Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON SUV XOʻJALIGI QURILIShI (“OʻZSUVQURILISh”) DAVLAT KONSERNI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Ushbu Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2001-yil 23-iyundagi PF-2645-son “Respublika paxta tozalash sanoatini monopoliyadan chiqarish va boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Bozor munosabatlarini roʻyobga chiqarish sharoitida respublikaning suv xoʻjaligi tashkilotlariga qulay shart-sharoit yaratish, ularning tijorat-tadbirkorlik faoliyatini kuchaytirish quyi tarkibiy boʻlinmalarga koʻproq mustaqillik berish va tarmoqni boshqarishni takomillashtirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi qurilishi davlat komiteti tugatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi qurilishi davlat komiteti tizimidagi birlashmalar, trestlar, korxonalar va tashkilotlarning mavjud qonunlarga muvofiq Oʻzbekiston Suv xoʻjaligi qurilishi (“Oʻzsuvqurilish”) davlat konserni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Belgilab qoʻyilsinki:
“Oʻzsuvqurilish” konserni Oʻzbekiston Respublikasining tugatilgan Suv xoʻjaligi qurilishi davlat komitetining huquqiy vorisi boʻlib, oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga hamda konsernning Vazirlar Mahkamasi bilan kelishib olingan Nizomiga amal qiladi;
qishloq xoʻjalik mahsulotini yetishtirish va qayta ishlash masalalari hamda melioratsiya, qishloq xoʻjaligi va sanoat-fuqaro inshootlarini qurish yuzasidan buyurtmachi vazifalari “Oʻzsuvqurilish” konsernidan kimga tegishliligiga qarab Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirligiga hamda Melioratsiya va suv xoʻjaligi vazirligiga oʻtkaziladi;
“Oʻzsuvqurilish” konserni tarkibiga kiruvchi birlashmalar, trestlar, korxonalar va tashkilotlar oʻz xoʻjalik mustaqilligini va yuridik shaxslar huquqlarini saqlab qoladilar, mehnat jamoalari fikrini va iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligini hisobga olib, oʻz vakolatlari va vazifalarining bir qismini, jumladan davlat topshiriqlarini bajarish, markazlashtirilgan tarzda ajratiladigan moliyaviy, moddiy-texnikaviy resurslar za kapital mablagʻlarni olish masalalari yuzasidan boshqa vazirliklar va idoralar bilan oʻzaro munosabatlarda ularning manfaatlarini ifodalashni ixtiyoriy ravishda “Oʻzsuvqurilish” konserniga topshiradi.
2. “Oʻzsuvqurilish” Oʻzbekiston davlat konserni faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari:
konsern tarkibiga kiruvchi qurilish, sanoat korxonalarining, ilmiy va loyiha tashkilotlari hamda muassasalarining faoliyatini muvofiqlashtirish;
Orol va Orolboʻyi muammolariga doir amaliy tadbirlarni amalga oshirish;
davlat, kooperativ, fermer tashkilotlari hamda boshqa tashkilotlar va korxonalarning buyurtmasi asosida suv xoʻjaligi va sanoat-fuqaro qurilishi, yirik gidrotexnik inshootlar, suv oqiziladigan zovurlar barpo etish;
binokorlik buyumlari, konstruksiyalari va materiallarini, qurilish texnikasining ayrim turlarini, mashina va uskunalarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish;
qoʻriq rayonlar va Qoraqalpogʻiston Respublikasining qishloq aholisini ichimlik suv bilan taʼminlashga oid ishlar turkumini amalga oshirish, magistral quvurlar hamda xoʻjalik-ichimlik suv bilan taʼminlash tizimlarini qurish va takomillashtirish;
Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga kiruvchi davlatlarda va chet ellarda oʻzaro foydali tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, xorijiy firmalar bilan birgalikda korxonalar tashkil etish, suv xoʻjaligi ishlari hamda sanoat-fuqaro qurilishini olib borish;
konsernga kiruvchi korxonalar va tashkilotlarning huquqlarini himoya qilish, respublika davlat boshqaruvi idoralarda va chet ellarda ularning umumiy manfaatlarini ifodalashdan iborat deb belgilansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi 10 kun muddat ichida “Oʻzsuvqurilish” konserni faoliyatini tashkil etish masalalariga doir qaror qabul qilsin, uning tarkibini va Nizomini tasdiqlasin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 18-noyabr,
PF-497-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 2-son, 57-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 183-modda)