OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRINING
buyrugʻi
Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 4-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 173-1]
Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni davlat reyestridan chiqarish boʻyicha 2014-yil 1-avgustdagi xulosaga muvofiq hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 23-avgustdagi PQ-1602-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 9-oktabrdagi 469-sonli “Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar meʼyoriy hujjatlarining qonuniyligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda 2000-yil 19-maydagi 197-sonli “Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning meʼyoriy hujjatlarini qabul qilish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarorlariga asosan buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasiga Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasi hududida qoʻllashga ruxsat berilgan nazorat-kassa mashinalari modellarini nazorat-kassa mashinalari davlat reyestriga kiritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni (roʻyxat raqami 173, 1995-yil 14-sentabr) qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish yuzasidan 2012-yil 28-dekabrdagi 1-6-1056/8-sonli taqdimnomaning talablari bajarilmaganligi hamda Davlat soliq qoʻmitasining Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga mazkur idoraviy normativ-huquqiy hujjatni davlat reyestridan chiqarish masalasi yuzasidan 2014-yil 2-iyuldagi 04-11860-sonli murojaati maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Nazorat-kassa mashinalarini joriy qilish boʻyicha davlat idoralararo komissiyasining 1995-yil 30-avgustdagi bayoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududida qoʻllashga ruxsat berilgan nazorat-kassa mashinalari modellarini nazorat-kassa mashinalari davlat reyestriga kiritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 173, 1995-yil 14-sentabr) Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestridan chiqarilsin.
3. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin hamda bu haqda Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritilsin.
4. Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi (D. Saʼdullayev) mazkur buyruqning “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” – “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini taʼminlasin.
5. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
6. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish vazirning birinchi oʻrinbosari M. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Vazir N. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
2014-yil 4-avgust,
200-mh-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 32-son, 407-modda)