O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
1994-yilgi paxta hosilini yig‘ib-terib olishga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni qabul qilish va qayta ishlash texnologiyasini takomillashtirish masalalari to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
1994-yilgi paxta hosilini yig‘ib-terib olish va tayyorlashga o‘z vaqtida hozirlik ko‘rish, paxtakor xo‘jaliklarning yetishtirilayotgan paxta tolasi miqdori va sifati bo‘yicha manfaatdorligini hamda mas’uliyatini oshirish, shuningdek paxta zavodlari davlat tasarrufidan chiqarilishini va tarmoqda rivojlanayotgan bozor munosabatlarini hisobga olgan holda “paxta xom ashyosini qabul qilish-saqlash-qayta ishlash” texnologik siklini bosqichma-bosqich o‘zgartirish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Paxtachilik kompleksining moddiy-texnika negizini yangi hosil paxta xom ashyosini yig‘ib-terib olishga va qabul qilishga o‘z vaqtida tayyorlashni ta’minlash Qishloq xo‘jaligi vazirligi (Qayumov), “O‘zqishloqxo‘jalikta’minottuzatish” (Husanov), “O‘zdavpaxtasanoatsotish” (Zikriyoyev)ning asosiy vazifasi hisoblansin. Bunda paxtani yig‘ib-terib olish texnikasining barcha turlarini ta’mirlash va tayyorlab qo‘yishni hamda defoliantlar zaxiralarini yaratishni shu yilning 1-avgustigacha, tayyorlov shoxobchalarini va paxta tozalash zavodlarini to‘liq hozirlab qo‘yishni esa 20-avgustgacha tugallash nazarda tutilsin.
Paxta xom ashyosini har bir xo‘jalik bo‘yicha navlari va tiplariga qarab alohida-alohida saqlash uchun shart-sharoitlarni yaratishga, har bir viloyatda bittadan paxta zavodini urug‘lik paxtani qayta ishlashga ixtisoslashtirishga alohida e’tibor berilsin.
2. Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan “O‘zdavpaxtasanoatsotish” uyushmasining paxtakor xo‘jaliklarga 1994-yil hosilidan topshirilayotgan paxta xom ashyosi xarid narxining 90 foizini to‘lash to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin. Xo‘jaliklar bilan uzil-kesil hisob-kitob paxta xom ashyosini qayta ishlash yakunlari bo‘yicha, qo‘shimcha olingan mahsulotni hisobga olgan holda amalga oshirilsin.
3. “O‘zdavpaxtasanoatsotish” uyushmasi (Zikriyoyev):
“O‘zdavstandart” markazi (Asriyans) bilan birgalikda qabul qilinayotgan paxta (tola) sifatini aniqlash laboratoriyalarini texnika bilan qayta qurollantirish, ularni zamonaviy nazorat-o‘lchov asboblari va uskunalari bilan jihozlash dasturini ishlab chiqsin. Ushbu masala bo‘yicha takliflarni bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin;
Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki (Azimov) bilan birgalikda, paxta tolasi sifatini aniqlash bo‘yicha laboratoriya asboblarini sotib olish uchun Jahon tiklanish va taraqqiyot banki kreditini olishni tezlashtirish chora-tadbirlarini ko‘rsin.
4. “O‘zdavpaxtasanoatsotish” uyushmasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi, “O‘zdavstandart” markazi 1994-yilning 1-iyuligacha paxta xom ashyosi uchun yangi standartni ishlab chiqsinlar, tasdiqlasinlar va amalda joriy etsinlar.
5. “O‘zdavpaxtasanoatsotish” uyushmasi:
2 oy muddatda laboratoriyalar xodimlarini, qabul qiluvchilar-sarxillovchilarni malaka ko‘rigidan o‘tkazsin, ularning mehnatiga haq to‘lashni, qabul qilinadigan paxta xom ashyosi sifatiga xolisona baho berishda mavqeyini va javobgarligini oshirsin;
viloyatlarning hokimliklari bilan birgalikda paxta tozalash zavodlarini viloyatlar markazlaridan va boshqa yirik shaharlardan ko‘chirish, ularni paxta yetishtiriladigan joylarga joylashtirish masalalarini hal etsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Dehqonchilik sanoati majmui (Jo‘rabekov)ga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 29-aprel,
227-son