Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
2004 YIL 1 AVGUSTDAN ISh HAQI, PENSIYALAR, STIPENDIYALAR VA IJTIMOIY NAFAQALAR MIQDORINI OShIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 13-apreldagi PF-3596-sonli “2005-yilning 1 mayidan boshlab ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va ijtimoiy nafaqalar miqdorini oshirish toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublika aholisining turmush darajasini yanada oshirish va fuqarolarning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish maqsadida:
1. 2004-yilning 1-avgustidan boshlab budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, barcha turdagi pensiyalar va ijtimoiy nafaqalar, oliy oʻquv yurtlari talabalarining, oʻrta maxsus, kasb-hunar bilim yurtlari oʻquvchilarining stipendiyalari oʻrtacha 1,3 baravar oshirilsin.
2. 2004-yilning 1-avgustidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududida eng kam:
ish haqi — oyiga 6530 soʻm;
yoshga doir pensiyalar — oyiga 12920 soʻm;
yagona tarif setkasi boʻyicha boshlangʻich (nolinchi) razryad — oyiga 6530 soʻm;
bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa — oyiga 12920 soʻm;
zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa oyiga 7825 soʻm miqdorida belgilansin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, ish haqiga qoʻshiladigan ustama va qoʻshimcha haqlarning barcha turlari, shuningdek, pensiyalar, ikki yoshgacha boʻlgan bolalarni tarbiyalayotgan onalarga, bolali oilalarga beriladigan nafaqalar hamda eng kam ish haqiga nisbatan belgilangan kompensatsiya va boshqa toʻlovlar 2004-yil 1-avgustidan boshlab mazkur Farmonda belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, budjetdan moliyalanadigan tashkilot hamda muassasalar bilan birgalikda pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar, budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining mansab maoshlari miqdorini mazkur Farmondan kelib chiqqan holda oʻz vaqtida qayta hisoblab chiqishni taʼminlasin.
5. Budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, nafaqa va stipendiyalarning oshirilishi bilan bogʻliq xarajatlar Respublika Davlat budjeti va budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi hisobidan amalga oshirilsin.
6. Xoʻjalik hisobidagi korxona va tashkilotlar 2004-yilning 1-avgustidan boshlab ish haqi miqdorini mazkur Farmonda belgilangan eng kam ish haqiga muvofiq ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va mehnat sarfini kamaytirish hisobidan amalga oshirsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 2-apreldagi PF–3231-son Farmoni oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mazkur Farmonni amalga oshirish yuzasidan bir hafta muddat ichida qaror qabul qilsin.
9. Mazkur Farmon matbuotda eʼlon qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 1-iyul,
PF-3450-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 26-son, 297-modda)