Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
NORMATIV-HUQUQIY HUJJATNI DAVLAT REESTRIDAN ChIQARISh TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 7-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2385]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 23-avgustdagi PQ–1602-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 9-oktabrdagi 469-son “Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar meʼyoriy hujjatlarining qonuniyligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1997-y., 10-son, 33-modda) hamda 2000-yil 19-maydagi 197-son “Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning meʼyoriy hujjatlarini qabul qilish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 2000-y., 5-son, 26-modda) qarorlariga asosan buyuraman:
1. “Oʻzkommunxizmat” agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi, Davlat mulkini boshqarish qoʻmitasi hamda Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasiga Adliya vazirligi tomonidan kiritilgan Binolar va inshootlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani (roʻyxat raqami 387, 1998-yil 7-yanvar) qonun hujjatlariga muvofiq qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi 2009-yil 10-iyundagi 6-03-31/21-son, 2011-yil 29-sentabrdagi 1-6-626/8-son taqdimnomalar va 2012-yil 28-maydagi 6-16/21-5743/6-son xatining talablari bajarilmaganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Binolar va inshootlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma (roʻyxat raqami 387, 1998-yil 7-yanvar) hamda Adliya vazirligi tomonidan 1998-yil 7-yanvarda 387-son bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan “Binolar va inshootlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma”ga oʻzgartirish va qoʻshimchalar (roʻyxat raqami 387-1, 1999-yil 29-iyun) Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralari normativ-huquqiy hujjatlarining davlat reyestridan chiqarilsin va bu haqda mazkur davlat reyestriga tegishli yozuv kiritilsin.
3. Idoraviy meʼyoriy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi (B.Boliyev) ushbu normativ-huquqiy hujjatni Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralari normativ-huquqiy hujjatlarining davlat reyestridan chiqarilganligini oʻn kun muddat ichida barcha manfaatdor shaxslar eʼtiboriga yetkazilishi ustidan nazoratni taʼminlasin.
4. Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi (S.Nuriyev) ushbu buyruqni “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” – “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini taʼminlasin.
5. “Oʻzkommunxizmat” agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi, Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi hamda Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri boʻyicha davlat qoʻmitasi ushbu normativ-huquqiy hujjat Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralari normativ-huquqiy hujjatlarining davlat reyestridan chiqarilganligini oʻn kun muddat ichida barcha manfaatdor shaxslar eʼtiboriga yetkazishi lozimligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
6. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
7. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish vazirning birinchi oʻrinbosari E.Kanyazov zimmasiga yuklansin.
Vazir N. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
2012-yil 7-avgust,
171-mh-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 32-son, 379-modda)