Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash toʻgʻrisida
Yurtimizda moʻtabar ayol zotiga munosib hurmat-ehtirom koʻrsatish, ularning ijtimoiy hayotimizdagi oʻrni va nufuzini oshirish, barkamol xotin-qizlar avlodini voyaga yetkazish maqsadida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini taʼsis etish boʻyicha takliflarni qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi 1999-yil 10-iyundagi Farmoniga muvofiq qabul qilingan Nizomga asosan:
1. Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi huzuridagi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasining aʼlo xulqi, zukkoligi, oʻqishdagi muvaffaqiyatlari, tashabbuskorligi bilan noyob isteʼdodini namoyon etayotgan hamda adabiyot, madaniyat, sanʼat, taʼlim va sport sohalaridagi alohida yutuqlari uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining iqtidorli qizlarini Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanganlarga 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar bayramiga bagʻishlab oʻtkaziladigan tantanalarda sovrindorlik diplomlari va koʻkrak nishonlari topshirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlarining har biriga eng kam oylik ish haqining 50 baravari miqdorida pul mukofoti berilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalarining ibratli faoliyati, ularning noyob isteʼdodi va erishgan yutuqlarini keng yoritib borish tavsiya etilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E. Basitxanova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2013-yil 2-mart,
PQ-1930-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2013-y., 3-son, 79-modda)