O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
“DAVLAT STATISTIKASI TO‘G‘RISIDA”GI O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNIGA O‘ZGARTISh VA QO‘ShIMChALAR KIRITISh HAQIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2011-yil 14-noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2011-yil 5-dekabrda ma’qullangan
Senat tomonidan 2011-yil 5-dekabrda ma’qullangan
Mazkur Qonun O‘zbekistan Respublikasining 2021-yil 11-avgustdagi O‘RQ-707-sonli “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 12-dekabrda qabul qilingan “Davlat statistikasi to‘g‘risida”gi 441-II-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-yil, № 12, 219-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 12, 415-modda; 2010-yil, № 9, 333-modda) quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilsin:
1) 5-modda:
quyidagi mazmundagi birinchi qism bilan to‘ldirilsin:
“O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi davlat statistikasi vakolatli organidir”;
birinchi—to‘rtinchi qismlari tegishincha ikkinchi — beshinchi qismlar deb hisoblansin;
2) quyidagi mazmundagi 51-modda bilan to‘ldirilsin:
“51-modda. Davlat statistikasi vakolatli organi
Davlat statistikasi vakolatli organi:
davlat statistikasi sohasidagi yagona siyosatni ishlab chiqadi va amalga oshiradi, uni tashkil etishning samarali tizimini ta’minlaydi;
davlat statistikasi sohasida muvofiqlashtirib borish va funksional tartibga solishni amalga oshiradi;
yagona statistika uslubiyatini va davlat statistika kuzatuvlarining shakllarini ishlab chiqadi, tasdiqlaydi hamda joriy etadi;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining idoraviy statistika kuzatuvlari shakllarini kelishadi;
statistika ko‘rsatkichlarining tezkorligi, ishonchliligi va xolisligini ta’minlaydi, statistika axborotidan foydalanish erkinligini, uning ochiqligi va oshkoraligini kengaytirish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrini yuritadi;
davlat statistikasi sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni belgilangan tartibda ishlab chiqadi va qabul qiladi;
boshqa davlatlarning statistika organlari va xalqaro statistika tashkilotlari bilan hamkorlik to‘g‘risida belgilangan tartibda bitimlar tuzadi.
Davlat statistikasi vakolatli organi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin”;
3) 6-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat statistikasi organlari o‘z vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlaridan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan, banklardan, boshqa yuridik shaxslardan (zarur hollarda ularning vakolatxonalari va filiallaridan) davlat statistika hisobotlarini olish hamda ulardan statistika maqsadlarida foydalanish;
yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatining davlat statistika kuzatuvlarini o‘tkazish va olingan ma’lumotlardan statistika maqsadlarida foydalanish;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlaridan, davlat tashkilotlaridan davlat statistika ishlarini olib borish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni (ularni tayyorlashning har qanday bosqichida), shuningdek ularga ilova qilinadigan tushuntirishlarni so‘rash va olish;
olinayotgan davlat statistika ma’lumotlarining to‘liqligi, xolisligi va ishonchliligini ekspertizadan o‘tkazish;
davlat statistika ma’lumotlarida qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda, ularni bartaraf etish haqida ko‘rsatmalar berish hamda jamlanma davlat statistika ma’lumotlariga tegishli tuzatishlar kiritish;
davlat statistika hisobotlarini taqdim etish tartibini buzgan mansabdor shaxslarga nisbatan qonunga muvofiq ma’muriy jazo choralarini qo‘llash;
yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organlardan Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrini yuritish uchun zarur ma’lumotlarni olish;
Davlat statistika ishlari dasturiga kiritilmagan, statistika, tahliliy, axborot, noshirlik xizmatlari va boshqa xizmatlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shartnoma asosida ko‘rsatish;
ayrim vazifalarni bajarish uchun funksional bo‘linmalar tashkil etish”;
4) 7-modda birinchi qismi beshinchi xatboshisining ruscha matnidagi “obsledovaniya” va “obsledovaniy” degan so‘zlar tegishincha “nablyudeniya” va “nablyudeniy” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
5) 9-moddaning uchinchi qismidagi “umumdavlat” degan so‘z “davlat” degan so‘z bilan almashtirilsin;
6) 11-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11-modda. Davlat statistika kuzatuvlari
Davlat statistika kuzatuvlari iqtisodiyotda va jamiyatda sodir bo‘layotgan hodisalar hamda jarayonlar to‘g‘risidagi statistika ma’lumotlarini muntazam ravishda yig‘ib borishdan iborat bo‘lib, ular birlamchi hisob hujjatlari asosida va bevosita kuzatuvlar yo‘li bilan o‘tkaziladi.
Davlat statistika kuzatuvlarini o‘tkazish uslublari, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, davlat statistikasi vakolatli organi tomonidan belgilanadi.
Davlat statistika kuzatuvlarining shakllari statistika ma’lumotlarini taqdim etuvchi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, banklar, boshqa yuridik shaxslar (ularning vakolatxonalari va filiallari), jismoniy shaxslar, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun majburiydir.
Davlat statistikasi organlari davlat statistika kuzatuvlarini o‘tkazish uchun shartnoma asosida yuridik va jismoniy shaxslarni jalb etishi mumkin.
Davlat statistika kuzatuvlari davlat statistikasi organlari tomonidan Davlat statistika ishlari dasturiga muvofiq amalga oshiriladi.
Yuridik shaxslar davlat statistika kuzatuvlari o‘tkazilayotganida qonun hujjatlariga muvofiq xizmat binolari va yer uchastkalariga kirishni ta’minlashi shart.
Uy xo‘jaliklari so‘rovi davlat statistika kuzatuvlarining turlaridan biridir va u qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Idoraviy statistika kuzatuvlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida amalga oshirilishi mumkin”;
7) 13-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13-modda. Statistika ma’lumotlarini taqdim etish
Statistika ma’lumotlari to‘liq, xolis, ishonchli bo‘lishi hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, banklar, boshqa yuridik shaxslar (zarur hollarda ularning vakolatxonalari va filiallari), jismoniy shaxslar, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan davlat statistikasi vakolatli organi tasdiqlagan muddatlarda va davlat statistika kuzatuvlari shakllari bo‘yicha bepul taqdim etilishi kerak.
Davlat statistika kuzatuvlarining shakllari bo‘yicha statistika ma’lumotlari qonun hujjatlariga muvofiq qog‘ozda yoki elektron shaklda taqdim etilishi mumkin.
Buxgalteriya hisobi, moliyaviy va boshqa hisobotlarni tartibga soluvchi, qonun hujjatlari bilan belgilangan normalar statistika hujjatlarini to‘ldirish (statistika ko‘rsatkichlari hisobi) uchun asos bo‘lib xizmat qiladi”.
2-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 3-yanvar,
O‘RQ-315-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 1-son, 1-modda)