Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA OʻRTA MAXSUS TAʼLIM VAZIRLIGI HUZURIDA TAʼLIM MUASSASALARIDA ELEKTRON TAʼLIMNI JORIY ETISH MARKAZINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida “Elektron taʼlim” milliy tizimini yaratish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2012-yil 16-apreldagi PQ–1740-son qarorining oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash, shuningdek oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida yuqori texnologik darajada oʻquv jarayonini tashkil etish uchun elektron oʻquv-metodik va axborot-kutubxona resurslari, axborot tizimlari shakllantirilishini taʼminlovchi yagona organni tashkil qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzurida Taʼlim muassasalarida elektron taʼlimni joriy etish markazini (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
“Elektron taʼlim” milliy tizimining maʼmuri va boshqarish funksiyasini amalga oshirish;
oliy va oʻrta-maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, shu jumladan videokonferens-aloqa va masofadan oʻqitish metodlaridan foydalangan holda oʻquv jarayoni va ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish loyihalarini amalga oshirish;
oliy va oʻrta-maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining “Elektron taʼlim” milliy tizimi axborot-taʼlim resurslaridan erkin foydalanishini taʼminlash;
oliy va oʻrta-maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida tashkil etiladigan va “Elektron taʼlim” milliy tizimiga kiritiladigan elektron metodik komplekslar va boshqa taʼlim resurslariga yagona talablarni ishlab chiqish;
oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi kadrlarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash muassasalari pedagoglari uchun oʻquv jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish boʻyicha maxsus oʻquv kurslarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
taʼlim jarayonida kompyuter uskunalaridan foydalanishning samaradorligini tahlil qilish va monitoring olib borish, oliy va oʻrta-maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining kompyuter va kommunikatsiya vositalarini yangilash boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Taʼlim muassasalarida elektron taʼlimni joriy etish markazining tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilab qoʻyilsinki, Markaz faoliyatini moliyalashtirish:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;
xalqaro tashkilotlarning xayriya mablagʻlari, grantlari;
xoʻjalik faoliyatidan olingan mablagʻlar, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
bir oy muddatda Markazning ustavi belgilangan tartibda ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini, shuningdek Markazning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
Markazni Toshkent shahri, Olmazor tumani, Universitet koʻchasi, 2-uy manzilidagi Toshkent davlat texnika universiteti binosiga ijara toʻlovisiz joylashtirsin;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishgan holda ikki hafta muddatda Markaz xodimlari razryadlarini ishlab chiqsin va ularning mehnatiga haq toʻlash shartlarini tasdiqlasin;
Markazni zarur ixtisosli malakali kadrlar bilan taʼminlash, shuningdek uning moddiy-texnika bazasini shakllantirish chora-tadbirlarini koʻrsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishuvi va Markazning asoslangan hisob-kitoblari boʻyicha har yili Markazni jihozlash va saqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasidan zarur mablagʻlar ajratsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bitta yengil xizmat avtotransportini saqlashga limit ajratsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 25-iyul,
228-son
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 25-iyuldagi 228-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Taʼlim muassasalarida elektron taʼlimni joriy etish markazining
TUZILMASI
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 30-son, 351-modda; 2016-y., 1-son, 6-modda)