Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Mis ishlab chiqarish zavodida yangi eritish pechini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
“Olmaliq KMK” OAJning ishlab chiqarish quvvatlarini yanada modernizatsiya qilish, mis ishlab chiqarishda energiyani tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, Olmaliq shahrida energiya resurslaridan oqilona foydalanishni taʼminlash va ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida:
1. “Mis ishlab chiqarish zavodida yangi eritish pechini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida belgilangan tartibda:
kapital qoʻyilmalarining umumiy qiymati 97,7 mln AQSH dollariga ekvivalent miqdorda boʻlgan loyihaning texnik-iqtisodiy asosi ishlab chiqilganligi hamda vakolatli organlar tomonidan ekspertizasi oʻtkazilganligi;
tender savdolari natijalariga koʻra “Olmaliq KMK” OAJ hamda “Engineering Dobersek GmbH” kompaniyasi (Germaniya) oʻrtasida umumiy qiymati 89,6 mln AQSH dollariga ekvivalent miqdorda boʻlgan yangi eritish pechini foydalanishga tayyor holda qurish toʻgʻrisida shartnoma tuzilganligi hamda bunda mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib berilishi inobatga olinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar “Mis ishlab chiqarish zavodida yangi eritish pechini qurish” loyihasini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
“Olmaliq KMK” OAJning oʻz mablagʻlari, shu jumladan 34,6 mln AQSH dollariga ekvivalent miqdordagi maxsus investitsiya hisobvaraqlaridagi mablagʻlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining “Ipoteka-bank” ATIB orqali qayta moliyalashtiriladigan, 7 yil muddatga, shu jumladan 3 yil imtiyozli davr bilan, yillik 4,0 foiz stavkali, qayta moliyalashtiradigan bankning 1,0 foiz marjasini hisobga olgan holda, beriladigan 29,0 mln AQSH dollari miqdoridagi krediti;
“Ipoteka-bank” ATIBning umumiy qiymati 34,1 mln AQSH dollariga ekvivalent miqdorda boʻlgan, 10 yil muddatga, shu jumladan 2,5 yil imtiyozli davr bilan beriladigan, “Oyler Germes” (Germaniya) kompaniyasining sugʻurtasi bilan qoplanadigan “Kommersbank” (Germaniya)ning kredit liniyasi mablagʻlari hisobidan qayta moliyalashtiriladigan krediti.
3. Quyidagilar:
“Mis ishlab chiqarish zavodida yangi eritish pechini qurish” investitsiya loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari va 2016-yilning sentabrida foydalanishga topshirish muddati koʻrsatilgan texnik- iqtisodiy asosi 1-ilovaga* muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi kreditini soʻndirishning prognoz jadvali 2-ilovaga* muvofiq;
“Ipoteka-bank” ATIB kreditini soʻndirishning prognoz jadvali 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*1 — 3-ilovalar berilmaydi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziriga mazkur loyihani moliyalashtirish uchun jalb etilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining qayta moliyalashtiriladigan krediti boʻyicha “Olmaliq KMK” OAJning “Ipoteka-bank” ATIB oldidagi majburiyatlari yuzasidan belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining davlat kafolatini berish vakolati berilsin.
5. “Ipoteka-bank” ATIBga, istisno tariqasida, mazkur loyihani amalga oshirish doirasida “Olmaliq KMK” OAJ bilan bir qarzdor yoki oʻzaro daxldor boʻlgan qarzdorlar guruhiga toʻgʻri keluvchi tavvakkalchilikning eng yuqori darajasi boʻyicha normativ qoʻllanmagan holda 31,4 mln AQSH dollari miqdoridagi kredit shartnomasini tuzishga ruxsat berilsin.
6. Quyidagilar belgilansin:
“Olmaliq KMK” OAJ qarz oluvchi hamda mazkur loyihani amalga oshirilishi, jalb etilayotgan kreditlarning maqsadli va samarali ishlatilishi uchun masʼul boʻlgan ijro etuvchi organ hisoblanadi;
jalb etilayotgan kreditlarni soʻndirish va ularga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar “Olmaliq KMK” OAJning oʻz mablagʻlari, shu jumladan maxsus investitsiya hisobvaraqlaridagi mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi;
“Olmaliq KMK” OAJ bilan ““Engineering Dobersek GmbH”” kompaniyasi (Germaniya) oʻrtasida tuzilgan import shartnomasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalanilishi nazarda tutilgan mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarning mahsulotlari (ishlari, xizmatlari)ni yetkazib berish Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegaralarini kesib oʻtmasdan amalga oshiriladi va bojxonada rasmiylashtirilmaydi.
7. “Mis ishlab chiqarish zavodida yangi eritish pechini qurish” loyihasini amalga oshirish doirasida:
respublikada ishlab chiqarilmaydigan, “Olmaliq KMK” OAJ tomonidan olib kelinadigan, shu jumladan “vaqtincha olib kirish” rejimida olib kelinadigan materiallar, maxsus transport vositalari, asboblar, uskunalar va ularning ehtiyot qismlari, shuningdek texnik va loyiha hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha 2016-yilning 1-sentabriga qadar bojxona toʻlovlaridan (bojxonada rasmiylashtirish yigʻimlari bundan mustasno);
“Olmaliq KMK” OAJ Oʻzbekiston Respublikasining norezidentidan olinadigan ishlar (xizmatlar) boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlashdan;
“Engineering Dobersek GmbH” kompaniyasi (Germaniya) va uning yordamchi pudratchi tashkilotlari — Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi toʻlashdan ozod qilinsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi belgilangan tartibda loyiha-smeta hujjatlarining davlat ekspertizasidan oʻtkazilishini taʼminlasin hamda mazkur loyihani amalga oshirish doirasida qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini oʻrnatsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Olmaliq KMK” OAJning buyurtmanomalariga binoan ushbu loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga konsullik va boshqa yigʻimlarni undirmagan holda koʻp martalik kirish vizalarini belgilangan tartibda rasmiylashtirishni taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Olmaliq KMK” OAJning buyurtmanomalariga binoan ushbu loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga belgilangan tartibda davlat bojlari undirmasdan koʻp martalik vizalar berilishini va ularning muddati uzaytirilishini, shuningdek ularning yashash joyi boʻyicha vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazilishini va uning muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi “Olmaliq KMK” OAJning talabnomalariga binoan ushbu loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni Oʻzbekiston Respublikasiga jalb etishga belgilangan tartibda ruxsatnomalar berishni (uzaytirishni), shuningdek ularga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shugʻullanish huquqiga tasdiqnoma berishni taʼminlasin.
12. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Gʻ.I. Ibragimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2014-yil 4-sentabr,
PQ-2229-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 37-son, 465-modda)