Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali avtomobil transportida suyultirilgan gaz tranzitini taqiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 9-moddasiga muvofiq, davlat xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini, aholining hayoti va sogʻligʻini himoya qilish, atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2013-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali avtomobil transportida suyultirilgan gaz (TIF TN kodi — 2711) tranziti taqiqlansin.
2. Tashqi ishlar vazirligi va Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi avtomobil transportida suyultirilgan gaz tranziti taqiqlanishi toʻgʻrisida yukni joʻnatuvchilarning xabardor qilinishini taʼminlasinlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi va Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududi orqali suyultirilgan gaz noqonuniy tranzit qilingan hollarda suyultirilgan gazning koʻrsatib oʻtilgan hajmini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat daromadiga qaratish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar koʻrsinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 26-dekabr,
362-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 52-son, 590-modda; 2016-y., 25-son. 308-modda)