O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING TRANSPORT QURILIShI KORXONALARINI BOShQARISh TIZIMINI TAKOMILLAShTIRISh TO‘G‘RISIDA
Ushbu Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 28-apreldagi PF-3421-son “O‘zbekiston Respublikasining transport qurilishi korxonalarini boshqarish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 1-dekabrdagi PF–504-son Farmonini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash haqida”gi Farmoni bilan o‘z kuchini yo‘qotdi.
Respublika hududida joylashgan transport qurilishi korxonalarini boshqarish tuzilmasini yanada takomillashtirish, ularning O‘zbekiston xalq xo‘jaligi ishlab chiqarish tarmoqlari majmuini rivojlantirishga qo‘shadigan hissasini oshirish maqsadida:
1. Respublika hududida joylashgan transport qurilishi tizimidagi montaj va ixtisoslashtirilgan qurilish, loyiha-qidiruv, ilmiy-texnologik, sanoat hamda boshqa korxonalar va tashkilotlar mehnat jamoalarining ixtiyoriylik asosida O‘zbekiston davlat transport qurilishi korxonalari uyushmasi “O‘zbektransqurilish”ni tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
Belgilab qo‘yilsinki, “O‘zbektransqurilish” uyushmasi:
yuridik shaxs huquqlariga ega bo‘lgan xo‘jalik uyushmasi hisoblanadi va shartnoma asoslarida davlat, ijara, aksionerlik, jamoa va boshqa korxonalarni birlashtiradi hamda o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda muassislar yig‘ilishi tasdiqlaydigan uyushma Ustavi asosida amalga oshiradi;
muassislar berib qo‘ygan huquqlarni hisobga olib moliyaviy-iqtisodiy, xo‘jalik va ijtimoiy faoliyat borasidagi masalalarni mustaqil hal qiladi, uyushma Kengashining qaroriga binoan markazlashtirilgan sug‘urta, zaxira jamg‘armalari va boshqa jamg‘armalarni tashkil etadi;
respublikaning amaldagi qonunlariga muvofiq uyushma tarkibiga kiruvchi trestlar, korxonalar va tashkilotlarning davlat mulkini boshqaradi, iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqlikni va mehnat jamoalarining manfaatlarini e’tiborga olib, transport qurilishi davlat korxonalari va tashkilotlarini boshqacha mulkchilik shakllariga aylantirish yuzasidan belgilangan tartibda takliflar kiritadi.
2. O‘zbekiston davlat transport qurilishi korxonalari uyushmasi “O‘zbektransqurilish” faoliyatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat qilib belgilansin:
temir yo‘l transporti, fuqaro aviatsiyasi inshootlarini, asosiy avtomobil yo‘llarini, metropolitenni, tonellar, ko‘priklarni loyihalash, qurish, kengaytirish, qayta qurish va texnika bilan qayta qurollantirish, ijtimoiy sohaga oid va boshqa masalalar har tomonlama hal etilishini ta’minlash;
uyushmaga kiruvchi korxonalar va tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish. Bozor munosabatlariga o‘tishda uyushma qatnashchilariga ko‘maklashish, maslahat, tashkiliy-uslubiy, huquqiy, muhandislik, axborot hamda boshqa xizmat turlari bilan ta’minlash, xorijiy sheriklar bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirish;
yagona ilmiy-texnikaviy siyosatni o‘tkazish, transport inshootlarini loyihalash hamda qurish masalalarida boshqa davlatlarning tajribasini o‘rganish va ommalashtirish;
mahsulot yetkazib beruvchilar bilan uzoq muddatli aloqalar o‘rnatishga doir tashkiliy tadbirlarni amalga oshirish, respublikaning eng muhim xalq xo‘jalik inshootlari qurilishini moddiy-texnika resurslari bilan ta’minlash.
3. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddat ichida ushbu Farmonni ro‘yobga chiqarishga doir tashkiliy chora-tadbirlarni ko‘zda tutuvchi qaror qabul qilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 1-dekabr,
PF-504-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 2-son, 63-modda; O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 17-son, 196-modda)