O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘ZBEKISTON GO‘ShT VA SUT SANOATI DAVLAT-AKSIONERLIK UYuShMASI (“O‘ZGO‘ShTSUTSANOAT”) TAShKIL QILISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 14-dekabrdagi PF-4391-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Bozor munosabatlariga o‘tish sharoitida chorvachilik xo‘jaliklarining, go‘sht va sut sanoati korxonalari hamda tashkilotlarining samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur tashkiliy-iqtisodiy shart-sharoitlarni vujudga keltirish, chorvachilik mahsulotlari yetishtirish hajmlarini ko‘paytirishdan ularning manfaatdorligini oshirish hamda respublika aholisini shunday mahsulot bilan ta’minlashni yaxshilash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jalik vazirligi huzuridagi “O‘zgo‘shtsutsanoat” respublika ishlab chiqarish birlashmasining uni tugatish hamda o‘z qaramog‘idagi korxonalar va tashkilotlarni O‘zbekiston go‘sht va sut sanoati davlat-aksionerlik uyushmasi (“O‘zgo‘shtsutsanoat”)ga ixtiyoriy ravishda birlashtirish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, “O‘zgo‘shtsutsanoat” davlat-aksionerlik uyushmasi:
yuridik shaxs huquqlariga ega bo‘lgan xo‘jalik uyushmasi hisoblanadi va u chorva mollarni xarid qilish, bo‘rdoqiga boqish va tayyorlashni, go‘sht va sutni qayta ishlashni hamda go‘sht-sut mahsulotini sotishni ta’minlaydigan davlat, aksionerlik, ijara va jamoa korxonalarini ixtiyoriylik asosida birlashtiradi;
o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlari hamda uyushmaning Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Ustavi asosida amalga oshiradi;
tarmoqqa tezkor rahbarlik qilish masalalari bo‘yicha o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining Qishloq xo‘jalik vazirligi bilan muvofiqlashtiradi.
3. “O‘zgo‘shtsutsanoat” respublika ishlab chiqarish birlashmasining viloyat ishlab chiqarish birlashmalari negizida go‘sht va sut yetishtiruvchi hamda ularni qayta ishlovchi hududiy davlat-aksionerlik birlashmalarini tashkil qilish maqsadga muvofiq deb topilsin.
4. “O‘zgo‘shtsutsanoat” uyushmasi faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari quyidagilardan iborat qilib belgilansin:
chorva mollarni xarid qilish, bo‘rdoqiga boqish va tayyorlash, go‘sht va sutni qayta ishlash hamda go‘sht-sut mahsulotini sotish bilan bog‘liq jamiki ishlar majmuini tashkil qilish va amalga oshirish;
uyushmaga kiruvchi korxonalar va tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning huquqlarini himoya qilish, davlat organlari va boshqa organlarda umumiy manfaatlarni ifoda etish;
tarmoqda bozor munosabatlarini rivojlantirish, davlat korxonalari va tashkilotlarini aksionerlik, ijara, jamoa hamda boshqa mulkchilik turlariga aylantirish borasidagi ishlarni o‘tkazishda ko‘maklashish, tadbirkorlik rivojlantirilishini, qo‘shma korxonalar barpo etilishini butun choralar bilan qo‘llab-quvvatlash;
tarmoqda yagona fan-texnika siyosatini o‘tkazish, korxonalarni kengaytirishda, ularni qayta qurish va texnika bilan qayta qurollantirishda, ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiqish va o‘zlashtirishda ko‘maklashish.
5. O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddat ichida “O‘zgo‘shtsutsanoat” uyushmasi tashkil qilish va uning faoliyatiga oid qarorni qabul qilib, tuzilmasi va Ustavini tasdiqlasin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 3-aprel,
PF-588-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 4-son, 170-modda; 2011-y., 50-son, 512-modda)