O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
1993 YILNING 1 IYuNIDAN MEHNAT HAQI, PENSIYALAR, STIPENDIYALARNING, BOLALI OILALAR IJTIMOIY NAFAQALARINING MIQDORLARINI OShIRISh HAMDA RESPUBLIKANING ISTE’MOL BOZORINI HIMOYA QILISh ChORALARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Mehnat haqini oshirish, ichki iste’mol bozorini himoya qilish, boshqa mintaqalarga nisbatan arzonroq narxdagi mollar va buyumlar ancha miqdorda olib chiqib ketilishining oldini olish maqsadida:
1. 1993-yilning 1-iyunidan boshlab O‘zbekiston Respublikasining hududida:
ish haqining eng oz miqdori oyiga 7500 so‘m;
fuqarolarning soliq olinmaydigan daromadlarining eng past darajasi oyiga 7500 so‘m miqdorida;
mehnat pensiyasining eng oz miqdori oyiga 8125 so‘m qilib belgilansin, hozirgi vaqtda amalda bo‘lgan barcha turlardagi pensiyalarning miqdorlari 2,5 baravar oshirilsin.
2. Oliy o‘quv yurtlari talabalarining, texnikumlar va hunar-texnika bilim yurtlari o‘quvchilarining stipendiyalari 2,5 baravar ko‘paytirilsin. Talabalarning oshxonalari va bufetlarida tushlik ovqatlarning qiymatidan 50 foizli chegirmalar saqlab qolinsin.
3. Bolali oilalarning ijtimoiy nafaqalari 2 baravar oshirilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasining Moliya vazirligi ish haqini, pensiyalar, stipendiyalar va ijtimoiy nafaqalarni oshirishga mazkur farmonda ko‘zda tutilgan sarf-xarajatlarni pul bilan ta’minlash manbalarini aniqlasin.
5. Budjetdan pul bilan ta’minlanadigan vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimlari, tashkilotlar va muassasalar ushbu Farmonda belgilangan eng oz ish haqi miqdoriga asoslanib, mehnatga haq to‘lash bo‘yicha yagona tarif setkasi razryadlariga muvofiq xodimlarning mansab okladlari o‘z vaqtida qaytadan hisoblab chiqilishini ta’minlasinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Qo‘shimcha qiymatga belgilangan soliqning 6 foizi korxonalar va tashkilotlar ixtiyorida qoldirilib, ular mehnatga haq to‘lashni ko‘paytirishga sarflansin.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1993-yil 13-sentabrdagi PF-648-son Farmoni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 355-modda)
7. Mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, xo‘jalik hisobidagi korxonalarga, tashkilotlarga, muassasalarga o‘zlarining daromad manbalari hisobidan ish haqining yangi eng oz miqdorlarini joriy etish va mehnatga haq to‘lashni oshirish, daromad manbalari cheklangan taqdirda esa bank muassasalari aniq maqsadni ko‘zlab beradigan imtiyozli kreditlar hisobidan oshirish tavsiya qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki, tijorat banklari korxonalarni, tashkilotlar va muassasalarni yillik 3 foizdan oshmaydigan to‘lov sharti bilan 45 kun muddat ichida zarur kredit mablag‘lar bilan ta’minlasinlar.
8. O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki respublika korxonalariga, tashkilotlari va muassasalariga ish haqi o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlovchi choralar ko‘rsin.
9. 1993-yilning hosilidan boshlab paxta — 4,3 baravar, chorva va sutning, shuningdek davlat buyurtmasi hisobiga sotiladigan meva-sabzavot mahsulotlari ayrim turlarining amaldagi xarid narxlari o‘rta hisobda 2 baravar oshirilsin.
1993-yil hosilidan boshlab sholi, pomidor, karam, sabzi va olmaga erkin (shartnomaviy) narxlar belgilansin.
10. 1993-yilning 1-iyunidan boshlab qat’iy yoki tartibga solib turiladigan narxlar va tariflar bo‘yicha aholiga sotiladigan oziq-ovqat hamda nooziq-ovqat mollari va xizmatlarning chegaralangan chakana narxlari o‘rta hisobda 2 baravar oshirilsin.
11. O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddat ichida mazkur Farmonning belgilangan muddatlarda ro‘yobga chiqarilishini ta’minlovchi tegishli qarorlar qabul qilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 28-may,
PF-607-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 7-son, 272-modda; 1993-y., 9-son, 355-modda)