Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
SANOAT TARMOQLARI KORXONALARINING MAʼNAVIY ESKIRGAN VA YEYILGAN ASBOB-USKUNALARINI JADAL YANGILASHGA DOIR QOʻSHIMCHA CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
2011-yilda vazirliklar va xoʻjalik birlashmalari tarkibiga kiradigan 418 ta yirik sanoat korxonasida texnologik asbob-uskunalarning texnik auditini oʻtkazish natijasida 161,4 mingta asbob-uskuna tekshirib chiqildi, ulardan asbob-uskunalarning 30 foizi yangilashni yoki 2012 — 2014-yillarda va keyingi yillarda foydalanishdan chiqarishni talab etadi.
Korxonalarda zamonaviy va jahon darajasida muvaffaqiyatli sinab koʻrilgan texnologiyalarni jadal joriy etish orqali ishlab turgan korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilishni davom ettirish va respublikaning sanoat salohiyatini mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
(1 — 3-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.02.2021-y., 09/21/87/0134-son)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Shunday tartib belgilansinki, unga muvofiq oʻtkazilgan texnik audit natijasida aniqlangan hisobdan chiqariladigan maʼnaviy eskirgan va yemirilgan texnologik asbob-uskunalar hamda jihozlardan hosil boʻladigan qora va rangli metallar parchalari qora va rangli metall parcha va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish), qayta ishlash hamda realizatsiya qilish faoliyatini amalga oshirish uchun tegishli litsenziyaga ega tadbirkorlik subyektlariga shartnomaviy narx boʻyicha sotiladi, tushgan mablagʻlar zamonaviy asbob-uskunalar sotib olishga maqsadli yoʻnaltiriladi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 24-avgustdagi 456-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.08.2026-y., 09/26/456/0870-son)
Oldingi tahrirga qarang.
5. Asosiy vositalarni tugatish natijasida olingan qora va rangli metallarni sotishdan tushgan daromadlarga amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq soliqlar solinmasligi hamda davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalar ajratilmasligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-apreldagi 122-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 17-son, 176-modda)
6. Tijorat banklariga ushbu qarorga 2, 2a va 2b-ilovalarga muvofiq foydalanishdan chiqariladigan asbob-uskunalar oʻrniga yangi texnologik asbob-uskunalar sotib olish uchun sanoat korxonalariga uzoq muddatli kreditlar ajratish tavsiya qilinsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi 2013-yil va keyingi yillar uchun Investitsiya dasturini shakllantirishda Manzilli roʻyxatga sanoat tarmoqlari korxonalarining maʼnaviy eskirgan va yeyilgan asbob-uskunalarini zamonaviy, jahon darajasida sinovdan oʻtgan asbob-uskunalar bilan almashtirgan holda yangilash loyihalari kiritilishini nazarda tutsinlar.
8. Vazirliklar, xoʻjalik birlashmalari va sanoat korxonalari har yili hisobot oyidan keyingi oyning 5-kunigacha boʻlgan muddatda maʼnaviy eskirgan va yeyilgan asbob-uskunalarni zamonaviy, jahon darajasida sinovdan oʻtgan asbob-uskunalar bilan almashtirgan holda yangilash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga axborot taqdim etsinlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi har chorakda hisobot beriladigan chorakdan keyingi oyning 10-kunigacha maʼnaviy eskirgan va yeyilgan asbob-uskunalarni zamonaviy, jahon darajasida sinovdan oʻtgan asbob-uskunalar bilan almashtirgan holda yangilash toʻgʻrisidagi tahliliy maʼlumotlarni tahlil qilish va natijalarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi komplekslari majlislarida koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S.Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 19-aprel,
115-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 17-son, 190-modda; 2016-y., 17-son, 176-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2017-y., 09/17/1017/0460-son; 22.02.2021-y., 09/21/87/0134-son; 23.12.2024-y., 09/24/859/1047-son; 25.08.2026-y., 09/26/456/0870-son)