Oʻzbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston oʻrtasida
Shartnoma
Doʻstona munosabatlarni va har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi va Turkmaniston — bundan keyin Tomonlar deb ataluvchi,
ikki davlat xalqlari oʻrtasidagi tarixiy doʻstona va qoʻshnichilik urf odatlariga asoslanib,
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston oʻrtasida doʻstlik, hamkorlik va oʻzaro yordam toʻgʻrisida 1996-yil 16-yanvardagi (Turkmenbashi) Shartnomada, Oʻzbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston oʻrtasida doʻstlik, ishonchni mustahkamlash va hamkorlikni rivojlantirish toʻgʻrisida 2004-yil 19-noyabrda (Sandjar) Shartnomada nazarda tutilgan oʻzbek-turkman munosabatlarining fundamental prinsiplar va Tomonlar oʻrtasida erishilgan boshqa kelishuvlardagi huquq va majburiyatlaridan kelib chiqib,
Oʻzbekiston bilan Turkmaniston oʻrtasidagi munosabatlarni sifatli yangi darajaga koʻtarishga boʻlgan oʻzaro intilishlari ular xalqlarining tub manfaatlariga toʻla javob berishini, milliy, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash va mustahkamlash ishiga xizmat qilishini hisobga olib,
oʻzlarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustavining maqsadlari va prinsiplariga sodiqligini tasdiqlab,
anʼanaviy doʻstona munosabatlarini yanada mustahkamlash, barcha yoʻnalishlarda har tomonlama hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish va ikki tomonlama hamkorlikka yangi sifat berish hamda uning xalqaro-huquqiy negizini mustahkamlash zaruratidan kelib chiqib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar;
1-modda
Tomonlar ikki tomonlama va mintaqaviy munosabatlarning asosiy masalalari, shuningdek bir-birini qiziqtiradigan xalqaro muammolar boʻyicha muntazam ravishda fikr almashib, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalariga asoslangan teng huquqli hamkorlikni mustahkamlaydilar.
2- modda
Tomonlar Birlashgan Millatlar Tashkilotida, uning ixtisoslashgan tashkilotlarida va boshqa koʻp tomonlama davlatlararo tizimlarida birgalikda faol harakat qiladilar. Ular xalqaro tashkilotlar doirasida ularning milliy manfaatlariga daxldor masalalar koʻrilayotganda bir-birini qoʻllab-quvvatlaydilar va oʻzaro tushunishlarini namoyon qiladilar.
3- modda
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi va Turkmanistonning hududiy yaxlitligini va hozirgi mavjud chegaralarining buzilmasligini tan oladilar va hurmat qiladilar.
Tomonlar boshqa Tomonning suverenitetiga, xavfsizligiga, hududiy yaxlitligiga zarar yetkazadigan, shu jumladan uchinchi davlatlar bilan shunga qaratilgan xalqaro shartnomalar tuzish boʻyicha biron-bir harakat qilmaydilar.
Tomonlar oʻz hududlarida har bir davlatning mustaqilligi va hududiy yaxlitligiga qarshi qaratilgan tashkilotlar, guruhlar va ayrim shaxslarning qonunga zid faoliyatini man qiladilar va ularning paydo boʻlishiga barham beradilar.
4-modda
Terrorizm va transmilliy uyushgan jinoyatchilikning boshqa turlariga, tinchlikka va xalqaro xavfsizlikka solinadigan yangi tahdidlarga, xavflarga qarshi turishda, narkotik vositalar, psixotrop moddalar va ularning prekursorlarining noqonuniy aylanishlariga qarshi kurashda hamkorlik qilish maqsadida, Tomonlar davlatlarining tegishli vakolatli organlar bilan alohida xalqaro shartnomalar tuzish va xalqaro-huquqiy vositalardan foydalanish yoʻli bilan bevosita aloqalarini qoʻllab-quvvatlaydilar.
5-modda
Tomonlar ikki davlat oʻrtasida iqtisodiyot va savdo sohasidagi hamkorlik oʻzaro manfaatli ekanligini taʼkidlab, oʻzaro savdoni, investitsiyalarni va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun harakat qiladilar.
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi va Turkmanistonning barqaror iqtisodiy rivojlanishini taʼminlash, Tomonlarning xoʻjalik yurituvchi subyektlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy, investitsion, ilmiy-texnikaviy hamkorlikligini rivojlantirish va mustahkamlash uchun mustahkam shartnomaviy-huquqiy negiz va qulay sharoit yaratish maqsadida ikkala davlat manfaatlari uchun, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantiradilar, kengaytiradilar va mustahkamlaydilar.
Tomonlar jahon bozorida raqobatlasha oladigan zamonaviy texnologiyalarni joriy qilib, qoʻshma ishlab chiqarishlarni yaratish va rivojlantirish jarayonlarini faollashtirish boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrib hamkorlikning yuqorida koʻrsatilgan sohalarida loyihalar taklif qiladilar va amalga oshiradilar, shuningdek ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli loyihalarini moliyalashda ikkala davlatning moliyaviy institutlarini ragʻbatlantiradilar va xalqaro moliyaviy institutlarning mablagʻlarini va resurslarini birgalikda jalb qiladilar.
Tomonlar ikki davlat kichik va xususiy korxonalarining oʻzaro faol harakatlari va bevosita aloqa qilishlariga yordam beradilar, raqobatbardosh tayyor mahsulot ishlab chiqarishga moʻljallangan qoʻshma korxonalar tuzish va faoliyatini yoʻlga qoʻyishga, va shuningdek hamkorlikning boshqa istiqbolli shakllarini rivojlantirishga koʻmaklashadilar.
6-modda
Tomonlar ijodiy uyushmalar va jamgʻarmalar, jamoat birlashmalari, madaniyat, adabiyot va sanʼat arboblari oʻrtasida tarixiy shakllanib qolgan aloqalar va amaliy muloqotlar asosida madaniy hamkorlikni rivojlantirish, xalqlarning etnik va tildagi oʻziga xosligini saqlash, mazkur yoʻnalishlarida qoʻshma dasturlar va tadbirlarni amalga oshirish yoʻli bilan gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantiradilar.
Tomonlar oʻquv yurtlari, ilmiy va ilmiy-tadqiqot muassasalari oʻrtasida bevosita aloqa oʻrnatishga, birgalikdagi ilmiy konferensiyalar, simpoziumlar va boshqa ilmiy forumlarni amalga oshirishga, tarixiy qoʻlyozmalarni va boshqa birlamchi manbalarni oʻrganish maqsadida ilmiy safarlar tashkillashtirishga yordamlashadilar.
Tomonlar professional kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlik qilish uchun qulay sharoitlar yaratadilar. Ular muntazam ravishda olimlar va mutaxassislar, oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlari professor-oʻqituvchilar tarkibi, aspirantlar, stajerlar va talabalar bilan almashadilar.
7- modda
Tomonlar harbiy-texnikaviy sohada hamkorlikni rivojlantiradilar.
8- modda
Tomonlar transport infratuzilmasi, eksport-import yuklarini, tovarlarni tashish va tranzit qilish sohasida hamkorlikni faollik bilan rivojlantiradilar, shu jumladan alohida bitimlarda koʻzda tutilgan shartlar asosida mintaqaviy va mintaqalararo transport yoʻlaklarini yaratadilar va takomillashtiradilar.
9- modda
Tomonlardan alohida bitimlarda nazarda tutilgan shartlar asosida oʻzlarining dengiz, daryo, havo portlari va temir yoʻl va avtomobil tarmoqlari, shu bilan birga quvurlari orqali boshqa Tomonning transport operatsiyalarni taʼminlaydilar.
Tomonlar oʻzlarining hududlari orqali tranzit bilan yuk va tovarlarni tashish uchun eng qulay sharoitlarni yaratib beradilar.
10- modda
Mazkur Shartnoma uchinchi davlatlarga qarshi qaratilgan emas va Tomonlarning oʻzlari ishtirokchisi boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
11- modda
Mazkur Shartnoma ratifikatsiya qilinishi lozim va ratifikatsiya yorliqlari almashilgan sanadan boshlab kuchga kiradi.
12- modda
Mazkur Shartnoma nomuayyan muddatga tuzildi va Tomonlardan biri boshqa Tomonni uni bekor qilish niyati borligi toʻgʻrisida yozma ravishda xabar berguncha oʻz kuchida qoladi. Bu holda Shartnoma boshqa Tomonning shunday xabar olgan sanasidan boshlab oʻn ikki oy oʻtgandan soʻng oʻz kuchini yoʻqotadi.
Ashxobod shahrida 2007-yil 18-oktabrda (Garashsizlik) ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, turkman va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Shartnoma qoidalarini talqin qilish uchun rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)