O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
DAVLAT-TIJORAT XALQ BANKINI RIVOJLANTIRISh BORASIDAGI QO‘ShIMChA ChORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Bo‘sh pul mablag‘larining omonatlarda to‘planishidan aholining manfaatdorligini oshirish hamda davlat-tijorat Xalq banki omonatchilarining manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, uning resurs bazasini mustahkamlash maqsadida:
1. 2000—2005-yillar mobaynida Xalq bankining nizom jamg‘armasini 10 mlrd so‘mgacha ko‘paytirib, quyidagi ulushlarda qo‘shimcha qo‘yilmalar kiritish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki va davlat-tijorat Xalq bankining taklifi ma’qullansin:
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (51 foiz) 3,57 mlrd so‘m:
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki (49 foiz) 3,43 mlrd so‘m.
2. Xalq banki 2005-yil 1-yanvarga qadar soliqlarning barcha turlaridan ozod qilinsin va bo‘shagan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Xalq banki nizom jamg‘armasidagi ulushini to‘ldirishga yo‘naltirilsin.
3. “Davlat-tijorat Xalq bankini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 25-dekabrdagi PF-2162-son Farmonining 3-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘n kun muddatda mazkur Farmonni ijro etish yuzasidan qaror qabul qilsin.
5. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S.Azimov va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining raisi F.M.Mullajonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 7-dekabr,
PF-2773-son
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2000-y., 11-son, 172-modda)