Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Sport maktablarini malakali trener kadrlar bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Sport maktablarini malakali trener kadrlar bilan taʼminlash, trenerlik faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarning kasbiy bilimlari va koʻnikmalarini oshirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Vazirlar Mahkamasining “Sport maktablari faoliyatini hamda sport maktablari trenerlari va mutaxassislari mehnatini moddiy ragʻbatlantirish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2010-yil 23-sentabrdagi 211-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan sport maktablari toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq sport maktablarining trener-oʻqituvchilar tarkibi oliy yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar jismoniy tarbiya maʼlumotiga hamda sport boʻyicha trenerlar yoki trener-oʻqituvchilar sifatida trenerlik faoliyati bilan shugʻullanishga malaka oshirganlik haqidagi sertifikatga ega boʻlgan yoki taʼlim muassasalarining sport faoliyati hamda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi taʼlim yoʻnalishini bitirib, tegishli sport turi boʻyicha trener lavozimida ishlayotganiga uch yildan oshmagan mutaxassislardan butlanadi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-fevraldagi 88-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2022-y., 09/22/88/0165-son — 2022-yil 1-martrdan kuchga kiradi)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi va Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazining 2014/2015-2017/2018 oʻquv yillari davrida sport maktablarida trenerlik faoliyatini amalga oshirayotgan va tegishli jismoniy tarbiya maʼlumotiga ega boʻlmagan shaxslarni pedagogika va sport kollejlarida jismoniy tarbiya va sport mutaxassisliklari boʻyicha pulli-kontrakt asosida oʻqitishni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi 2014/2015 oʻquv yilidan boshlab sport maktablarida trenerlik faoliyatini amalga oshirayotgan va tegishli jismoniy tarbiya maʼlumotiga ega boʻlmagan shaxslarni oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim dasturlariga muvofiq jismoniy tarbiya va sport mutaxassisliklari boʻyicha pulli-kontrakt asosida oʻqitishni belgilangan tartibda tashkil etsin (oʻqish 1 yil 10 oy (22 oy) davom etadi).
4. Oliy yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar jismoniy tarbiya maʼlumotiga ega boʻlmagan va jismoniy tarbiya va sport mutaxassisliklari boʻyicha kasb-hunar kollejlarida yoki oliy taʼlim muassasalarida oʻqiyotgan shaxslarga trener-yoʻriqchi sifatida trenerlik faoliyati bilan shugʻullanishga berilgan ruxsatnoma asosida sport maktablarida trenerlar yoki trener-oʻqituvchilar lavozimlarida ishlashga 2018-yil 1-sentabrgacha istisno tariqasida ruxsat berilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Madaniyat va sport ishlari vazirligi bilan birgalikda 2014-yil 10-oktabrgacha respublika hududlari boʻyicha jismoniy tarbiya va sport sohasida ikkinchi mutaxassislikka ega boʻlish xohishini bildirgan shaxslar roʻyxatini tuzsin va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markaziga taqdim etsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Madaniyat va sport ishlari vazirligi bilan birgalikda:
bir oy muddatda pedagogika va sport kollejlarida jismoniy tarbiya va sport sohasida ikkinchi mutaxassislik boʻyicha sport turlari boʻyicha tabaqalashtirilgan taʼlim jarayonining ilmiy-metodik asoslari, oʻquv-metodik hujjatlari va uni birxillashtirish mexanizmlari, oʻquv rejalari va oʻqitish dasturlari ishlab chiqilishi va belgilangan tartibda tasdiqlanishini;
jismoniy tarbiya va sport sohasida ikkinchi mutaxassislik boʻyicha taʼlim olayotganlarga tegishli tarqatma materiallar (dasturlar, oʻquv qoʻllanmalari, maʼruzalar matnlari va shu kabilar) berilishini, ularni, zaruriyat boʻlganda, talabalar yashash joylariga joylashtirishni nazarda tutgan holda ularga taʼlim muassasalarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobiga zarur shart-sharoitlar yaratilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishgan holda Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasalarida pulli-kontrakt asosida oʻqitish uchun toʻlov miqdorlarini belgilasin.
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-noyabrdagi 918-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.11.2019-y., 09/19/918/4038-son)
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 10-oktabr,
284-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 42-son, 519-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.11.2019-y., 09/19/918/4038-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2022-y., 09/22/88/0165-son)