish va ulardan foydalanishni pulli asosda amalga oshirishlari mumkin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Markaziy bank, Davlat soliq qoʻmitasi va “Oʻzkommunxizmat” agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda:
Uy-joy mulkdorlari shirkatlarining qoʻshimcha faoliyat turlaridan olgan daromadlarining maxsus depozit hisob raqamiga tushishi va ulardan foydalanish tartibini;
1991-yilgacha qurilgan uy-joylarning ichki muhandislik kommunikatsiyalarini va umumiy ravishda foydalaniladigan joylarini rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash ishlarini mablagʻ bilan taʼminlash va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Tijorat banklariga uy-joy fondini mukammal taʼmirlashda maqsadli foydalanish uchun uy-joy mulkdorlari shirkatlariga 2019-yil 31-dekabrga qadar imtiyozli kreditlar ajratilishini nazarda tutish tavsiya etilsin.
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-dekabrdagi PF-5893-son Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2019-y., 06/19/5893/4150-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklari bilan birgalikda uy-joy mulkdorlari shirkatlariga imtiyozli shartlarda kreditlar ajratish tartibini bir oy muddatda ishlab chiqsin va qabul qilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
2020-yil 1-yanvardan boshlab kreditlar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasida, 2021-yil 1-yanvardan boshlab tijorat banklari tomonidan bozor tamoyillari asosida mustaqil ravishda oʻrnatiladigan stavkalarda foiz xarajatlarning bir qismini kompensatsiya qilish mexanizmini qoʻllash imkoniyati bilan beriladi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-dekabrdagi PF-5893-son Farmoniga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2019-y., 06/19/5893/4150-son)
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan ishlab chiqilgan 1991-yilgacha qurilgan uy-joylarning ichki muhandislik kommunikatsiyalarini va umumiy ravishda foydalaniladigan joylarini mukammal taʼmirlash jadvali ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. “Oʻzkommunxizmat” agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va Markaziy banki bilan birgalikda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining buyurtmanomalariga binoan 2002-yilning birinchi yarim yili mobaynida aholiga kommunal xizmat koʻrsatish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, moliya-xoʻjalik faoliyatini yuritish masalalari boʻyicha uy-joy mulkdorlari shirkatlari boshqaruvlari raislari va buxgalterlarining oʻqishini tashkil etsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “Oʻzkommunxizmat” agentligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga ushbu qarorga muvofiq amaldagi qonun hujjatlari va normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari K.N. Toʻlaganov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 1-mart,
74-son
1991-yilgacha qurilgan uy-joylarning umumiy ravishda foydalaniladigan joylarini va muhandislik kommunikatsiyalarini mukammal taʼmirlashning 2002—2006-yillarga moʻljallangan
JADVALI
JADVALI
|
Mintaqalar |
1991-yilgacha qurilgan, mukammal taʼmirlanishi kerak boʻlgan uylar soni, hammasi |
Zarur mablagʻlar miqdori (1991-yilgi narxlarda), ming soʻm |
Shu jumladan (ming soʻm) |
Taʼmirlanadigan uy-joylar sonining yillar boʻyicha taqsimlanishi | ||||||||||
|
budjet mablagʻlari (70%) |
budjetdan tashqari manbalar (30%) |
2002 yil |
2003 yil |
2004 yil |
2005 yil |
2006 yil | ||||||||
| Qoraqalpogʻiston Respublikasi | 504 | 16884 | 11819 | 5065 | 47 | 115 | 114 | 114 | 114 | |||||
| viloyatlar: | | | | | | | | | | |||||
| Andijon | 653 | 24624 | 17237 | 7387 | 76 | 145 | 144 | 144 | 144 | |||||
| Buxoro | 593 | 33504 | 23453 | 10051 | 72 | 131 | 130 | 130 | 130 | |||||
| Jizzax | 422 | 11873 | 8311 | 3562 | 41 | 96 | 95 | 95 | 95 | |||||
| Qashqadaryo | 803 | 30757 | 21530 | 9227 | 65 | 186 | 184 | 184 | 184 | |||||
| Navoiy | 103 | 3967 | 2777 | 1190 | 25 | 21 | 19 | 19 | 19 | |||||
| Namanagn | 368 | 17318 | 12123 | 5195 | 46 | 82 | 80 | 80 | 80 | |||||
| Samarqand | 915 | 25313 | 17719 | 7594 | 116 | 200 | 200 | 200 | 199 | |||||
| Surxondaryo | 350 | 8006 | 5604 | 2402 | 86 | 66 | 66 | 66 | 66 | |||||
| Sirdaryo | 893 | 34703 | 24292 | 10411 | 70 | 206 | 206 | 206 | 206 | |||||
| Toshkent | 2651 | 85769 | 60039 | 25731 | 216 | 604 | 608 | 608 | 614 | |||||
| Fargʻona | 579 | 19850 | 13895 | 5955 | 92 | 122 | 122 | 122 | 121 | |||||
| Xorazm | 865 | 26258 | 18380 | 7877 | 60 | 201 | 201 | 201 | 201 | |||||
| Toshkent shahri | 3647 | 180902 | 126631 | 54271 | 488 | 789 | 789 | 789 | 789 | |||||
| Hammasi | 13346 | 519728 | 363809 | 155919 | 1500 | 2958 | 2958 | 2958 | 2958 | |||||
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 5-6-son, 39-modda; 2003-y., 4-son, 42-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2019-y., 06/19/5893/4150-son)