Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Xalqaro toifadagi “INTERSERVIS” xoʻjalik hisobidagi respublika tashqi savdo birlashmasi davlat korxonasi mehmonxona majmuini rivojlantirish va samarali ishlashini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Xalqaro toifadagi “INTERSERVIS” xoʻjalik hisobidagi respublika tashqi savdo birlashmasi davlat korxonasi (XRTSB DK) mehmonxona majmui boshqaruvini tashkil etish va yuqori xalqaro standartlar hamda talablar darajasida mehmonxona xizmati koʻrsatilishini taʼminlash maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, “INTERSERVIS” xoʻjalik hisobidagi respublika tashqi savdo birlashmasi davlat korxonasi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda “Hilton Worldwide” (AQSH) kompaniyasi oʻrtasida 2013-yil 31-dekabrda mehmonxona majmuini “Hilton – Tashkent” brendi (nomi) bilan boshqarish toʻgʻrisida tegishli shartnomalar tuzilgan.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda “INTERSERVIS” xoʻjalik hisobidagi respublika tashqi savdo birlashmasi davlat korxonasiga quyidagilar:
“Hilton Worldwide” (AQSH) kompaniyasi bilan birga tender (tanlov) savdolari oʻtkazmay, litsenziyaga ega dizaynerlik kompaniyasini, mehmonxona majmuini qayta qurish jarayonini boshqaradigan kompaniyani, taʼmirlash ishlarini olib boradigan pudrat tashkilotini, shuningdek mehmonxona majmuini “Hilton Worldwide” (AQSH) kompaniyasining talab darajasidagi standartga muvofiq qayta jihozlash uchun tovar (ish, xizmat)larni yetkazib beruvchilarni belgilashga;
taʼmirlash ishlari va mehmonxona majmuini qayta jihozlash “Hilton Worldwide” (AQSH) kompaniyasining brend standartiga muvofiq boʻlishi uchun uning toʻxtovsiz ishlashini taʼminlashni hisobga olgan holda amalga oshirishga ruxsat etilsin.
3. “INTERSERVIS” xoʻjalik hisobidagi respublika tashqi savdo birlashmasi davlat korxonasi 2017-yil 1-yanvarga qadar quyidagi toʻlovlardan ozod etilsin:
“Hilton Worldwide” (AQSH) kompaniyasi boshqaruviga berilgan, faqat mehmonxona majmui faoliyati doirasida soliq va boshqa majburiy toʻlovlarning barcha turlaridan (budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga ajratmalardan tashqari);
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatlarga kiritilgan asbob-uskunalar, materiallar, mebel va taʼmirlash ishlari hamda mehmonxona majmuini qayta jihozlash uchun inventar olib kelinganlik uchun boj toʻlovlaridan (boj yigʻimlaridan tashqari).
Ushbu qarorda nazarda tutilgan soliq va boj imtiyozlari berilishi tufayli boʻshaydigan mablagʻlar faqat mehmonxona majmuini taʼmirlash va qayta jihozlash, shuningdek tijorat banklaridan olingan kreditlarni qaytarish bilan bogʻliq ishlarni moliyalashtirishga yoʻnaltirilishi belgilansin.
4. “INTERSERVIS” xoʻjalik hisobidagi respublika tashqi savdo birlashmasi davlat korxonasiga:
mehmonxona xizmatlari koʻrsatish sohasida umum tomonidan qabul qilingan jahon hisob-kitob qoidalariga muvofiq, oldindan toʻlovlar undirmasdan mehmonxona xizmatlarini koʻrsatishga;
mehmonxona majmuiga kerak boʻlgan korporativ xaridlarni xarid summasidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining elektron savdo taomilisiz amalga oshirishga ruxsat etilsin.
5. “Hilton Worldwide” (AQSH) kompaniyasi “INTERSERVIS” xoʻjalik hisobidagi respublika tashqi savdo birlashmasi davlat korxonasi bilan tuzgan shartnomalarini amalga oshirishdan olingan daromadlari boʻyicha yuridik shaxsning foyda soligʻi toʻlovidan ozod qilinsin.
“Hilton Worldwide” (AQSH) kompaniyasini doimiy muassasa sifatida roʻyxatga olmasdan, “INTERSERVIS” xoʻjalik hisobidagi respublika tashqi savdo birlashmasi davlat korxonasi bilan tuzilgan shartnoma doirasida faoliyatini amalga oshirishga ruxsat etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “INTERSERVIS” xoʻjalik hisobidagi respublika tashqi savdo birlashmasi davlat korxonasining talabnomasiga binoan mehmonxona majmuidan foydalanishga jalb qilinadigan “Hilton Worldwide” (AQSH) kompaniyasi xodimlariga koʻp martalik kirish vizalarini belgilangan tartibda berishni taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi “INTERSERVIS” xoʻjalik hisobidagi respublika tashqi savdo birlashmasi davlat korxonasining talabnomalariga asosan Oʻzbekiston Respublikasiga mehmonxona majmuidan foydalanishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarni jalb qilish uchun belgilangan tartibda ruxsatnoma berishni (muddatini uzaytirishni), shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el fuqarolariga mehnat qilish huquqi tasdigʻini berish (uni uzaytirish)ni taʼminlasin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2014-yil 18-mart,
PQ-2153-son