Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
AHOLINI ANIQ YOʻNALTIRILGAN IJTIMOIY MADAD BILAN TAʼMINLAShDA FUQAROLARNING OʻZINI-OʻZI BOShQARISh ORGANLARI ROLINI OShIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Aholini ijtimoiy himoya qilishni taʼminlashda fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari rolini yanada oshirish, uning aniq yoʻnaltirilishini kuchaytirish, hududlarni ijtimoiy rivojlantirish borasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishda ushbu organlarning vakolatlarini va masʼuliyatini kengaytirish maqsadida, shuningdek muhtoj oilalarga aniq yoʻnaltirilgan ijtimoiy madad koʻrsatish borasida toʻplangan ijobiy tajribani eʼtiborga olib:
1. 1999-yil 1-martidan boshlab aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amaldagi chora-tadbirlar bilan bir qatorda fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari orqali quyidagilarni amalga oshirish maqsadga muvofiq deb topilsin:
ishlamaydigan onalarga bolasi ikki yoshga yetgunga qadar uni parvarish qilish boʻyicha nafaqalar tayinlash va toʻlash;
oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz pensionyerlarni asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash.
Belgilab qoʻyilsinki, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari tomonidan aholiga ijtimoiy madad koʻrsatish chogʻida ijtimoiy adolat tamoyillariga, qarorlar qabul qilish chogʻida oshkoralikka, madadning aniq yoʻnaltirilishiga rioya etish hamda boqimandalikka yoʻl qoʻymaslik, shuningdek ajratilgan mablagʻlardan samarali va maqsadli foydalanish asosiy shartlar hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yilgi budjetlarini shakllantirish chogʻida fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlariga ushbu bandda koʻrsatilgan toʻlovlarni amalga oshirish uchun zarur mablagʻlar ajratib berilishini koʻzda tutsin.
2 Oʻzbekiston Respublikasi Xalq banki fuqarolarning yuridik shaxs huquqiga ega boʻlgan oʻzini-oʻzi boshqarish organlari uchun “Ishlamaydigan onalarga bolasi ikki yoshga yetgunga qadar uni parvarish qilish boʻyicha nafaqalar” va “Yolgʻiz pensionyerlarini asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash” maxsus ilova hisobvaraqlarini ochsin
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2001-yil 17-apreldagi PF-2832-son Farmoniga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 4-son, 69-modda)
4. Fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlariga oʻz mablagʻlari hamda jalb etilgan mablagʻlar hisobidan, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy xayriya mablagʻlari hisobidan moddiy madadga muhtoj boʻlgan yosh oilalarga har tomonlama yordam koʻrsatish tavsiya etilsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlarning hokimliklari zimmasiga ijtimoiy imtiyozlarni tayinlash chogʻida oshkoralik va ijtimoiy adolat tamoyillariga rioya etilishi, shuningdek fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari tomonidan mablagʻlar qatʼiyan aniq maqsad yoʻlida foydalanilishi ustidan doimiy nazoratni taʼminlash vazifasi yuklansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Matbuot davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzteleradio kompaniyasi, ommaviy axborot vositalari fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari zimmasiga yuklangan yangi yumushlar hamda vazifalar toʻgʻrisida aholi oʻrtasida keng tushuntirish ishlarini olib borsinlar, aholining ijtimoiy himoyasini taʼminlash boʻyicha fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari faoliyati toʻgʻrisida axborot berib borsinlar.
7. Ushbu Farmonning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Oʻ. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 13-yanvar,
PF-2177-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 1-son, 36-modda; 2001-y., 4-son, 69-modda)