Oʻzbekiston SOVET SOTSIALISTIK RESPUBLIKASI Prezidentining
Farmoni
ShAXSIY TOMORQA XOʻJALIKLARINING EGALARI BOʻLMISh DEHQONLARGA MOLIYAVIY YORDAM BERISh VA ULAR UYuShMASI MODDIY-TEXNIKA BAZASINI MUSTAHKAMLASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Shaxsiy tomorqa xoʻjaliklarining egalari uyushmasini respublika aholisini oziq-ovqat bilan taʼminlovchi asosiy sohalardan biri sifatida qaror toptirish, uning ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash, shuningdek bozor munosabatlariga kirish davrida dehqonlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida:
1. Uyushmaning shaxsiy tomorqa xoʻjaliklarini rivojlantirishga yordam berish fondini tashkil etish uchun bir milliard soʻm ajratilsin.
2. Vazirlar Kabineti zimmasiga shaxsiy tomorqa xoʻjaliklari egalari uyushmasiga shaxsiy xoʻjaliklar sohasi uchun moddiy-texnika resurslari boʻyicha fond egasi vazifalarini berish vakolati topshirilsin.
3. Shaxsiy tomorqa xoʻjaliklari egalari uyushmasi kengashi Oʻzbekiston SSR Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Dehqonchilik-sanoat banki, Oʻzbekiston SSR Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi va viloyat ijroiya komitetlari bilan birgalikda ikki hafta muddat ichida shaxsiy tomorqa xoʻjaliklarini rivojlantirishga yordam berish fondining maqomi va undan foydalanish toʻgʻrisidagi Nizomni tayyorlab chiqsin va Vazirlar Kabinetiga taqdim etsin.
Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 18-mart,
PF-166-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1991-y., 5-son, 105-modda)