O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Qonunchilik ijrosini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-apreldagi PF-5019-sonli “Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, mamlakatni modernizatsiya qilish, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlashda prokuratura organlarining rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Keyingi yillarda O‘zbekistonda qonun ustuvorligini, qonun ijodkorligi va huquqni qo‘llash faoliyatida qonuniylikni ta’minlash, sud-huquq tizimini inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning ishonchli mexanizmiga aylantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Davlat organlari faoliyatida suiiste’molliklar va boshqa qonun buzilishlarning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan qonunchilikka rioya qilishning tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish hamda huquqni qo‘llashning bir xildagi amaliyotini shakllantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Adliya vazirligi tarkibida tashkil etilgan Qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat qilish bosh boshqarmasi tomonidan tizimli huquqbuzarliklarni aniqlash, ularni bartaraf etish va aybdor mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish, shuningdek qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish yo‘li bilan huquqni qo‘llashning bir xildagi amaliyotini shakllantirish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, bu sohada amalga oshirilgan ishlarning tahlili kelgusida qonuniylikni ta’minlash, jazo muqarrarligi prinsipining so‘zsiz bajarilishi hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan noqonuniy hujjatlar qabul qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik tizimini yanada takomillashtirish lozimligidan dalolat beradi.
Yuqorida ko‘rsatilgan vazifalarning amalga oshirilishi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat samaradorligini yanada oshirish, davlat organlari mansabdor shaxslarining idoraviy me’yoriy hujjat ijodkorligi va normativ-huquqiy hujjatlarni so‘zsiz ijro etish borasidagi mas’uliyatini kuchaytirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni ko‘rishni taqozo etmoqda.
Qonunchilikka rioya etilishini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish, davlat organlari huquqiy hujjatlarining amaldagi qonunchilik talablariga muvofiqligi ustidan nazorat samaradorligini oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tarkibida Qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bosh boshqarmasi (bundan buyon matnda — Bosh boshqarma), Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokuraturalari va ularga tenglashtirilgan prokuraturalar tarkibida — Bosh boshqarmaning hududiy bo‘limlari tuzilsin, bunda quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tarkibidagi Qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat qilish bosh boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tugatilishi, bo‘shayotgan 88 ta shtat birliklarini prokuratura organlari tarkibida yangidan tashkil etilgan Bosh boshqarma va uning hududiy bo‘limlarini to‘ldirish uchun o‘tkazilishi;
Bosh boshqarma va uning hududiy bo‘limlari tarkibiga tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlarining o‘tkazilishi nazarda tutilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining bitta o‘rinbosari lavozimi tugatilsin va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari — Qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimi kiritilsin.
3. Bosh boshqarmaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar tomonidan qonun hujjatlarining ijrosi hamda ular tomonidan qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiqligi ustidan nazoratni amalga oshirish;
fuqarolarning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablariga qat’iy rioya etilishi ustidan samarali nazoratni ta’minlash;
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, shu jumladan qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlik subyektlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish sohasidagi qonunchilikka so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan choralarni amalga oshirish;
fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, ularning buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rish;
qonunbuzilishlar, shuningdek huquqiy normalarni qo‘llashda subyektiv tarzda, tanlov asosida, o‘zboshimchalik bilan talqin qilish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik va ularni bartaraf etishga qaratilgan huquqiy ta’sir choralarini amalga oshirish;
qonunbuzilishlarni sodir etishga imkoniyat beruvchi sabab va shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish, shu jumladan qonunchilik va huquqni ko‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni tayyorlash orqali ta’sirchan choralarni amalga oshirish.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 8-avgustdagi PF-4815-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2016-y., 32-son, 387-modda)
5. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi:
bir oy muddatda mazkur Farmonda ko‘rsatilgan vazifalardan kelib chiqqan holda Bosh boshqarma va uning hududiy bo‘limlari haqidagi nizomlarni tasdiqlasin;
ikki oy muddatda yangidan tashkil etilgan tarmoqlar, birinchi navbatda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida tugatilgan Qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat qilish bosh boshqarmasi xodimlari tarkibidan, ularning attestatsiyasi natijalariga ko‘ra, yuqori malakali kadrlar bilan to‘ldirilishini ta’minlasin;
Bosh boshqarma va uning hududiy bo‘limlarining joylashtirilishi, moddiy-texnik bazasi yaratilishi, samarali faoliyatni tashkillashtirish uchun zarur bo‘lgan kompyuter texnikasi, aloqa vositalari bilan jihozlanishini ta’minlasin;
yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish bo‘yicha Bosh boshqarmaning boshqa davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari bilan samarali o‘zaro hamkorligini tashkillashtirsin;
ichki tashkiliy-huquqiy hujjatlarni mazkur Farmon talablariga muvofiqlashtirsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
Qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat qilish bosh boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlariga biriktirilgan transport vositalari, kompyuter texnikasini belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga o‘tkazilishini ta’minlasin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilikka mazkur Farmon talabidan kelib chiqadigan o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi takliflarni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
ichki tashkiliy-huquqiy hujjatlarni mazkur Farmon talablariga muvofiqlashtirsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi ikki hafta muddatda mazkur Farmon talablariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Adliya vazirligining xarajatlar smetalari va shtatlar jadvallariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritsinlar.
8. O‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 11-martdagi “Qishloq xo‘jaligida islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan qonunlar ijrosini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-3406-sonli Farmoni 3-bandining ikkinchi xatboshi, 1 — 4 ilovalari;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 17-iyundagi “Davlat organlari faoliyatida qonuniylikni ta’minlash sohasida adliya organlarining rolini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-1555-sonli qarori.
9. Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B. Kokanbayev zimmasiga yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2014-yil 24-iyul,
PF-4636-son
Oldingi tahrirga qarang.
(ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 8-avgustdagi PF-4815-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2016-y., 32-son, 387-modda)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014-y., 32-son, 395-modda; 2016-y., 32-son, 387-modda)