Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va
Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Telekommunikatsiya va pochta aloqasi sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ozarbayjon Respublikasi Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi xalqlari oʻrtasidagi mavjud teng huquqlilik va oʻzaro manfaatli hamkorlikka asoslangan aloqalarni rivojlantirishga intilib,
telekommunikatsiya va pochta aloqasi sohasidagi ikki tomonlama munosabatlar Butunjahon pochta ittifoqi hujjatlarining qoidalari hamda Xalqaro elektr aloqasi ittifoqi tavsiyanomalariga, shuningdek boshqa xalqaro shartnomalarga qatʼiy muvofiqlikda qurilishi lozimligini eʼtiborga olib,
telekommunikatsiya va pochta aloqasi sohasidagi birgalikdagi harakatlar va hamkorlik oʻzaro yordam asosida rivojlanishi lozim deb hisoblab,
Tomonlar oʻrtasida aloqa vositalarining betoʻxtov faoliyat koʻrsatishini taʼminlash uchun mustahkam huquqiy, iqtisodiy va texnologik munosabatlar oʻrnatishni istab,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar xalqaro huquqning umumiy qabul qilingan norma va tamoyillari, Oʻzbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi qonunchiliklari, Butunjahon pochta ittifoqi hujjatlari qoidalari hamda Xalqaro elektr aloqasi ittifoqi tavsiyalariga muvofiq oʻz vakolatlari hamda imkoniyatlari hajmida harakat qilib, telekommunikatsiya va pochta aloqasi sohasida hamkorlik qilishni davom ettiradilar va kengaytiradilar.
2-modda
Telekommunikatsiya va pochta aloqasini tashkil qilishdagi barcha oʻzgarishlar toʻgʻrisida, shuningdek aloqa xizmatlari uchun oʻzaro hisob-kitoblar tartibi toʻgʻrisida ushbu oʻzgarishlarning boshlanishi taklif etilayotgan sanadan uch oy oldin Tomonlar bir-birlarini oldindan xabardor etadilar.
Tomonlar telekommunikatsiya, pochta joʻnatmalari va maxsus aloqa xizmatlarining barcha turlarini, televideniye va radioeshittirish dasturlarini oʻzaro foydali shartlarda oʻz davlatlari hududidan tranzit orqali erkin oʻtkazishni amalga oshirishni kafolatlaydilar. Tranzitda oʻtkazish oldindan shartlashuvga binoan va Tomonlarning organlari tomonidan tasdiqlangan yoʻnalish, roʻyxat va tarif boʻyicha amalga oshiriladi.
3-modda
Ushbu Bitimni bajarishdan kelib chiqadigan hisob-kitoblar va toʻlovlar Tomonlarning aloqa maʼmuriyatlari oʻrtasida amalda boʻlgan bitimlarga muvofiq amalga oshiriladi.
Aloqa xizmati koʻrsatishga doir barcha oʻzaro hisob-kitoblar markazlashgan holda tegishli xizmatlar va vakolatli banklar orqali Tomonlar davlatlarining amaldagi qonunchiliklariga muvofiq amalga oshiriladi.
4-modda
Tomonlar bir-birlariga Tomonlar aloqa maʼmuriyatlarining uchinchi mamlakatlar va tegishli xalqaro tashkilotlardagi faoliyatiga toʻsqinlik qiluvchi yoki qiyinlashtiruvchi tahqirlovchi choralarni qoʻllamaydilar.
5-modda
Tomonlar boshqa Tomonning radio va televizion dasturlarini hamda davriy nashrlarini yozilganligiga koʻra va sotuvda oʻz davlatlari hududida Tomonlar yoki ularning tegishli idoralari oʻrtasida tuzilgan shartnomalar va bitimlarda belgilangan hajmlarda tarqatishni tashkil etishda bir-birlariga yordam koʻrsatadilar.
Tomonlar zarur hollarda oʻz vakolati doirasida oʻz davlatida amalda boʻlgan qoidalar va qonunchilik, xalqaro bitimlar, Xalqaro elektr aloqasi ittifoqi tavsiyalariga muvofiq radio toʻlqinlaridan foydalanishni muvofiqlashtiradilar.
Bunday muvofiqlashtirish korrespondensiyalar almashish yoki alohida bitimlarni imzolash yoʻli bilan amalga oshiriladi.
6-modda
Tomonlar xizmatlar koʻrsatishda ishtirok etuvchi barcha aloqa korxonalari isteʼmolchi oldida oʻz vaqtida va sifatli xizmat koʻrsatish uchun teng javobgar boʻlishlari toʻgʻrisida kelishdilar. Xalqaro aloqaning sifatsiz ishiga shikoyatni koʻrib chiqish tartibi Butunjahon pochta ittifoqi hujjatlari va Xalqaro elektr aloqasi ittifoqi tavsiyalari bilan belgilanadi.
7-modda
Tomonlar rus va ingliz tillaridan aloqa korxonalarining telefonchilari, telegrafchilari, texnik xodimlari, pochta ishchilari oʻrtasida xizmat axboroti almashish uchun, shuningdek xizmat hujjatlarini ayirboshlash uchun foydalanishga kelishdilar.
Tomonlar davlatlari joʻnatadigan pochta joʻnatmalari va telegrammalarning manzillari rus tilida yoki lotin yozuvida rasmiylashtiriladi.
Telegrammalarning matnlari lotin yozuvida qabul qilinishi va uzatilishi mumkin.
8-modda
Davlatlararo maʼlumotlar va axborotlarni uzatishning texnologik jarayonlarida Tomonlar aloqa korxonalarida yagona hisob-hisobot vaqti — Moskva vaqtini qoʻllaydilar.
9-modda
Tomonlar tezkor-texnik boshqaruv tizimlarining amaldagi texnologik jarayonlarga muvofiq oʻzaro harakat qilishiga yordam berishga kelishdilar.
Tomonlar favqulodda vaziyatlarda aloqa vositalari orqali maʼlumotlarni ustuvor uzatishni taʼminlaydilar.
Tomonlar davlatlararo aloqa liniyalarida avariya oqibatlarini tugatishda oʻzaro yordam koʻrsatadilar.
Tiklash ishlarini amalga oshirish chogʻida oʻzaro birgalikda harakat qilish tartibi Tomonlarning aloqa maʼmuriyatlari tomonidan ishlab chiqiladi va kelishiladi.
10-modda
Tomonlar davlatlararo ahamiyatga ega boʻlgan aloqa obyektlarining qurilishi va ulardan foydalanish normalari hamda qoidalarini muvofiqlashtirishga kelishdilar.
11-modda
Tomonlar telekommunikatsiya va pochta aloqasi sohasidagi munosabatlarda yuzaga keladigan nizolar muzokaralar yoʻli bilan hal etilishiga kelishdilar.
12-modda
Ushbu Bitimga Tomonlarning yozma ravishda roziliklariga koʻra ushbu Bitimning ajralmas qismi boʻlib qoluvchi protokollar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
13-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning uning kuchga kiritilishi uchun zarur boʻlgan ichki davlat tartiblarini bajarganligi toʻgʻrisida oxirgi yozma bildirishi kunidan kuchga kiradi hamda Tomonlardan biri boshqa Tomonni uning harakatlarini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor etgunga qadar amalda boʻladi.
Ushbu Bitim bunday bildirishnoma olingach olti oy oʻtgach soʻng oʻz kuchini yoʻqotadi.
Ushbu Bitim oʻz kuchini yoʻqotganligi Tomonlarning ushbu Bitimning amalga oshirish boʻyicha vujudga kelgan va uning toʻxtatish paytiga bajarilmagan moliyaviy majburiyatlariga daxl qilmaydi.
Toshkent shahrida 1997-yil 18-iyunda ikki nusxada, har biri oʻzbek, ozarbayjon va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga egadir.
Ushbu Bitimni talqin etish maqsadlarida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)