O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari talabalarining “Universiada-2004” sport musobaqalarini o‘tkazish to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mamlakatimizda “Universiada-2004” sport musobaqalari o‘tkazilishi munosabati bilan Samarqand shahrida olib borilayotgan umumqurilish, montaj va obodonlashtirish ishlarini o‘rganish natijasida jiddiy kamchilik va nuqsonlarga yo‘l qo‘yilganligini, qurilayotgan va foydalanishga topshirilayotgan sport obyektlarining qurilish me’yor talablari va sifatini nazorat qiluvchi va ulardan foydalanuvchi buyurtmachi xizmati tashkil etilmaganligini aniqladi.
Yuqorida ta’kidlangan kamchilik va nuqsonlarni inobatga olgan holda, ularni bartaraf etish, sport inshootlarini sifatli tayyorlash va ularning belgilangan qurilish me’yor talablariga muvofiqligini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Universiada-2004” sport musobaqalarining yakuniy bosqichiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mitaga:
“Universiada-2004” sport musobaqalariga tayyorgarlik ko‘rishni tashkil etishda yo‘l qo‘yilgan jiddiy kamchilik va nuqsonlar ko‘rsatib o‘tilsin va ularni qisqa muddatda bartaraf etish vazifasi yuklansin;
qurilayotgan va ta’mirlanayotgan sport inshootlarini belgilangan qurilish me’yori va sifat talablariga javob beradigan tarzda bitkazish va ularni tegishli komissiya xulosasi asosida foydalanishga qabul qilish ishlarini nazoratga olish topshirilsin.
Universiada o‘yinlarini tashkil qilish va o‘tkazish tadbirlarini amalga oshirishda qatnashayotgan qurilish tashkilotlari va korxonalar, Samarqand viloyati va Samarqand shahri hokimliklari rahbarlarining ular oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarish borasidagi mas’uliyati kuchaytirilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Davlat sport qo‘mitasi va Milliy Olimpiya qo‘mitasining “Universiada-2004” sport musobaqalarining Samarqand viloyatida bo‘lib o‘tadigan yakuniy bosqichini o‘tkazishni joriy yilning 15 — 21-iyulidan 4 — 7-sentabriga ko‘chirish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
3. Barpo etilgan va qayta ta’mirlangan sport inshootlaridan samarali foydalanish, ularga texnik xizmat ko‘rsatishni ta’minlash, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanuvchi yoshlarga zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida mazkur sport inshootlaridan foydalanuvchi “Olimpiya zaxiralari tayyorlash markazi” tashkil etilganligi inobatga olinsin.
4. Tashkiliy qo‘mita “Universiada-2004” sport musobaqalarini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida uning dasturi, ochilish va yopilish marosimi ssenariylarini tanqidiy nuqtai nazardan qayta ishlab, tegishli o‘zgartirishlar kiritsin va tasdiqlasin.
5. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari talabalarining “Universiada-2004” sport musobaqalarini tashkil etish to‘g‘risida” 2004-yil 15-iyundagi 282-son qarorida:
3-bandning ikkinchi xatboshidagi “5-iyuligacha” so‘zlari “28-avgustigacha” so‘zlari bilan almashtirilsin;
4-bandning uchinchi xatboshi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 7-iyul,
319-son