Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yuqori sifatli texnik moylar ishlab chiqarish boʻyicha zamonaviy korxona tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Yuqori sifatli, raqobatbardoshli mineral, sintetik va yarim sintetik moylar ishlab chiqarish boʻyicha zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, respublika ichki bozorini ular bilan toʻldirish va ularni eksportga yetkazib berishni koʻpaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, “Oʻz-Teksako” masʼuliyati cheklangan jamiyat qoʻshma korxonasi qatnashchilari hamda “Prista Oil Nolding” EAD (Bolgariya) kompaniyasining:
“Texaso Overseas Nolding Inc.” (AQSH) kompaniyasi tomonidan “Oʻz-Teksako” masʼuliyati cheklangan jamiyat qoʻshma korxonasining ustav fondidagi 50,1 foiz miqdoridagi oʻz ulushini “Prista Oil Nolding” EAD (Bolgariya) kompaniyasiga sotish toʻgʻrisidagi;
“Oʻz-Teksako” masʼuliyati cheklangan jamiyat qoʻshma korxonasini “Uz-Prista” masʼuliyati cheklangan jamiyat qoʻshma korxonasi deb qayta nomlash toʻgʻrisidagi;
2011-2012-yillarda “Uz-Prista” masʼuliyati cheklangan jamiyat qoʻshma korxonasi tomonidan “Yuqori sifatli mineral, sintetik va yarim sintetik moylar, shuningdek antifrizlar ishlab chiqarish va realizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi 2012-2013-yillarda “Uz Prista” masʼuliyati cheklangan jamiyat qoʻshma korxonasini “Fargʻona NQZ” unitar shuʼba korxonasida ishlab chiqarilgan bazaviy moylar bilan har oyda 3000 tonna, shu jumladan eksportga yetkazib berish hisobidan, erkin almashtiriladigan valyuta hisobiga 2000 tonna miqdorida taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
“Uz-Prista” masʼuliyati cheklangan jamiyat qoʻshma korxonasiga 2012-2013-yillarda “Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi” unitar shuʼba korxonasidan erkin almashtiriladigan valyutaga bazaviy moylar sotib olishda qoʻshilgan qiymat soligʻini Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining toʻlov kunidagi kursi boʻyicha milliy valyutada toʻlash huquqi berilsin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 12-sentabrdagi 265-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2012-y., 37-son, 427-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
3. “Oʻzstandart” agentligi “Uz Prista” masʼuliyati cheklangan jamiyat qoʻshma korxonasi ishlab chiqaradigan mahsulotni sertifikatlashning milliy tizimi qoidalariga muvofiqligi yuzasidan sertifikatlashni taʼminlasin.
4. “Uz Prista” masʼuliyati cheklangan jamiyat qoʻshma korxonasi oʻz ishlab chiqarishi ehtiyojlari uchun chetdan keltirilayotgan texnologiya va laboratoriya uskunalari, butlovchi materiallar va ehtiyot qismlar, shuningdek respublikada ishlab chiqarilmaydigan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan roʻyxatlar boʻyicha qurilish materiallari uchun 2015-yil 1-yanvargacha bojxona toʻlovlarini toʻlashdan (bojxonada rasmiylashtirish uchun yigʻimlar bundan mustasno) ozod qilinsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Uz-Prista” masʼuliyati cheklangan jamiyat qoʻshma korxonasining “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi tomonidan tasdiqlanadigan buyurtmanomalariga binoan koʻrsatib oʻtilgan loyihani amalga oshirish doirasida jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga kirish vizalarining konsullik yigʻimlari va boshqa yigʻimlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Uz-Prista” masʼuliyati cheklangan jamiyat qoʻshma korxonasining “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi tomonidan tasdiqlanadigan buyurtmanomalariga binoan koʻrsatib oʻtilgan loyihada qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga davlat bojlari undirmasdan koʻp martalik vizalar berilishini va ularning muddati uzaytirilishini, shuningdek ularning Oʻzbekiston Respublikasida yashash joyi boʻyicha vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazilishini va uning muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi “Uz Prista” masʼuliyati cheklangan jamiyat qoʻshma korxonasining “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi tomonidan tasdiqlanadigan buyurtmanomalariga binoan xorijiy mutaxassislarni Oʻzbekiston Respublikasiga jalb etishga ruxsatnomalarning belgilangan tartibda berilishini (muddati uzaytirilishini) taʼminlasin.
8. Vazirlar Mahkamasining “Oʻz-Teksako” qoʻshma korxonasini tashkil etish toʻgʻrisida” 1996-yil 23-dekabrdagi 455-son qarorining 1 va 5-bandlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
“Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 15-noyabr,
304-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 45-46-son, 477-modda; 2012-y., 37-son, 427-modda; 2014-y., 13-son, 144-modda)