Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MUSTAQILLIGINING UCh YILLIGI MUNOSABATI BILAN AFV ETISh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining uch yilligi munosabati bilan, mehr-shafqat va insonparvarlik tamoyillariga amal qilib, Konstitutsiyaning 93-moddasi 20-bandiga asosan qaror qilaman:
1. 5 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etilgan voyaga yetmagan, ayollar, yoshi 60 dan oshgan erkaklar hamda 1- va 2-guruh nogironlari jazodan ozod qilinsin.
2. Birinchi marta ataylab qilgan jinoyatlari uchun 3 yilgacha ozodlikdan mahrum etilgan yoki yengilroq jazoga hukm qilinganlar, shuningdek ehtiyotsizlik tufayli qilgan jinoyati uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilganlar jazodan ozod qilinsin.
3. Birinchi marta qamoq jazosiga hukm qilingan va belgilangan jazo muddatining uchdan ikki qismini oʻtagan shaxslar jazo muddatining qolgan qismini oʻtashdan ozod qilinsin, belgilangan jazo muddatining yarmisini oʻtagan shaxslar esa badargʻa koloniyasiga oʻtkazilsin.
4. Oʻta ogʻir jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etilgan ashaddiy jinoyatchilarga, narkotik moddalar va oʻqotar qurollar bilan bogʻliq jinoyati uchun mahkum etilganlarga, uyushgan jinoiy guruhlarning ishtirokchilariga, shuningdek, jazoni oʻtash tartibini ashaddiy buzuvchilarga nisbatan afv qoʻllanilmasin.
5. Farmon eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi va toʻrt oy davomida ijro etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 19-avgust,
PF-936-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 8-9-son, 235-modda)