O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
1995-yilda kimyo sanoati korxonalari ishlarini barqarorlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Kimyo sanoatida ishlarni barqarorlashtirish, ishlab chiqarish quvvatlaridan yanada to‘liq foydalanish va investitsiya jarayonlarini faollashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “O‘zkimyosanoat” uyushmasining xo‘jaliklarga tegishli firmalar, savdo uylari, servis markazlari tashkilotlari tashkil etish orqali, shuningdek “O‘zagrokimyoservis” davlat-aksionerlik uyushmasi korxonalari, tashkilotlari orqali shartnoma asosida mineral o‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilishning kimyoviy vositalari sotish bo‘yicha ular bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zaro foydali aloqalar o‘rnatish to‘g‘risidagi taklifi qo‘llab-quvvatlansin.
2. Moliya vazirligi 1995-yilning birinchi yarim yilida Respublika valyuta jamg‘armasidan jami 10,764 mln AQSh dollari miqdorida kreditlar, shu jumladan:
fosforli o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi korxonalarni jadal kapital tuzatishni amalga oshirish uchun “O‘zkimyosanoat” uyushmasi korxonalariga 5 yil muddat bilan 8,6 mln AQSh dollari;
“Foskarat” qo‘shma korxonasining ustav fondiga badal sifatida qo‘shish uchun Olmaliq “Ammofos” ishlab chiqarish birlashmasiga va Samarqand kimyo zavodiga 1995-yil oxirigacha to‘lash muddati bilan, yiliga 7 foizli foyda stavkasi bo‘yicha 2,164 mln AQSh dollari ajratsin. Kreditni o‘z vaqtida to‘lash uchun Olmaliq “Ammofos” ishlab chiqarish birlashmasi va Samarqand kimyo zavodi 1995-yilda ammofos eksport qilish miqdorini 65 ming tonnaga (tegishli ravishda 40 ming tonna va 25 ming tonna) ko‘paytirsin. “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi 1995-yilgi eksport ko‘rsatkichlariga o‘zgartirish kiritsin.
3. “O‘zkimyosanoat” uyushmasi korxonalariga “O‘zkimyosanoat” uyushmasining ilmiy-tadqiqot va konstruktorlik ishlari tarmoq jamg‘armasiga tovar mahsulot (ishlar, xizmatlar) tannarxining 1 foizi miqdorida mablag‘ ajratishga, ushbu chiqimlarni ishlab chiqarish xarajatlariga qo‘shishga ruxsat etilsin.
4. Mehnat vazirligi “O‘zkimyosanoat” uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda uyushma korxonalari uchun mehnatga haq to‘lash bo‘yicha Yagona tarif setkasining oshirilgan tarmoq koeffitsiyentlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi chetdan keltiriladigan buyurtmachi tomonidan berilgan hamda tolling usulida mis hamda rux xom ashyosidan ishlab chiqariladigan mahsulotlarni O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan litsenziyasiz tashib ketish to‘g‘risidagi Vaqtinchalik nizomning amal qilishini:
buyurtmachining xom ashyosidan ishlab chiqarilgan fosforli o‘g‘itlarga;
shuningdek qayd etilgan nizom qoidalarining qayta ishlash uchun xom ashyoni vaqtinchalik tashib keltirishni va chetdan keltiriladigan kompensatsiya tovarlarini bojxona rasmiylashtiruviga oid qismini buyurtmachining xom ashyosidan ishlab chiqarilgan kaprolaktamga joriy etsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Y.F. Paygin zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 13-aprel,
131-son