Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Qurbon hayitini nishonlash toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Muborak Qurbon hayitining xalqimiz maʼnaviy hayotidagi oʻrni va ahamiyatini eʼtiborga olib, milliy-diniy qadriyatlarimizni saqlash va ulugʻlash, fuqarolarning hamjihatligi va mehr-oqibatini mustahkamlash, ularning ruhiy va maʼnaviy olamini yanada yuksaltirish maqsadida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy bayram — Qurbon hayitini dam olish kuni deb eʼlon qilish haqida”gi 1991-yil 20-iyundagi PF-221-sonli Farmoniga muvofiq:
1. 2012-yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 26-oktabr juma kuniga toʻgʻri kelishi haqida Oʻzbekiston musulmonlari idorasining murojaatini inobatga olib, 2012-yil 26-oktabr dam olish kuni deb belgilansin va mamlakatimizda bayram sifatida keng nishonlansin.
2. Respublika “Nuroniy”, “Mahalla” jamgʻarmalari va boshqa barcha mutasaddi davlat va jamoat tashkilotlari Qurbon hayitining joylarda tartibli va yuqori darajada, xalqimizning milliy qadriyatlariga mos ravishda oʻtishi uchun tegishli tadbirlarni amalga oshirsin.
3. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga bayram tadbirlarini keng yoritish tavsiya etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 22-oktabr,
PQ-1834-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2012-y., 10-son, 280-modda)