Norasmiy tarjima
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Islom taraqqiyot banki ishtirokidagi “Toshkent shahar koʻcha yoritish tizimiga energiya samarador texnologiyalarni joriy etish loyihasini” amalga oshirishga doir birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Toshkent shahri koʻcha yoritish elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va koʻp energiya talab qiladigan uskunalarni energiya tejaydigan texnologiyalarga almashtirish orqali elektr energiyasi sarfini kamaytirishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Islom taraqqiyot banki (ITB) direktorlari Kengashi tomonidan 2013-yil 10-fevralda “Toshkent shahar koʻcha yoritish tizimida energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish” loyihasini (keyingi oʻrinlarda investitsiya loyihasi deb yuritiladi) amalga oshirish uchun 15 yil muddatga, shu jumladan 3 yillik imtiyozli davrni hisoblagan holda 36,0 mln AQSH dollari miqdorida moliyaviy mablagʻlar taqdim etilishi maʼqullanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin;
investitsiya loyihasini amalga oshirish muddati 3 yil (2014 — 2016-yillar) ni tashkil etadi.
2. Belgilansinki:
investitsiya loyihasini samarali amalga oshirish va ITB moliyaviy mablagʻlaridan maqsadli foydalanish uchun masʼul ijro etuvchi organ Toshkent shahar hokimligi huzuridagi “Toshshaharnur” davlat unitar korxonasi (keyingi oʻrinlarda “Toshshaharnur” davlat unitar korxonasi) hisoblanadi.;
Oʻzbekiston Respublikasining kafolat berganligi uchun haq undirilmaydi.
3. Vakolat berilsin:
“Toshshaharnur” davlat unitar korxonasiga investitsiya loyihasini moliyalashtirish boʻyicha ITB bilan muddatli oldi-sotdi toʻgʻrisidagi bitimini Oʻzbekiston Respublikasi nomidan imzolashga;
moliya vaziriga Oʻzbekiston Respublikasi nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va ITB oʻrtasida kafolat bitimini imzolash uchun.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va ITB oʻrtasida kafolat bitimi boʻyicha yuridik xulosa bersin.
5. Toshkent shahar hokimligiga investitsiya loyihasi doirasida tadbirlarni muvofiqlashtirish va amalga oshirish, shuningdek jalb etilayotgan mablagʻlardan maqsadli foydalanish uchun javobgarlik yuklansin.
6. “Toshshaharnur” davlat unitar korxonasi:
uch oy muddatda investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy hisoblarini ishlab chiqilishini va vakolatli ekspertiza organlari bilan kelishilishini taʼminlasin hamda tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda kiritsin;
investitsiya loyihasi boʻyicha bosh pudratchini aniqlash uchun xalqaro tender savdolari oʻz vaqtida oʻtkazilishini taʼminlasin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari G.I. Ibragimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 1-may,
115-son