O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA SOLIQLARNING RAG‘BATLANTIRUVChI AHAMIYATINI KUChAYTIRIShNING ASOSIY YO‘NALIShLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
1. O‘zbekiston Respublikasining 1995-yilgi davlat budjetini shakllantirish chog‘ida quyidagilar soliq tizimini isloh qilishning eng muhim yo‘nalishlari deb hisoblansin:
yuridik shaxslardan olinadigan soliq miqdorini kamaytirish;
mahsulot ishlab chiqarish va sotish hajmlarini ko‘paytirishga, tadbirkorlik faoliyatini va investitsiya faolligini kengaytirishga, mablag‘lar aylanishini jadallashtirishga va foydani oshirishga soliqlarning rag‘batlantiruvchi ta’sirini kuchaytirish;
tabiiy resurslar va mol-mulkdan olinadigan soliqlar ulushini oshirish hisobiga daromadlar tarkibini takomillashtirish resurs hamda ishlab chiqarish quvvatidan foydalanish samaradorligiga ularning ta’sirini kuchaytirish;
mahalliy budjetlarning daromad negizini mustahkamlash hamda respublika va mahalliy budjetlar o‘rtasida soliqlarni chegaralab qo‘yish hisobiga respublikaning davlat budjetida mahalliy budjetlarning salmog‘ini jiddiy ravishda oshirish;
soliq solish mexanizmini mumkin qadar soddalashtirish va soliq tizimining barqarorligini ta’minlash.
2. Soliq tizimini takomillashtirishning mazkur yo‘nalishlarini ro‘yobga chiqarishni ta’minlash uchun 1995-yilning 1-yanvaridan boshlab:
2.1. Qo‘shimcha qiymat solig‘ining miqdori 20 foizdan 18 foizgacha pasaytirilsin.
2.2. Korxonalarning daromad solig‘i o‘rniga foydadan olinadigan soliq joriy etilib, uning eng yuqori miqdori 38 foiz qilib belgilansin.
2.3. Dehqon (fermer) xo‘jaliklari, xususiy korxonalar, savdo korxonalari, xorijiy investitsiyalarga asoslangan korxonalar uchun amaldagi daromad solig‘i tartibi va soliq imtiyozlari saqlab qolinsin.
3. Foydadan soliq undirib olish chog‘ida:
3.1. Mahsulot ishlab chiqarish (ishlar, xizmatlar) hajmi o‘sishining har bir foizi uchun belgilangan soliq miqdoriga nisbatan 0,3 foizli punkt miqdorida pasaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llanilsin:
3.2. Balans foydasining 30 foizdan 50 foizgacha qismidan ishlab chiqarishni rivojlantirishda, uni qayta qurish va texnika bilan qayta qurollantirishda foydalanilgan taqdirda 5 foizli punkt miqdorida, balans foydasining 50 foizdan ko‘proq qismidan shu maqsadlarda foydalanilgan takdirda esa 10 foizli punkt mikdorida pasaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llanilsin;
3.3. Yangi barpo etilgan korxonalar uchun soliqdan ozod qilish, shuningdek imtiyozlar berishning amaldagi tartibi saqlab qolinsin;
3.4. Mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, korxona va tashkilotlar foydadan uy-joy va ijtimoiy-madaniy qurilishga sarflayotgan mablag‘larning 50 foizi soliq to‘lashdan ozod qilinsin.
4. Monopoliyachi korxonalar uchun belgilangan rentabellik darajasi oshirilishining har bir foiziga foydadan olinadigan belgilangan soliq miqdoriga nisbatan 0,5 foizli punkt miqdorida oshiriluvchi koeffitsiyent joriy etilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1995-yil 24-fevraldagi PF-1083-son Farmoniga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan— Oliy Majlis Axborotnomasi, 1995-y., 4-son, 70-modda)
6. Quyidagi soliq turlari bekor qilinsin:
6.1. O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqib ketiladigan xomashyo resurslari va mahsulotdan olinadigan soliq.
6.2. Fuqarolardan olinadigan daromad solig‘i to‘g‘risidagi qonunni jamoa xo‘jaliklarining a’zolariga nisbatan joriy etib, ularning mehnat haqi fondidan olinadigan soliq;
6.3. O‘rmon xo‘jaligidan tushadigan daromadni olib qo‘yish,
7. Belgilab qo‘yilsinki, amortizatsiya ajratmalarining jami hajmi korxonalarning tasarrufida qoladi.
8. Vazirlar Mahkamasiga O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining 1995-yilgi asosiy ko‘rsatkichlarini tasdiqlash huquqi berilsin, bunda quyidagilar ko‘zda tutilsin:
tabiiy resurslardan samarali foydalanishni rag‘batlantirish maqsadida ulardan olinadigan soliqlarning yangi stavkalarini belgilash;
soliq sohasidagi imtiyozlarni tartibga solish;
daromadlarni mahalliy budjetlar foydasiga qaytadan taqsimlash va hududlarning rivojlanish darajasiga qarab umumdavlat soliqlaridan ajratmalarning tabaqalashtirilgan me’yorlarini belgilash;
soliq to‘g‘risidagi qonunlarni buzganlik uchun jarima to‘lash choralarini qo‘llanish tartibiga o‘zgartishlar kiritish.
9. 1994-yil 31-oktabrdagi 977-son Farmonning 3-bandi 1995-yilning 1-yanvaridan boshlab o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 30-noyabr,
PF-1014-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 11-12-son, 305-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 4-son, 70-modda)