Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ustav kapitalidagi qoʻshimcha aksiyalarga obuna boʻlishi toʻgʻrisida
Xalqaro taraqqiyot uyushmasi bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, shuningdek uyushmaning ustav kapitali koʻpayishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining undagi boshlangʻich ulushini saqlab qolish maqsadida:
1. Xalqaro taraqqiyot uyushmasi (XTU) Boshqaruvchilar kengashi tomonidan XTUning ustav kapitalini koʻpaytirish va XTUga aʼzo mamlakatlarning XTU ustav kapitalidagi ulushlarini saqlab qolish maqsadida qoʻshimcha aksiyalarga obuna boʻlishlarini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Markaziy bankining XTUning ustav kapitalidagi 7972 ta aksiyaga, shu jumladan nominal qiymati 25 AQSH dollari boʻlgan jami 54,3 ming AQSH dollari miqdoridagi 2172 ta haq toʻlanadigan aksiya hamda 5800 ta haq toʻlanmaydigan aksiyalarga obuna boʻlish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziriga Oʻzbekiston Respublikasini XTUning ustav kapitalidan qoʻshimcha aksiyalar xarid qilish niyati borligi toʻgʻrisidagi yozma majburiyatni Oʻzbekiston Respublikasi nomidan imzolash vakolati berilsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki, XTUning ustav kapitalidagi 2172 ta haq toʻlanadigan aksiyalar uchun toʻlov Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan XTUning Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankidagi hisobvaragʻida joylashtiriladigan hamda XTUning talabiga binoan belgilangan tartibda soʻndiriladigan milliy valyutada ekvivalent qiymatda boshqaga oʻtkazilmaydigan veksel chiqarish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki obuna boʻlish toʻgʻrisidagi hujjat yuborilgandan soʻng 31 kun mobaynida milliy valyutada 54300 AQSH dollariga ekvivalent qiymatdagi boshqaga oʻtkazilmaydigan foizsiz veksel chiqarib, uni XTUning Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankidagi qimmatli qogʻozlar hisobvaragʻiga joylashtirsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Jahon banki guruhi bilan hamkorlik qilish doirasida vakolatli ishchi organ sifatida:
Oʻzbekiston Respublikasi nomidan XTUning ustav kapitalidagi qoʻshimcha aksiyalarga obuna boʻlish toʻgʻrisidagi hujjatning XTUga oʻz vaqtida yoʻllanishini taʼminlasin;
boshqaga oʻtkazilmaydigan foizsiz veksel chiqarilib, XTUning Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankidagi qimmatli qogʻozlar hisobvaragʻiga qoʻyilganligi toʻgʻrisida XTUni xabardor qilsin.
7. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2014-yil 31-oktabr,
PQ-2254-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 45-son, 542-modda)