Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash toʻgʻrisida
Respublikada isteʼdodli yoshlarning ijtimoiy faolligini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, milliy istiqlol gʻoyalari va madaniy-maʼrifiy qadriyatlarni hayotga tatbiq etishdagi ibratli faoliyatini ragʻbatlantirish, barkamol xotin-qizlar avlodini voyaga yetkazish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini taʼsis etish boʻyicha takliflarni qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi 1999-yil 10-iyundagi PF-2326-sonli Farmoniga muvofiq:
1. Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi huzuridagi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasining takliflariga binoan, aʼlo xulqi, zukkoligi, oʻqishdagi muvaffaqiyatlari, tashabbuskorligi bilan noyob isteʼdodini namoyon etayotgan hamda adabiyot, madaniyat, sanʼat, fan va taʼlim sohalaridagi alohida yutuqlari uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining iqtidorli qizlari Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlansin.
2. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanganlarga 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar bayramiga bagʻishlab oʻtkaziladigan tantanalarda sovrindorlik diplomlari va koʻkrak nishonlari topshirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlarining har biriga eng kam oylik ish haqining 50 baravari miqdorida pul mukofoti berilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalarining ibratli faoliyati, ularning noyob isteʼdodi va erishgan yutuqlarini keng yoritib borish tavsiya etilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari F. Akbarova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 3-mart,
PQ-1064-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-y., 2-son, 100-modda)