Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xalqaro quyosh energiyasi instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-apreldagi PQ-5063-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro quyosh energiyasi institutini tashkil etish toʻgʻrisida” 2013-yil 1-martdagi PQ–1929-son qarorini bajarish yuzasidan hamda Xalqaro quyosh energiyasi instituti faoliyatining samarali tashkil etilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Osiyo taraqqiyot banki tomonidan Toshkent shahrida Xalqaro quyosh energiyasi institutini (keyingi oʻrinlarda Institut deb ataladi) tashkil etish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan qoʻshma loyiha doirasida umumiy summasi 3,0 mln AQSh dollari boʻlgan begʻaraz texnik koʻmak berilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Institut kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va “Oʻzbekenergo” Davlat aksiyadorlik kompaniyasining Institutni masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi mustaqil yuridik shaxs sifatida taʼsis etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi — ustav fondidagi oʻzining Institutga berilayotgan Toshkent shahri, Bodomzor yoʻli koʻchasi, 2“B”, 2-korpus manzilida joylashgan binosi hisobiga shakllantiriladigan 51 foiz miqdoridagi ulushi bilan hamda “Oʻzbekenergo” Davlat aksiyadorlik kompaniyasi — Institutga berilayotgan pul mablagʻlari, asbob-uskunalari va boshqa zarur mol-mulki hisobiga shakllantiriladigan 49 foiz miqdoridagi ulushi bilan Institutning dastlabki muassislari hisoblanadi;
kelgusida Institut muassislari tarkibiga, Institutning ustav fondini tegishli ravishda koʻpaytirgan holda, xalqaro va xorijiy hukumat tashkilotlari, moliyaviy institutlar, jamgʻarmalar, ilmiy markazlar va tadqiqot markazlari, investorlar, korxonalar va boshqa manfaatdor tuzilmalar ham kirishi mumkin.
Institut kengashiga, yangi muassislar jalb etilishiga koʻra, Institut ustav fondi miqdori va tarkibiga oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
3. Institut kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan birgalikda, Institut ishlariga koʻmaklashish uchun xalqaro va xorijiy hukumat tashkilotlarining, ilmiy va tadqiqot markazlarining hamda boshqa donorlarning mablagʻlarini muntazam ravishda jalb etsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Fanlar akademiyasi hamda Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda koʻrsatib oʻtilgan manzildagi binoning qiymatini baholasin va uning Institut ustav fondiga berilishini belgilangan tartibda rasmiylashtirishni taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro quyosh energiyasi institutini tashkil etish toʻgʻrisida” 2013-yil 1-martdagi PQ-1929-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi Yagona buyurtmachi xizmati Institut binosini rekonstruksiya qilish boʻyicha buyurtmachi etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Institut binosini rekonstruksiya qilishni amalga oshirish doirasida:
“ToshuyjoyLITI” ochiq aksiyadorlik jamiyati — bosh loyihalash tashkiloti etib;
“BITI — Production” masʼuliyati cheklangan jamiyat qoʻshma korxonasi — bosh pudrat tashkiloti etib belgilansin.
6. Buyurtmachi va bosh loyihalash tashkiloti 2014-yil 1-fevralgacha Institut binosini rekonstruksiya qilish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarining ishlab chiqilishini taʼminlasinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga, “Oʻzbekenergo” Davlat aksiyadorlik kompaniyasiga, Institutga 2014-yil 1-martgacha boʻlgan muddatda Institut binosini rekonstruksiya qilishni bir bosqichli loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan parallel ravishda amalga oshirishga istisno tariqasida ruxsat etilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi Institut binosini rekonstruksiya qilish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishning belgilangan tartibda ekspert jihatidan kuzatib borilishini va qurilish-montaj ishlarining bajarilishi sifati yuzasidan doimiy nazoratni taʼminlasin.
9. “Oʻzbekenergo” Davlat aksiyadorlik kompaniyasi Institut binosini rekonstruksiya qilish hamda ilmiy-laboratoriya uskunalari, priborlar, mebellar va tashkiliy texnika bilan jihozlash ishlarini bajarish uchun zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
10. Institut va “Oʻzbekenergo” Davlat aksiyadorlik kompaniyasi “Oʻzstandart” agentligi bilan birgalikda fotoelektr modullar sinovlari boʻyicha laboratoriyalarni milliy va xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish tadbirlari rejasini bir oy muddatda ishlab chiqsinlar va belgilangan tartibda tasdiqlasinlar.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari A.I. Ikramov va Gʻ.I. Ibragimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 25-sentabr,
265-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 39-son, 515-modda)