Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Oʻzbekiston koʻmir sanoati ilmiy-tadqiqot va loyihalash instituti” masʼuliyati cheklangan jamiyat faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirish, puxta loyiha bazasini shakllantirish va koʻmir konlarini, muhandislik infratuzilmasi obyektlarini qurish, ishlayotganlarini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish, koʻmir sanoati korxonalarini texnika jihatidan qayta jihozlash hisobiga koʻmir sanoatini yanada barqaror va muvozanatli rivojlantirishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Koʻmirloyiha LTD” masʼuliyati cheklangan jamiyat qatnashchilarining umumiy yigʻilishida:
“Oʻzbekkoʻmir” ochiq aksiyadorlik jamiyatini ustav fondidagi kamida 51 foiz miqdoridagi ulush bilan “Koʻmirloyiha LTD” masʼuliyati cheklangan jamiyat muassislari tarkibiga kiritish;
“Koʻmirloyiha LTD” masʼuliyati cheklangan jamiyatni Oʻzbekiston koʻmir sanoati ilmiy-tadqiqot va loyihalash instituti (keyingi oʻrinlarda “Oʻzkoʻmirsanoat ITLI” masʼuliyati cheklangan jamiyat deb ataladi) deb qayta nomlash va uning xodimlarining cheklangan soni 94 ta shtat birligidan, shu jumladan maʼmuriy-boshqaruv xodimlari soni — 11 nafardan, asosiy ishlab chiqarish xodimlari soni — 73 nafardan va yordamchi xodimlar soni — 10 nafardan iborat boʻlgan tashkiliy tuzilmasini tasdiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Oʻzbekenergo” Davlat aksiyadorlik kompaniyasi, “Oʻzbekkoʻmir” ochiq aksiyadorlik jamiyati va “Koʻmirloyiha LTD” masʼuliyati cheklangan jamiyatning quyidagilarni “Oʻzkoʻmirsanoat ITLI” masʼuliyati cheklangan jamiyatning asosiy vazifalari va faoliyatining yoʻnalishlari etib belgilash toʻgʻrisidagi taklifi qoʻllab-quvvatlansin:
koʻmir konlari va razrezlarini qurish, ishlayotganlarini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish, shuningdek koʻmir sanoati obyektlarini texnik jihatdan rekonstruksiya qilish boʻyicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish hamda koʻmir razrezlari bilan kompleks tarzda quriladigan uchastkalarning bosh sxemalarini tuzish;
resurslarni qazib olish sanoatiga yoʻnaltirilgan, shu jumladan oʻz faoliyatini “Angren” MIZ hududida amalga oshiradigan korxonalar obyektlarini qurish, modernizatsiyalash, rekonstruksiya qilish va texnika bilan qayta jihozlash boʻyicha texnik, texnologik va loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish;
loyihalashtirilayotgan obyektlar hududlarida muhandislik izlanishlarini bajarish, shu jumladan ochiq koʻmir konlarida geomexanik tadqiqotlarni, shuningdek koʻmir razrezlari bortlarining barqarorligini kuzatib borish boʻyicha geodeziya ishlarini amalga oshirish;
koʻmir razrezlarining gidrogeologik holatini, shu jumladan suvli qatlamlarning filtrlash parametrlarini oʻrganishni hisobga olgan holda yer yuzasidagi suvlarni toʻplash va koʻmir razrezlaridan tashqariga chiqarib tashlash boʻyicha loyiha-qidiruv ishlarini amalga oshirish;
koʻmir sanoati iqtisodiyoti va ishlab chiqarishini boshqarish, koʻmir mahsulotlarining yangi turlarini ishlab chiqarish sohasida loyiha-qidiruv ishlarini va ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish.
3. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, quyidagilar “Oʻzkoʻmirsanoat ITLI” masʼuliyati cheklangan jamiyatni moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, loyiha-qidiruv va loyihalash ishlarini amalga oshirish, loyihalarni amalga oshirishni texnik jihatdan kuzatib borish uchun ajratilgan buyurtmachilar mablagʻlari;
qonun hujjatlariga muvofiq uning oʻz faoliyatidan olgan daromadlari;
xalqaro moliya va donor tashkilotlarning grantlari;
vazirliklar va idoralarning ularning buyurtma-buyurtmanomalari boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazish uchun ajratiladigan mablagʻlari;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa manbalar.
4. “Oʻzbekenergo” Davlat aksiyadorlik kompaniyasi, “Oʻzbekkoʻmir” ochiq aksiyadorlik jamiyati va Toshkent viloyati hokimligining “Oʻzbekkoʻmir” ochiq aksiyadorlik jamiyati tomonidan bosh ofisi ijara shartlarida Toshkent shahri, Shayxontoxur tumani, Navoiy koʻchasi, 30-uy manzilida joylashgan “Oʻzkoʻmirsanoat ITLI” masʼuliyati cheklangan jamiyat filialini joylashtirish uchun Toshkent viloyati, Angren shahri, Ibn Sino koʻchasi, 3-uy manzilida joylashgan binoni “Oʻzkoʻmirsanoat ITLI” masʼuliyati cheklangan jamiyatning ustav fondidagi “Oʻzbekkoʻmir” ochiq aksiyadorlik jamiyati ulushi hisobiga bozor qiymati boʻyicha berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Gʻ.I. Ibragimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 30-oktabr,
292-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 44-son, 580-modda)