Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarboyjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Xalqaro temir yoʻl aloqasi sohasidagi oʻzaro munosabatlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ozarboyjon Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataladi,
har ikkala mamlakat oʻrtasida temir yoʻl aloqasi amalga oshirilishini, shuningdek ular hududi orqali uchinchi mamlakatlarga tranzit oʻtishni yengillashtirishga intilib,
har ikkala davlat temir yoʻl transportini muvofiqlashtirishga va uning birgalikdagi faoliyatiga muhim ahamiyat berib,
oʻz munosabatlarini oʻzaro yordam va oʻzaro foyda olish asosida rivojlantirishni istab,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashdilar:
1-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar Hamdoʻstlik aʼzolari boʻlgan davlatlar temir yoʻl maʼmuriyatlari boshliqlari Kengashi tomonidan qabul qilingan davlatlararo va xalqaro aloqalarda muvofiqlashtirilgan tarif siyosatini amalga oshirishni zarur deb tan oldilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz mamlakatlari oʻrtasida yoʻlovchilar va yuklarni temir yoʻlda tashishni mazkur Bitim imzolangan paytda amalda boʻlgan normativ hujjatlar asosida amalga oshirishga kelishdilar.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasidan tranzit orqali Ozarboyjon Respublikasi hududi boʻyicha va Ozarboyjon Respublikasidan Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻyicha temir yoʻl transportida yoʻlovchilar va yukni tranzit tashishga nisbatan ushbu yoʻnalishlarda qoʻshimcha tranzit yuk oqimlarini jalb etish maqsadida tarif siyosatini ishlab chiqishda oʻz saʼy-harakatlarini muvofiqlashtirishga kelishdilar.
2-modda
Hamdoʻstlik qatnashchilari boʻlgan davlatlarning hisob-kitoblarning xalqaro prinsiplariga oʻtishlari munosabati bilan Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz temir yoʻllari doirasida tranzit uchastkalar kesib oʻtiladigan yuk tashishlar uchun oʻzlari oʻrtasidagi har oylik saldo hisob-kitoblarni amalga oshirishga kelishdilar.
3-modda
Yangi shartnomalar va bitimlar tuzilgunga qadar Ahdlashuvchi Tomonlar yoʻlovchilar va yuklarni temir yoʻl transporti bilan xalqaro tashish toʻgʻrisidagi Bitimdagi va mazkur Bitim imzolangan paytda amalda boʻlgan boshqa shartnomalardagi oʻz ishtiroklarini saqlab qoladilar.
4-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar yuk tashishlarni va transport-ekspeditsiya faoliyatining boshqa turlarini amalga oshirishga berilgan litsenziyalarni, guvohnomalarni va oʻzlarining ichki qonunchiligiga muvofiq berilgan lokomotivlarni va harakat qiladigan sostavlarni boshqarishga va ularga hamrohlik qilishga berilgan boshqa hujjatlarni oʻz hududlarida oʻzaro tan oladilar.
5-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar:
oʻz hududlarida temir yoʻllarning mavjud Ustavi, temir yoʻl transporti ishini tartibga soluvchi qoidalar, nizomlar, yoʻriqnomalar, standartlar, texnik shartlar va boshqa normativ hujjatlar amal qilishi saqlanib qolishiga;
temir yoʻl transporti boshqarmasining tegishli organlariga hamkorlik, hamkorlikni yanada rivojlantirishga koʻmaklashuvchi ilmiy axborot ayirboshlash va boshqa axborotni ayirboshlash boʻyicha muzokaralar oʻtkazish huquqini berishga;
oʻzaro kelishuv asosida temir yoʻl transporti ishini tartibga soluvchi hamda Tomonlarning manfaatlariga daxl etuvchi amaldagi normativ hujjatlarni oʻzgartirishga va yangilarini joriy etishga kelishdilar.
6-modda
Oziq-ovqat, don, neft mahsulotlari va boshqa yuklar uzluksiz olib chiqib ketilishi va tashilishi maqsadida Ahdlashuvchi Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasiga va Ozarboyjon Respublikasiga tegishli boʻlgan oʻz vagonlari va ijaraga olingan vagonlar oʻz vaqtida qaytarilishini taʼminlaydilar.
7-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar temir yoʻl xodimlari ikkinchi davlat hududida boʻlgan vaqtlarida ular oʻz xizmat vazifalarini bajarishlariga koʻmaklashish, shuningdek toʻsatdan kasal boʻlib qolganlari yoki jarohat olganlarida tekin tibbiy yordam koʻrsatish majburiyatini oʻz zimmalariga oladilar.
8-modda
Mazkur Bitimning ayrim moddalarini talqin qilish va bajarish bilan bogʻliq paydo boʻlishi mumkin boʻlgan barcha nizoli masalalar muzokaralar va maslahatlashuvlar yoʻli bilan hal etiladi.
9-modda
Mazkur Bitimning bajarilishi uchun masʼuliyatli boʻlgan Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari:
Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksionerlik kompaniyasi;
Ozarboyjon Respublikasiga nisbatan — Ozarboyjon davlat temir yoʻllari hisoblanadi.
10-modda
Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuzilgan va imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
Ahdlashuvchi Tomonlardan istalgan biri mazkur Bitimning toʻxtatilishi yoki bekor qilinishi moʻljallanayotgan sanadan kamida uch oy oldin bu haqda ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonni yozma ravishda xabardor qilgan holda mazkur Bitimning amal qilishini toʻxtatishga yoki uni bekor qilishga haqlidir.
1996-yil 27-mayda Baku shahrida oʻzbek, ozarboyjon va rus tillarida ikki nusxada tuzildi.
Mazkur Bitimning qoidalarini talqin qilish maqsadida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)