OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRINING
buyrugʻi
Normativ-huquqiy hujjatni davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 7-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 94-1]
Normativ-huquqiy hujjatni davlat reyestridan chiqarish boʻyicha 2013-yil 6-noyabrdagi xulosaga muvofiq hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 23-avgustdagi PQ-1602-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 29-son, 329-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 9-oktabrdagi 469-sonli “Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar meʼyoriy hujjatlarining qonuniyligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining toʻplami, 1997-y., 10-son, 33-modda) hamda 2000-yil 19-maydagi 197-sonli “Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning meʼyoriy hujjatlarini qabul qilish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining toʻplami, 2000-y., 5-son, 26-modda) qarorlariga asosan buyuraman:
1. “Oʻzbeksavdo” aksiyadorlik kompaniyasiga Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan mulkchilik shakli va idoraviy boʻysunuvidan qatʼi nazar, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarida nazorat-kassa apparatlaridan foydalanish tartibini (roʻyxat raqami 94, 1994-yil 7-sentabr) qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish yuzasidan 2008-yil 6-fevraldagi 20-03-6/14-sonli taqdimnomaning talablari bajarilmaganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan mulkchilik shakli va idoraviy boʻysunuvidan qatʼi nazar, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarida nazorat-kassa apparatlaridan foydalanish tartibini (roʻyxat raqami 94, 1994-yil 7-sentabr) davlat reyestridan chiqarish haqidagi mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin hamda bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralari normativ-huquqiy hujjatlarining davlat reyestriga tegishli yozuv kiritilsin.
3. Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi (S. Nuriyev) ushbu buyruqni “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini taʼminlasin.
4. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
5. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish Qonunchilik bosh boshqarmasi boshligʻi N. Joʻrayev zimmasiga yuklansin.
Vazirning birinchi oʻrinbosari M. IKRAMOV
Toshkent sh.,
2013-yil 7-noyabr,
329-mh-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 45-son, 597-modda)