Norasmiy tarjima
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Taʼlim boʻyicha global hamkorlik granti - begʻaraz texnik koʻmagidan foydalangan holda “Maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlimni takomillashtirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Bolalarni maktabgacha taʼlim muassasalari negizida, ayniqsa qishloq joylarida sifatli taʼlim va tarbiya olish imkoniyatini kengaytirish, zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini joriy etish orqali umumtaʼlim maktablarida oʻquv jarayonini samarali etish, pedagoglarning malakasini oshirish shakllari va usullarini takomillashtirish, shuningdek, taʼlim boʻyicha Global hamkorlik tashkiloti va Jahon banki bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
2014-yil 28-iyun kuni Taʼlim boʻyicha global hamkorlik tashkiloti (keyingi oʻrinlarda — TBGHT) direktorlar Kengashi tomonidan “Maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlimni takomillashtirish” loyihasini (keyingi oʻrinlarda — loyiha) amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasiga 49,9 mln AQSH dollari miqdorida bepul texnik yordam (keyingi oʻrinlarda — grant) taqdim etish toʻgʻrisidagi talabnomasi maʼqullanganligi;
2014-yil 29-oktabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi hamda Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki oʻrtasida (keyingi oʻrinlarda — Jahon banki) loyihani moliyalashtirish boʻyicha 49,9 mln AQSH dollari miqdoridagi Grant bitimi imzolanganligi;
Oʻzbekiston Respublikasining loyihani amalga oshirishdagi hissasi 4,2 mln AQSH dollari ekvivalentida loyiha doirasida Toshkent shahrida taʼlim muassasalariga tovarlarni (grant mablagʻlari hisobidan sotib olingan) yetkazib berish xarajatlarini qoplash;
16,7 mln AQSH dollari ekvivalentidagi qoʻshimcha hissasi grant mablagʻlari hisobidan sotib olinadigan tovarlar, ishlar va xizmatlarni soliqlardan va boshqa majburiy toʻlovlardan ozod qilish tarzidagi imtiyozlar berish orqali taʼminlash;
loyihani amalga oshirish muddati 5 yilni (2014 — 2018-yillar) tashkil etishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
Jahon banki loyihani moliyalashtirishni tashkil etish boʻyicha TBGHT boshqaruvchi agent hisoblanadi.
grant mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish, shuningdek, loyihani oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun masʼul ijro etuvchi organ Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hisoblanadi.
3. “Maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlimni takomillashtirish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*Ilova berilmaydi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi va Jahon banki oʻrtasidagi Grant bitimi boʻyicha belgilangan tartibda yuridik xulosa bersin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi:
bir oy muddatda grant doirasida yollangan konsultantlar orasidan Loyihani boshqarish guruhini tuzish, unga loyihani koordinatsiyasi va uni amalga oshirish vazifalarini yuklash;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda grant mablagʻlari hisobidan jihozlanadigan maktabgacha taʼlim muassasalarida bolalarning qisqa muddatli guruhlar tashkil etish boʻyicha choralar koʻrsin, shu bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoʻshimcha ajratiladigan shtat birliklarini nazarda tutsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha har yili amalga oshiriladigan tadbirlar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan qurilish-taʼmirlash ishlarining manzilli roʻyxatiga maktabgacha taʼlim muassasalari, umumtaʼlim maktablari va xalq taʼlimi pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutlari binolarini rekonstruksiya qilish va taʼmirlashni nazarda tutsin, grant mablagʻlari hisobidan ularni zamonaviy asbob-uskunalar, inventar va mebellar bilan jihozlash ishlash bilan chambarchas bogʻliq holda chora-tadbirlarini amalga oshirilishini taʼminlasin.
7. Loyihani amalga oshirish doirasida qonun hujjatlariga muvofiq quyidagilarni inobatga olinsin:
grant mablagʻlari hisobidan olingan ish haqi koʻrinishidagi daromadlar uchun yagona ijtimoiy toʻlov va sugʻurta badallari undirilmaydi;
grant mablagʻlari hisobidan olib keladigan va sotib olinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) bojxona toʻlovlaridan, qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinadi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga grantning hisob-kitob xizmatlarini koʻrsatish vazifasi yuklansin.
9. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aksiyadorlik kompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining buyurtmasiga binoan respublika aeroportlarida grant mablagʻlari hisobidan kelgan yuklarni qayta ishlash, ishlov berish va saqlash uchun haq undirmasdan xizmat koʻrsatsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Xalq taʼlimi vazirligining buyurtmasiga koʻra loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari konsullik va boshqa yigʻimlar undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Xalq taʼlimi vazirligining buyurtmasiga koʻra loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirilmasdan belgilangan tartibda koʻp martalik vizalar rasmiylashtirilishini, berilishini va uzaytirilishini, shuningdek, vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazilishini uzaytirilishini taʼminlasin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 30-dekabr,
371-son