Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida tashqi savdo operatsiyalari monitoringini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2014-yil 21-iyuldagi 199-son qaroriga qoʻshimcha kiritish haqida
Davlat sirlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlgan tashqi savdo kontraktlari boʻyicha axborotlarning zarur darajada saqlanishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida tashqi savdo operatsiyalari monitoringini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2014-yil 21-iyuldagi 199-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2014-y., 7-son, 74-modda) quyidagi mazmundagi 31-band qoʻshilsin:
“31. Davlat sirlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlgan tashqi savdo kontraktlari Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritilmaydi.
Davlat sirlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlgan tashqi savdo kontraktlari, shuningdek ushbu kontraktlarni bajarish bilan bogʻliq hujjatlar bojxona xizmati organlariga va xizmat koʻrsatuvchi bankka belgilangan tartibda taqdim etiladi.
Davlat sirlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlgan tashqi savdo kontraktlari boʻyicha yuk bojxona deklaratsiyalari bojxona xizmati organlari tomonidan qogʻoz shaklida rasmiylashtiriladi. Bunday kontraktlar boʻyicha toʻlovlar va mablagʻlarni oʻtkazish xizmat koʻrsatuvchi banklar tomonidan kontrakt shartlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Davlat sirlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlgan tashqi savdo kontraktlari boʻyicha muddati oʻtgan debitorlik qarzlari toʻgʻrisida va valyuta operatsiyalari monitoringi masalalari boʻyicha valyuta nazorati organlari va banklar oʻrtasidagi axborot almashuvi belgilangan tartibda amalga oshiriladi”.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 31-dekabr,
374-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 1-son, 6-modda)