Norasmiy tarjima
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Andijon shahridagi “Bobur” AJ ishlab chiqarish maydonlari negizida “General Motors Uzbekistan” AJ avtomobillari uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxonalarni tashkil etish toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Respublikasi avtomobil sanoatining barqaror rivojlanishini taʼminlash, “General Motors Uzbekistan” AJ avtomobillari uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish boʻyicha yuqori texnologiyali quvvatlarni yaratish hamda Andijon shahridagi “Bobur” AJ ishlab chiqarish maydonlaridan oqilona foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
“Uzavtosanoat” AJ va “Austem Co., Ltd” (Koreya Respublikasi) kompaniyasi tomonidan “General Motors Uzbekistan” AJ yangi modeldagi avtomobillari uchun gʻildirak disklari va shassi qismlarini ishlab chiqarish boʻyicha “OʻZAUTO-AUSTEM” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklida qoʻshma korxona tashkil etilgani;
“OʻZAUTO-AUSTEM” MCHJning ustav fondi ishtirokchilar umumiy yigʻilishi oʻtkazilgan sanada 500 ming AQSH dollariga teng etib belgilangani, bunda “Oʻzavtosanoat” AJ va “Austem Co., Ltd” (Koreya Respublikasi) hissalari teng ulushda — 50 foizdan taqsimlanishi;
2011-yil 1-sentabrga qadar “OʻZAUTO-AUSTEM” MCHJ ishtirokchilari ustav fondni 8,6 million AQSH dollarigacha oshirishni rejalashtirgani, bunda ularning ustav fondidagi ulushlari saqlanib qolishi;
“Oʻzavtosanoat” AJ tomonidan tashkil etilgan “AVTOSANOAT INVEST” MCHJ va “erae cs limited” (Koreya Respublikasi) kompaniyasi tomonidan “General Motors Uzbekistan” AJ avtomobillari uchun radiatorlar, konditsioner tizimlari, ventilyatsiya va isitish tizimlarini ishlab chiqarish boʻyicha “OʻZERAE CLIMATE CONTROL” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklida qoʻshma korxona tashkil etilgani;
“OʻZERAE CLIMATE CONTROL” MCHJning ustav fondi ishtirokchilar umumiy yigʻilishi oʻtkazilgan sanada 350 ming AQSH dollariga teng etib belgilangani, bunda “AVTOSANOAT INVEST” MCHJ ulushi 60 foiz, “erae cs limited” kompaniyasi ulushi esa 40 foizni tashkil etishi;
2011-yil 1-sentabrga qadar “OʻZERAE CLIMATE CONTROL” MCHJ ishtirokchilari ustav fondni 7 million AQSH dollarigacha oshirishni rejalashtirgani, bunda “erae cs limited” kompaniyasi tomonidan qoʻshimcha 2,66 million AQSH dollari miqdorida mablagʻ kiritilishi va “Oʻzavtosanoat” AJ jamiyat ishtirokchilari tarkibiga kiritilishi hamda ustav fondidagi ulushlar quyidagicha taqsimlanishi:
“Oʻzavtosanoat” AJ — 3,99 million AQSH dollari (57 foiz);
“erae cs limited” (Koreya Respublikasi) — 2,8 million AQSH dollari (40 foiz);
“AVTOSANOAT INVEST” MCHJ — 210 ming AQSH dollari (3 foiz).
5. “Austem Co., Ltd” (Koreya Respublikasi) va “erae cs limited” (Koreya Respublikasi) kompaniyalari tomonidan “OʻZAUTO-AUSTEM” va “OʻZERAE CLIMATE CONTROL” MCHJ ishlab chiqarish maydonlariga oid texnik shartlar taqdim etilganligini hisobga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda “Oʻzavtosanoat” AJning loyihaoldi hujjatlarini texnik-iqtisodiy asoslarsiz, bir bosqichli tartibda ishlab chiqish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
6. “Oʻzavtosanoat” AJ ikki oy muddatda “General Motors Uzbekistan” AJ avtomobillari uchun gʻildirak disklari va shassilar, radiatorlar, konditsioner tizimlari, ventilyatsiya va isitish tizimlarini ishlab chiqarish boʻyicha loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi belgilangan tartibda loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazishni hamda qurilish-montaj ishlari sifatini nazorat qilishni taʼminlasin.
8. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 9-iyun,
167-son