Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi vakillarining oʻqishini tashkil etish uchun Yaponiya Hukumati grantlaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi vakillarining Yaponiyada oʻqishini tashkil etish uchun berilayotgan Yaponiya Hukumatining 204 mln Yaponiya iyenasi miqdoridagi grantlaridan samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi vakillarining Yaponiyaning yetakchi universitetlari magistraturasida oʻqishini tashkil etish toʻgʻrisida Yaponiya Hukumatining taklifi (keyingi oʻrinlarda loyiha deb ataladi) qabul qilinsin.
Oʻqish uchun nomzodlarni tanlab olish Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi, Yaponiya Xalqaro hamkorlik markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tomonidan amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramovga Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Ayirboshlash notalari va Grant Bitimini imzolash vakolati berilsin.
3. Quyidagilarga:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligiga — loyihani amalga oshirish doirasida grantlarni olish va ularga xizmat koʻrsatish uchun Yaponiya tomoni bilan kelishgan holda barcha tartib-qoidalarni rasmiylashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga — grantlarga hisob-kitob xizmati koʻrsatish;
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga — grantlarga hisob-kitob xizmati koʻrsatish yuzasidan Yaponiya tomonining vositachilik xarajatlari konvertatsiya qilinishini taʼminlash yuklansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi grantlarga hisob-kitob xizmati koʻrsatilganligi uchun Yaponiya tomonining vositachilik xarajatlariga Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan haq toʻlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha loyihani amalga oshirishda qatnashadigan xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari konsullik yigʻimlari va boshqa yigʻimlar undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi buyurtmanomalari boʻyicha loyihani amalga oshirishda qatnashadigan xorijiy mutaxassislarga vizalar berilishi va uzaytirilishini, shuningdek ular yashash joylarida davlat bojlari undirilmasdan vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazilishini va vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazish muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
loyihani amalga oshirish doirasida Yaponiyada oʻqigan Oʻzbekiston mutaxassislarining maʼlumoti toʻgʻrisidagi hujjatlar nostrifikatsiya qilinishiga va ular ishga joylashtirilishiga koʻmaklashsin;
ular mehnat faoliyatining doimiy monitoringini olib borsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 25-iyul,
210-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 30-son, 392-modda)