Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Toʻraqoʻrgʻon issiqlik elektr stansiyasi qurilishi” loyihasini amalga oshirishda birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Energiyani tejaydigan zamonaviy yuqori samarali texnologiyalarni joriy etish hisobiga energiya ishlab chiqarish quvvatlarini yanada rivojlantirish, mamlakat energetika tizimi faoliyatining pishiq-puxtaligini yanada oshirish va respublika isteʼmolchilarini elektr energiyasi bilan barqaror taʼminlash maqsadida:
1. Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi tomonidan “Toʻraqoʻrgʻon issiqlik elektr stansiyasi qurilishi” loyihasini amalga oshirish uchun 40 yil muddatga, 10 yil imtiyozli davrni oʻz ichiga olgan holda, 71 839 mln. Yaponiya iyenasi (ekvivalenti 704 mln. AQSH dollariga teng) miqdorda qarz berilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
mazkur loyihaning oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirilishi, shuningdek Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining qarz mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishi uchun “Oʻzbekenergo” DAK ijro etuvchi organ hisoblanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining qarziga xizmat koʻrsatuvchi moliyaviy agent hisoblanadi;
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining qarzini uzish, shuningdek foizlar, komissiyalarni toʻlash bilan bogʻliq sarf-xarajatlar “Oʻzbekenergo” DAKning shaxsiy mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziriga Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi bilan qarz bitimini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va “Oʻzbekenergo” DAK bilan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining qarzidan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi agentlik bitimini Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan imzolash vakolati berilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi oʻrtasidagi qarz bitimi boʻyicha belgilangan tartibda huquqiy xulosa bersin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Yaponiyaning “Tokio-Mitsibushi UFJ. Ltd.” banki bilan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi qarzidan foydalanish maqsadida banklararo bitim tuzsin.
6. “Oʻzbekenergo” DAK uch oy muddatda “Toʻraqoʻrgʻon issiqlik elektr stansiyasi qurilishi” loyihasining texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqib, vakolatli ekspertiza organlari bilan kelishilgan holda, belgilangan tartibda tasdiqlatish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini taʼminlasin.
7. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Gʻ.I. Ibragimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2014-yil 7-noyabr,
PQ-2260-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 46-son, 550-modda)