Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Samarqand shahrida “Forumlar majmuasi” kompleksini tashkil etish va undan samarali foydalanishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Samarqand shahrining yirik ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ilmiy va madaniy markaz sifatida tobora ortib borayotgan xalqaro nufuzini eʼtiborga olib, shuningdek Samarqand shahrida xalqaro forumlar, anjumanlar va boshqa tantanalarni oʻtkazish uchun zamonaviy shart-sharoitlar hamda tegishli infratuzilmalar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Samarqand viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining:
Samarqand shahridagi “Rasmiy mehmonlar qabullar uyi” kompleksi negizida — “Forumlar majmuasi” kompleksini;
Samarqand shahridagi “Rasmiy mehmonlar qabullar uyi”dan foydalanish va xizmat koʻrsatish boshqarmasi negizida — “Forumlar majmuasi” kompleksidan foydalanish va xizmat koʻrsatish boshqarmasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Belgilab qoʻyilsinki, Samarqand shahridagi “Forumlar majmuasi” kompleksi yirik xalqaro iqtisodiy va madaniy forumlar, ilmiy anjumanlar va konferensiyalar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining mustaqillik yillarida erishgan yutuqlarini hamda iqtisodiy oʻzgarishlarni chuqurlashtirish va rivojlangan demokratik davlat qurish borasida toʻplangan tajribasini ochib beradigan ijtimoiy-siyosiy tadbirlarni oʻtkazish markazi hisoblanadi.
3. Samarqand shahridagi “Forumlar majmuasi” kompleksidan foydalanish va xizmat koʻrsatish boshqarmasi xodimlarining umumiy cheklangan soni 120 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlari — 5 nafar etib belgilansin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Belgilab qoʻyilsinki, Samarqand shahridagi “Forumlar majmuasi” kompleksidan foydalanish va xizmat koʻrsatish boshqarmasi taʼminoti boʻyicha xarajatlar Samarqand viloyati mahalliy budjetining tasdiqlangan parametrlari doirasida amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Samarqand viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Adliya vazirligi bilan kelishgan holda bir hafta muddatda Samarqand shahridagi “Forumlar majmuasi” kompleksi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Yigʻma axborot-tahlil departamenti Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻn kun muddatda normativ-huquqiy hujjatlarga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Samarqand viloyati hokimi Z.T. Mirzayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 25-sentabr,
271-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 39-son, 491-modda)