Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“LUKOYL Oversiz Uzbekistan Ltd.” kompaniyasi bilan mahsulotni taqsimlash toʻgʻrisidagi Bitimni amalga oshirishni davom ettirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi bilan “LUKOYL” neft kompaniyasi” OAJ va “Oʻzbekneftgaz” MXK tarkibidagi investorlar konsorsiumi oʻrtasida Qandim konlari guruhi, Xauzak va Shodi uchastkalari, shuningdek Qoʻngʻirot uchastkasiga oid mahsulotni taqsimlash toʻgʻrisidagi Bitimni amalga oshirish doirasida Qandim konlari guruhini kompleks obodonlashtirish va Qandim gazni qayta ishlash zavodi qurilishini taʼminlash maqsadida:
1. “Gazni qayta ishlash zavodi kompleksini qurish va Qandim konlari guruhini obodonlashtirish” investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida:
operator “LUKOYL Uzbekistan Opereyting Kompani” MCHJ tomonidan loyiha obyektlarini qurish boʻyicha texnik-iqtisodiy asoslar va ishchi hujjatlar belgilangan tartibda ishlab chiqilayotgani;
uskunalarni yetkazib berish, gazni qayta ishlash zavodi kompleksini qurish va Qandim konlari guruhini obodonlashtirish uchun pudratchini tanlash boʻyicha tanlov savdolarining natijalariga koʻra “Nyundai Engineering So., Ltd.” (Koreya Respublikasi) kompaniyasi boshchiligida gʻolib-konsorsium aniqlangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Oʻzbekneftgaz” MXK hamda “LUKOYL Oversiz Uzbekistan Ltd.” kompaniyasining:
“Nyundai Engineering So., Ltd.” kompaniyasi bilan “LUKOYL Uzbekistan Opereyting Kompani” MCHJ oʻrtasida uskunalar yetkazib berish, gazni qayta ishlash zavodi kompleksini qurish va Qandim konlari guruhini obodonlashtirish toʻgʻrisida barcha ishlarni “tayyor holda topshirish” sharti bilan, umumiy qiymati 2 662 mln AQSH dollari miqdorida boʻlgan shartnomani tuzish;
2018-yilning 1-iyuligacha Qandim gazni qayta ishlash zavodining birinchi navbati ishga tushirilishini taʼminlash;
Qandim konlari guruhi uchastkasi, Xauzak va Shodi uchastkalari, shuningdek Qoʻngʻirot uchastkasiga oid mahsulotni taqsimlash toʻgʻrisidagi Bitimning amal qilish muddatini 7 yilga uzaytirish;
“Oʻztransgaz” AK bilan ushbu Bitim doirasida qazib olinadigan tabiiy gazni eksportga sotish boʻyicha 10 yil muddatga uzoq muddatli hadli shartnoma tuzish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
3. 2015-yilning 1-apreligacha “Oʻzbekneftgaz” MXK “LUKOYL Oversiz Uzbekistan Ltd.” kompaniyasi bilan birgalikda “Gazni qayta ishlash zavodi kompleksini qurish va Qandim konlari guruhini obodonlashtirish” loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini tasdiqlash uchun belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritishni taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Bitimni amalga oshirish boʻyicha vakolatli organ sifatida “Oʻzbekneftgaz” MXK va “LUKOYL Oversiz Uzbekistan Ltd.” kompaniyasi bilan birgalikda mazkur qaror bilan maʼqullangan shart-sharoitlarni hisobga olgan holda Bitimga zarur oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi “Oʻzbekenergo” DAK, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” DATK, “Oʻzbekneftgaz” MXK, Moliya vazirligi va “LUKOYL Uzbekistan Opereyting Kompani” MCHJ bilan birgalikda bir oy muddatda Qandim gazni qayta ishlash zavodini tashqi elektr taʼminoti obyektlari, shuningdek Qandim gazni qayta ishlash zavodiga boradigan yoʻllar va temir yoʻl transporti infratuzilmasi qurilishini taʼminlash boʻyicha tegishli hukumat qarori loyihasini tayyorlab, tasdiqlash uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Noruda foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining komissiyasi (R.S. Azimov) tomonidan “Oʻzbekneftgaz” MXK va Davlat geologiya qoʻmitasining taqdimnomasi boʻyicha mazkur loyiha doirasida obyektlar qurilishida xomashyo sifatida foydalanish uchun, tender savdolarini oʻtkazmasdan, toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar asosida “LUKOYL Uzbekistan Opereyting Kompani” MCHJga Olot va Qoraqoʻl konlaridan (1966) lyossimon jinslarni hamda Buxoro viloyatida joylashgan Quyimozor, Quyimozor II va Jalvanchoʻl konlaridan qum-shagʻal materiallar olish uchun yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini taqdim etadigan litsenziya berilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahsulotni taqsimlash toʻgʻrisidagi Bitimni amalga oshirish doirasida Qandim konlari guruhini kompleks obodonlashtirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2011-yil 16-dekabrdagi PQ-1661-sonli qarori 2-bandining uchinchi va toʻrtinchi xatboshilari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2014-yil 13-noyabr,
PQ-2262-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 47-son, 558-modda)