O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Muborak Ramazon hayiti azaldan yurtimizda shodu xurramlik, mehr-muruvvat kunlari bo‘lib kelayotganligini, ushbu ayyomda keksalarga alohida hurmat-ehtirom, kam ta’minlangan oilalar, yetimlar, nogironlarga g‘amxo‘rlik va yordam ko‘rsatish xayrli an’ana ekanligini, bu sananing xalqimiz ma’naviy hayotidagi o‘rni va ahamiyatini e’tiborga olib hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ro‘za hayitini dam olish kuni deb e’lon qilish to‘g‘risida” 1992-yil 27-martdagi PF-368-son Farmonini ijro etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2004-yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 14-noyabrga to‘g‘ri kelishi haqida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining qarori e’tirof etilsin hamda ushbu kun mamlakatimizda bayram sifatida keng nishonlansin.
2. Mutasaddi idoralar va jamoat tashkilotlari Ramazon hayitining joylarda tartibli va yuqori darajada o‘tishi uchun tegishli tadbirlarni amalga oshirsinlar.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 8-noyabr,
528-son