Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Oʻzbek Lizing interneyshnl A.J.” qoʻshma lizing kompaniyasi faoliyati masalalari toʻgʻrisida
“Oʻzbek Lizing interneyshnl A.J.” qoʻshma lizing kompaniyasining tadbirkorlik subyektlarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash loyihalarini moliyalashtirishdagi ishtirokini yanada kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan “Oʻzbek Lizing interneyshnl A.J.” qoʻshma lizing kompaniyasining ustav jamgʻarmasidagi ulushini “Oʻzbek-Oman investitsiya kompaniyasi” masʼuliyati cheklangan jamiyat foydasiga berilganligi;
aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi qaroriga koʻra “Oʻzbek Lizing interneyshnl A.J.” qoʻshma lizing kompaniyasining ustav jamgʻarmasi miqdori 3 mln AQSH dollari miqdoridagi taqsimlanmagan daromad hisobiga 9 mln AQSH dollarigacha oshirilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Oʻzbek Lizing interneyshnl A.J.” qoʻshma lizing kompaniyasi muassislarining ulushlarni quyidagi miqdorlarda taqsimlash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki — 3,15 mln AQSH dollari (35 foiz);
“Meybank” (Malayziya) — 3,15 mln AQSH dollari (35 foiz);
“Oʻzbek-Oman investitsiya kompaniyasi” masʼuliyati cheklangan jamiyat — 2,70 mln AQSH dollari (30 foiz).
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.02.2021-y., 09/21/87/0134-son)
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 15-yanvar,
10-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 3-son, 31-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.02.2021-y., 09/21/87/0134-son)