O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining mamlakatimiz madaniy va ma’naviy hayotida, adabiyot va san’atimizni rivojlantirish, yosh ijodkorlarning iste’dodini ro‘yobga chiqarish va tarbiyalashda tutgan alohida o‘rnini e’tiborga olib, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni, xalqimizning boy tarixiy-ilmiy, adabiy merosini, jahon adabiyoti va madaniyati yutuqlarini targ‘ib etish hamda jamiyatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yoritishda ijodkor ziyolilarning salohiyatidan yanada samarali foydalanish borasidagi faoliyatini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Gazeta muassislari — Madaniyat ishlari vazirligi (F. Zokirov), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi (A. Oripov), noshir — “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi (B. Alimov) tahririyatning moddiy-texnik ahvolini yaxshilash, ijodiy jamoasini yosh, iqtidorli kuchlar bilan mustahkamlash va xodimlar uchun zarur ish sharoiti yaratishga qaratilgan tadbirlar rejasini bir oy muddatda ishlab chiqsinlar va amalga oshirsinlar.
2. Toshkent shahar hokimligi (R. Shoabdurahmonov) Matbuotchilar ko‘chasi, 32-uyda joylashgan tahririyat xizmat xonalarini joriy ta’mirlashni amalga oshirsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (M. Nurmurodov) 2004-yilda gazeta tahririyatiga bosmaxona qog‘ozi, kompyuterlar va boshqa texnik jihozlar olish va xodimlarni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi hisobidan 60 mln so‘m mablag‘ ajratsin.
4. Gazeta tahririyatiga ijodiy xodimlar va mualliflarga qalam haqini shartnoma asosida hamda kelishilgan narxlarda ish haqi fondiga ajratiladigan mablag‘lar doirasida to‘lashga ruxsat berilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A. A. Azizxo‘jayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 2-iyul,
308-son