Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Bolgariya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Intellektual mulk huquqlarini muhofaza qilish sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Bolgariya Respublikasi Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
iqtisodiyot, savdo, madaniyat, fan va texnika sohasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish uchun intellektual mulkni samarali himoya qilishning muhimligini anglab,
1967-yil 14-iyulda Stokgolmda imzolangan Butunjahon intellektual mulk tashkilotini taʼsis Konvensiya qoidalariga asoslanib (bundan keyin— Konvensiya),
1996-yil 21-iyunda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi, bir tomondan, Yevropa hamjamiyatlari va ularga Aʼzo-davlatlar, ikkinchi tomondan, oʻrtasida sherikchilik taʼsis etuvchi Sherikchilik va hamkorlik toʻgʻrisida Bitimga muvofiq,
Tenglik va oʻzaro manfaatdorlik prinsiplari asosida intellektual mulk huquqlarini muhofaza qilish sohasida qulay sharoitlar yaratib berishni istab va hamkorlikni rivojlantirish zarurligini anglab,
quyidagilar haqida kelishdilar:
1 - modda
Ushbu Bitim maqsadlari uchun “intellektual mulk” termini Konvensiyaning 2-moddasida koʻrsatilgan maʼnoda tushuniladi.
2 - modda
1. Tomonlar davlatlarning milliy qonunchiliklari va oʻzlari ishtirokchi boʻlgan xalqaro shartnomalarga muvofiq, ikkala davlat rezidentlari subyektlarining intellektual mulk huquqlarini muhofaza qilish yuzasidan samarali chora-tadbirlar koʻradilar.
2. Intellektual mulk sohasida bir davlatning jismoniy va yuridik shaxslari boshqa davlat hududida shu davlat qonunchiligi tomonidan oʻzining jismoniy va yuridik shaxslariga hozirgi vaqtda berilgan yoki beriladigan shunday huquq va imtiyozlardan va shuningdek ularni shunday asoslarda va hajmda muhofaza qilish usullaridan foydalanadilar.
3- modda
Tomonlar oʻz davlatlari qonunchiligiga muvofiq quyidagi sohalarda hamkorlik qiladilar:
1) intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish va huquqlaridan foydalanish bilan bogʻliq masalalarni muvofiqlashtirish;
2) intellektual mulk huquqini muhofaza qilish sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish boʻyicha axborot almashish va bu yoʻnalishda rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish;
3) intellektual mulk huquqini muhofaza qilish sohasida tadbirlar oʻtkazishdan tajriba almashish;
4) oʻquv, uslubiy va maxsus adabiyotlar almashish;
5) intellektual mulk huquqini muhofaza qilish sohasida kadrlar tayyorlash va kasbiy malakasini oshirish;
6) Tomonlarning intellektual mulk huquqlarini muhofaza qilish boʻyicha koʻp tomonlama xalqaro shartnomalarda ishtirok etishi va shu shartnomalar bilan bogʻliq majburiyatlarini bajarish boʻyicha xalqaro hamkorlikdan tajriba va axborot almashish;
7) Tomonlar oʻrtasida ilmiy – texnikaviy hamkorlikning ahvoli toʻgʻrisida axborot almashish;
8) intellektual mulk huquqini muhofaza qilish masalalari boʻyicha birgalikda seminar va konferensiyalar oʻtkazish hamda koʻrgazmalar tashkil etish;
9) va shuningdek hamkorlikning boshqa sohalarini qamrab olish.
Mualliflik va boshqa turdosh huquqlarni himoya qilishga, va shuningdek ushbu tashkilotlar oʻrtasida maʼlumotlar bazasi almashinuviga masʼul boʻlgan tashkilotlararo aloqa oʻrnatish.
Tomonlar hududlarida asarlar va turdosh huquqlarga ega boʻlgan obyektlardan foydalanganlik uchun mualliflik haqini oʻz vaqtida va toʻgʻri hisoblash maqsadida mualliflar hamda ularning asarlari toʻgʻrisida maʼlumotlar bazasi, va boshqa axborotlar almashish.
4 - modda
Tomonlar oʻz davlatlarining qonunchiligiga va ular ishtirokchi boʻlgan xalqaro shartnomalarga muvofiq intellektual mulk huquqini muhofaza qilish sohasida huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha choralar koʻradilar.
5 - modda
Agar ikki tomonlama hamkorlikni amalga oshirishda intellektual mulkning maxfiy obyektlarini yaratish yoki ulardan foydalanish nazarda tutilsa, tegishli kontrakt yoki bitimlarni maxfiylikni saqlash toʻgʻrisida qoidalar kiritiladi.
6 - modda
1. Tomonlarning ushbu Bitim qoidalarini amalga oshirish boʻyicha vakolatli organlari quyidagilardir:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan: Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi va Oʻzbekiston mualliflik huquqini himoya qilish respublika agentligi;
Bolgariya Respublikasi Hukumati nomidan: Bolgariya Respublikasi Madaniyat vazirligi.
2. Vakolatli organlarning nomlari yoki vazifalari oʻzgarganda Tomonlar diplomatik kanallar orqali oʻz vaqtida xabardor qiladilar.
7- modda
Ushbu Bitimga Tomonlarning oʻzaro roziligi bilan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. U alohida protokollar sifatida rasmiylashtiriladi va ushbu Bitimning ajralmas qismi hisoblanadi.
8 - modda
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllashda bahs va kelishmovchiliklar yuzaga kelganda Tomonlar ularni maslahatlashuv va muzokaralar yoʻli bilan hal etadilar.
9 - modda
Ushbu Bitim qoidalari Tomonlarning oʻzlari ishtirokchi boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
10 - modda
Ushbu Bitim intellektual mulk huquqlarini muhofaza qilish sohasida Tomonlarning boshqa davlatlar bilan ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorlikda toʻsqinlik qilmaydi.
11 - modda
Ushbu Bitim doirasida Tomonlar vakolatli organlarining ishchi hamkorlik tili rus tili hisoblanadi.
12 - modda
1. Ushbu Bitim kuchga kirishi uchun zarur boʻladigan ichki davlat tartib-qoidalarini Tomonlar bajargani toʻgʻrisida oxirgi yozma xabarnoma diplomatik kanallar orqali olingan kundan boshlab kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim besh yillik muddatga tuziladi va agar Tomonlardan hech biri navbatdagi besh yillik muddat tugashiga kamida olti oy qolganga qadar boshqa Tomonga uning amalini toʻxtatish niyati borligi haqida yozma xabarnoma yubormasa, keyingi besh yillik muddatlarga uzaytiriladi .
13 - modda
1. Ushbu Bitim amali toʻxtatilgan taqdirda uning qoidalari agar Tomonlar boshqacha fikrga kelmasa, ushbu Bitim doirasida boshlab qoʻyilgan va oxiriga yetkazilmagan barcha tadbirlarga nisbatan qoʻllanishda davom etadi.
2. Ushbu Bitim amalini toʻxtatilishi jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va burchlariga, va shuningdek Bitim amali tugatilgunga qadar paydo boʻlgan intellektual mulk obyektlariga nisbatan sir saqlash toʻgʻrisidagi Tomonlarning majburiyatlariga daxl qilmaydi.
Toshkent shahrida 2008-yil 6-noyabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, bolgar va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchilik yuzaga kelsa, Tomonlar rus tilidagi matnga murojaat qiladilar.
(imzolar)