OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT SOLIQ QOʻMITASI
OʻZBEKISTON ALOQA VA AXBOROTLAShTIRISh AGENTLIGINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT SOLIQ QOʻMITASI
OʻZBEKISTON ALOQA VA AXBOROTLAShTIRISh AGENTLIGINING
Qarori
TELEKOMMUNIKATSIYA XIZMATLARIDAN OLINADIGAN DAROMADLARNI ShAKLLANTIRISh VA TAQSIMLASh VA ULARNI “OʻZBEKTELEKOM” AKSIYADORLIK KOMPANIYASINING BUXGALTERIYA HISOBIDA AKS ETTIRISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 27-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2268]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2020-yil 20-noyabrdagi 52-son, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining 2020-yil 12-noyabrdagi 2020-41-son, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2020-yil 18-noyabrdagi 21/14-sonli ““Telekommunikatsiya xizmatlaridan olinadigan daromadlarni shakllantirish va taqsimlash va ularni “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining buxgalteriya hisobida aks ettirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirishlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2268-2, 30.11.2020-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, 9-son, 142-modda), “Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, 9-son, 219-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 7-maydagi 215-sonli “Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 19-son, 220-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi qaror qiladilar:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Telekommunikatsiya xizmatlaridan olinadigan daromadlarni shakllantirish va taqsimlash va ularni “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining buxgalteriya hisobida aks ettirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 19-avgust,
55-son
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 19-avgust,
2011-28-son
Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktori X. MUXITDINOV
Toshkent sh.,
2011-yil 19-avgust,
04-8/3508-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining 2011-yil 19-avgustdagi 55, 2011-28, 04-8/3508-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Telekommunikatsiya xizmatlaridan olinadigan daromadlarni shakllantirish va taqsimlash va ularni “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining buxgalteriya hisobida aks ettirish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, 9-son, 142-modda), Oʻzbekiston Respublikasi “Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, 9-son, 219-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 30-iyundagi 253-sonli “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi faoliyatini tashkil etish masalalari toʻgʻrisida”gi va 2001-yil 27-dekabrdagi 488-son “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasini xususiylashtirishga tayyorlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq, telekommunikatsiya xizmatlaridan olinadigan daromadlarni shakllantirish va taqsimlash hamda ularni “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining (keyingi oʻrinlarda “Oʻzbektelekom” AK deb yuritiladi) buxgalteriya hisobida aks ettirish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom “Oʻzbektelekom” AKning Ijrochi apparati (keyingi oʻrinlarda Kompaniya deb yuritiladi) va filiallariga tatbiq etiladi.
2. Mazkur Nizom telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatishda Kompaniyaning yagona texnologik jarayonida ishtirok etuvchi filiallari bilan oʻzaro munosabatlarida, shuningdek Xalqaro elektraloqa Reglamenti (Telegrafiya va telefoniya boʻyicha butunjahon maʼmuriy konferensiyasining yakuniy hujjatlari, Melburn, 1988-y., TTBMK-88) (keyingi oʻrinlarda Xalqaro elektraloqa Reglamenti deb yuritiladi) va Xalqaro elektraloqa ittifoqi Tavsiyalariga muvofiq xorijiy operatorlar bilan telekommunikatsiya xizmatlari uchun oʻzaro hisob-kitoblarda yuzaga keladigan daromadlar va xarajatlarni tan olish va aniqlash tartibini belgilaydi.
3. “Oʻzbektelekom” AK va boshqa xorijiy operatorlar oʻrtasidagi ikki tomonlama shartnomalar bilan Xalqaro elektraloqa Reglamentida nazarda tutilgan oʻzaro hisob-kitob qilish tartibining ayrim holatlari, toʻlov valyutasi turlari, akseptlash, hujjatlarni tuzish va taqdim etish tartibi va muddatlari belgilanishi mumkin.
4. Mazkur Nizomda quyidagi atama va tushunchalar ishlatiladi:
trafik oʻtkazish — abonentlar (telekommunikatsiya tarmoqlari) oʻrtasida ulanishlarni oʻrnatish va axborot uzatish jarayonini amalga oshirish;
hisob-kitob taksalari — “Oʻzbektelekom” AK va (yoki) uning filiallari tomonidan boshqa tashkilotlar bilan tuzilgan bitimlar (shartnomalar)ga muvofiq telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatish texnologik jarayonining muayyan bosqichida tarmoq xizmatini koʻrsatish boʻyicha ish qiymatini aks ettiruvchi tarif qismi;
foiz stavkasi (ulush) — tasdiqlangan biznes-rejaga muvofiq shaharlararo va xalqaro telekommunikatsiya xizmatlari trafigi oʻtkazmasi hajmidan va Kompaniya hamda telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatishda yagona texnologik jarayonda ishtirok etuvchi filiallarning xarajatlaridan kelib chiqqan holda aniqlanadigan daromadlar ulushining miqdori. Bunda, ulush miqdori qatʼiy belgilangan summa koʻrinishida belgilanishi mumkin;
xizmatlar eksportidan daromadlar — xorijiy aloqa operatorlari tomonidan akseptlangan schyotlarga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasiga kiruvchi fizik hajmlardan (trafiklardan) kelib chiqqan holda aniqlanadigan xorijiy aloqa operatorlariga koʻrsatilgan telekommunikatsiya xizmatlaridan hamda Internet tarmogʻi xizmati, xalqaro aloqa kanallarining ijarasi va telekommunikatsiyaning boshqa xizmatlari boʻyicha daromadlar;
xizmatlar importi boʻyicha xarajatlar — Kompaniya tomonidan akseptlangan schyotlarga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasidan chiquvchi fizik hajmlardan (trafiklardan) kelib chiqqan holda aniqlanadigan xorijiy aloqa operatorlari tomonidan koʻrsatilgan telekommunikatsiya xizmatlari hamda Internet xizmati, xalqaro aloqa kanallarining ijarasi va telekommunikatsiyaning boshqa xizmatlari boʻyicha xarajatlar;
xorijiy aloqa operatori — telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatuvchi xorijiy davlat telekommunikatsiya operatori va (yoki) xorijiy davlat aloqa operatorining nomidan hisob-kitoblarni (oʻzaro hisob-kitoblarni) amalga oshiruvchi xorijiy davlatning vakolatli tashkiloti;
schyotlar saldosi — Xalqaro elektraloqa Reglamenti, Xalqaro elektraloqa ittifoqi Tavsiyalari va (yoki) tuzilgan bitimlar (shartnomalar)ga muvofiq telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatish davriga taalluqli toʻlanishi lozim boʻlgan oylik, choraklik schyotlar (invoys, schyot, hisobvaraq-faktura);
filiallar — telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatishda yagona texnologik jarayonda ishtirok etuvchi va telekommunikatsiya tarmogʻini texnik, ekspluatatsiya jihatdan qoʻllab-quvvatlash va rivojlanishini taʼminlaydigan “Oʻzbektelekom” AKning filiallari.
Filiallar quyidagilarni amalga oshiradi:
mahalliy, shaharlararo, xalqaro telekommunikatsiya xizmatlarini, ularning hisobini va foydalanuvchilardan mablagʻlarni yigʻishni taʼminlaydi, shuningdek taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan va Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga zid kelmaydigan xizmatlarning boshqa turlarini;
shaharlararo va xalqaro telekommunikatsiya xizmatlari almashinuvi uchun kabel va radiorele aloqa liniyalari va texnik vositalarini ekspluatatsiya qilish va rivojlantirishni;
barcha turdagi shaharlararo va xalqaro telekommunikatsiya xizmatlarini oʻtkazishni.
II. “Oʻzbektelekom” AKda telekommunikatsiya xizmatlaridan olinadigan daromadlarni shakllantirish va taqsimlash
5. Kompaniya yagona texnologik jarayonda telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatishni amalga oshiradigan filiallarning oʻzaro va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligini muvofiqlashtiradi.
6. Kompaniya foiz stavkasi (ulush)ga muvofiq filiallarga umumiy tushumdan ulush mablagʻlarini qayta taqsimlashni amalga oshiradi.
7. Foiz stavkasi (ulush) miqdori Kompaniya tomonidan ijaraga berilgan kanallar hajmidan, oqimlar va traktlar hajmidan, shaharlararo va xalqaro telekommunikatsiya xizmatlari trafigining oʻtkazish hajmidan hamda texnik va ekspluatatsiya faoliyatini taʼminlash boʻyicha haqiqiy xarajatlardan kelib chiqib, shuningdek filial telekommunikatsiya tarmogʻini rivojlantirishni hisobga olgan holda belgilanadi.
8. Kompaniyaning asosiy faoliyatidan daromadi quyidagilardan kelib chiqqan holda shakllanadi:
foiz stavkasi (ulush)ga muvofiq filiallarga yoʻnaltirilgan ulush mablagʻlarini chegirib tashlagan holda qonun hujjatlariga muvofiq oʻrnatilgan tariflar, shartnomaviy tariflar, hisob-kitob taksalar boʻyicha foydalanuvchilar va xorijiy operatorlarga koʻrsatilgan telekommunikatsiya xizmatlari (ijaraga berilgan kanallar hajmidan, oqimlar va traktlar hajmidan, shaharlararo va xalqaro telekommunikatsiya xizmatlari trafigining oʻtkazish hajmidan hamda Oʻzbekiston Respublikasiga kiruvchi xalqaro trafik, Internet tarmogʻi xizmati, xalqaro aloqa kanallarining ijarasi va telekommunikatsiyaning boshqa xizmatlari)ni realizatsiya qilish hajmidan;
foiz stavkasi (ulush)ga muvofiq Kompaniyaga tegishli boʻlgan, filiallar tomonidan yoʻnaltirilgan ulush mablagʻlaridan.
9. Filiallar umumiy tushumdan mablagʻlarning muayyan ulushini belgilangan foiz stavkasi (ulush)ga muvofiq keyinchalik qayta taqsimlash uchun Kompaniyaga yuboradi.
10. Filiallarning asosiy faoliyatidan daromadi quyidagilardan kelib chiqqan holda shakllanadi:
foiz stavkasi (ulush)ga muvofiq keyinchalik qayta taqsimlash uchun Kompaniyaga yoʻnaltirilgan ulush mablagʻlarini umumiy tushumdan chegirib tashlagan holda, qonun hujjatlariga muvofiq oʻrnatilgan tariflar, shartnomaviy tariflar, hisob-kitob taksalar boʻyicha foydalanuvchilarga koʻrsatilgan telekommunikatsiya xizmatlarini realizatsiya qilish hajmidan;
oqimlar va traktlar hajmiga, shaharlararo va xalqaro telekommunikatsiya xizmatlari trafigining oʻtkazish hajmiga muvofiq hamda telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatishda yagona texnologik jarayonda ishtirok etuvchi filiallarning texnik, ekspluatatsiya jihatdan qoʻllab-quvvatlash va telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish uchun daromadlarni qayta taqsimlashdan filiallarga tegishli boʻlgan ulush mablagʻlaridan.
III. Telekommunikatsiya xizmatlari uchun xorijiy aloqa operatorlari bilan oʻzaro hisob-kitoblarni yuritish tartibining xususiyatlari
11. Kompaniya koʻrsatilgan telekommunikatsiya xizmatlari uchun xorijiy aloqa operatorlari bilan oʻzaro hisob-kitoblarni Xalqaro elektraloqa Reglamenti va Xalqaro elektraloqa ittifoqi Tavsiyalariga hamda tuzilgan bitimlar (shartnomalar)ga muvofiq amalga oshiradi.
12. Xorijiy aloqa operatorlari bilan barcha munosabatlar toʻgʻridan toʻgʻri yoʻnalishlar trafigining oʻtkazishi tashkil etilgan sharoitda bitimlar (shartnomalar) asosida yoki Toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻnalishlar operatorlari xalqaro kommutatsiya markazlari orqali tranzit yoʻli bilan trafik oʻtkazmasida yozma xabarnomalar va kelishuvlar asosida oʻrnatiladi.
13. Koʻrsatilgan telekommunikatsiya xizmatlari uchun schyotlar Xalqaro elektraloqa Reglamenti va Xalqaro elektraloqa ittifoqi Tavsiyalariga hamda tuzilgan bitimlar (shartnomalar) shartlariga muvofiq tuziladi, taqdim etiladi va xorijiy aloqa operatorlari bilan akseptlanadi (kelishiladi).
14. Xalqaro elektraloqa Reglamentiga muvofiq:
schyotlar imkon qadar tezroq, favquloddagi holatlar bundan mustasno, ular tegishli boʻlgan oyning keyingisidan boshlab uchinchi oy tugagunga qadar joʻnatilishi lozim;
xorijiy aloqa operatorlari schyotlar ustidan, ularni olgan sanadan boshlab ikki kalendar oy mobaynida, ammo farqlarni oʻzaro maqbul doiraga keltirish uchun zarur boʻlgan darajadagina protest keltirish huquqiga ega;
maxsus kelishuvlar mavjud boʻlmagan aloqa turlari uchun kreditlovchi aloqa operatori qisqa muddatlarda tegishli boʻlgan davr uchun oylik smetalar (schyotlar) boʻyicha saldosini koʻrsatgan holda choraklik schyotlarni taqdim etadi va ushbu schyotlarni ikki nusxada debetlanuvchi aloqa operatoriga joʻnatadi, u oʻz navbatida schyotning bir nusxasini tekshirgandan soʻng, akseptlanganlik belgisini qoʻygan holda qaytaradi.
15. Koʻrsatilgan telekommunikatsiya xizmatlari uchun xorijiy aloqa operatorlari bilan oʻzaro hisob-kitoblar boʻyicha toʻlanishi lozim boʻlgan schyotlarni tuzish, taqdim etish, solishtirish, tasdiqlash Xalqaro elektraloqa Reglamentiga muvofiq hisobot davri tugaganidan keyin 5 oy davomida amalga oshiriladi.
16. Koʻrsatilgan telekommunikatsiya xizmatlari uchun xorijiy aloqa operatorlari bilan oʻzaro hisob-kitoblar Xalqaro elektraloqa Tavsiyalari va (yoki) tuzilgan bitimlar (shartnomalar)ga muvofiq saldo asosida amalga oshiriladi.
17. Schyotlar saldosini toʻlash debitor bilan kelishilganidan keyin, kreditor tomonidan tanlangan valyutada Xalqaro elektraloqa Tavsiyalari va (yoki) tuzilgan bitimlar (shartnomalar) shartlariga muvofiq amalga oshiriladi.
18. Oʻzaro hisob-kitoblar taqdim etilgan va akseptlangan schyotlar saldosi asosida amalga oshiriladi.
19. Kompaniya xorijiy aloqa operatorlari bilan birgalikda oʻzaro kelishuv boʻyicha toʻlanishi lozim boʻlgan oʻz schyotlarini Xalqaro elektraloqa Tavsiyalari va (yoki) tuzilgan bitimlar (shartnomalar)ga muvofiq oʻzaro hisobga olishning turli usullari bilan tartibga solishi mumkin.
20. Koʻrsatilgan xizmatlar uchun schyotlar xorijiy aloqa operatorlari bilan tuzilgan bitimlar (shartnomalar) shartlariga muvofiq valyutada taqdim etiladi.
21. Oʻzbekiston Respublikasi aʼzo boʻlib hisoblangan Xalqaro elektraloqa ittifoqining Ustavi va Konvensiyasiga hamda Xalqaro elektraloqa Reglamentiga muvofiq, qaysidir davlatning milliy qonun hujjatlariga koʻra xalqaro elektraloqa xizmatlari uchun taksa undirish uchun soliq koʻzda tutilgan boʻlsa, bunday soliqqa, qoida tariqasida, ushbu mamlakat mijozlari tomonidan toʻlanadigan xalqaro elektraloqa xizmatlari tortiladi, agar aniq maxsus holatlar uchun tuziladigan boshqa kelishuvlar mavjud boʻlmasa.
IV. Telekommunikatsiya xizmatlarini realizatsiya qilish boʻyicha operatsiyalarning filialdagi buxgalteriya hisobi
22. Telekommunikatsiya xizmatlarini realizatsiya qilishdan olingan tushum filialning buxgalteriya hisobida quyidagi tartibda aks ettiriladi:
a) oʻrnatilgan va shartnomaviy tariflar boʻyicha telekommunikatsiya xizmatlarini realizatsiya qilishdan olinadigan qayta taqsimlanmaydigan tushum:
debet 4010 “Xaridorlar va buyurtmachilardan olinadigan schyotlar” schyoti — foydalanuvchilarga telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatishdan olinadigan tushumning umumiy summasiga;
kredit 9030 “Ishlar bajarish va xizmatlar koʻrsatishdan daromadlar” schyoti — tasdiqlovchi birlamchi hujjat (bajarilgan ishlar dalolatnomasi, hisobvaraq-faktura va h. k.)ga muvofiq telekommunikatsiya xizmatlarini realizatsiya qilishdan olingan sof tushum summasiga;
kredit 6410 “Budjetga toʻlovlar boʻyicha qarz (turlari boʻyicha)” schyoti — telekommunikatsiya xizmatlarini realizatsiya qilingan hajmidan hisoblangan QQS summasiga (QQS toʻlovchilari uchun);
b) umumiy tushumdan ulush mablagʻlari foiz stavkasi (ulush)ga muvofiq keyinchalik qayta taqsimlash uchun Kompaniyaga yoʻnaltirilishi lozim boʻlgan, oʻrnatilgan va shartnomaviy tariflar hamda hisob-kitob taksalari boʻyicha telekommunikatsiya xizmatlarini realizatsiya qilishdan olingan tushumga:
debet 4010 “Xaridorlar va buyurtmachilardan olinadigan schyotlar” schyoti — oʻrnatilgan va shartnomaviy tariflar hamda hisob-kitob taksalari boʻyicha foydalanuvchilarga telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatishdan tushumning umumiy summasiga;
kredit 9030 “Ishlar bajarish va xizmatlar koʻrsatishdan daromadlar” schyoti — foiz stavkasi (ulush)ga muvofiq filialga tegishli boʻlgan miqdordagi daromad (sof tushum) summasiga;
kredit 6410 “Budjetga toʻlovlar boʻyicha qarz (turlari boʻyicha)” schyoti — foiz stavkasi (ulush)ga muvofiq filiallarga tegishli boʻlgan miqdordagi daromad summasidan kelib chiqib hisoblangan QQS summasiga (QQS toʻlovchilari uchun);
kredit 6110 “Alohida boʻlinmalarga toʻlanadigan schyotlar” schyoti — foiz stavkasi (ulush)ga muvofiq QQSni hisobga olgan holda Kompaniyaga tegishli boʻlgan miqdordagi mablagʻlar summasiga.
23. Tasdiqlangan foiz stavkalari (ulushlari)ga muvofiq umumiy tushumdan filiallar tomonidan olinadigan ulush mablagʻlarini buxgalteriya hisobida aks ettirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
debet 4110 “Alohida boʻlinmalardan olinadigan schyotlar” schyoti — foiz stavkasi (ulush)ga muvofiq QQSni hisobga olgan holda filiallar tomonidan olinadigan tushum summasiga;
kredit 9030 “Ishlar bajarish va xizmatlar koʻrsatishdan daromadlar” schyoti — foiz stavkasi (ulush)ga muvofiq filiallar tomonidan olinadigan daromad (sof tushum) summasiga;
kredit 6410 “Budjetga toʻlovlar boʻyicha qarz (turlari boʻyicha)” schyoti — foiz stavkasi (ulush)ga muvofiq filiallar tomonidan olinadigan miqdordagi mablagʻlar summasidan kelib chiqib hisoblangan QQS summasiga (QQS toʻlovchilari uchun).
24. Shartnomaga muvofiq tegishli oy uchun koʻrsatiladigan telekommunikatsiya xizmatlari hisobiga boʻnak toʻlovlarining kelib tushishi buxgalteriya hisobida quyidagi tarzda aks ettiriladi:
debet pul mablagʻlarini hisobga oluvchi schyotlar (5100, 5200, 5500 va sh. k.);
kredit 6310 “Xaridorlar va buyurtmachilardan olingan boʻnaklar” schyoti.
25. Ilgari olingan boʻnak toʻlovlari summasini hisobot davri davomida telekommunikatsiya xizmatlarini realizatsiya qilishdan olingan tushum tan olinganda hisoblashishga olib borish buxgalteriya hisobida quyidagicha aks ettiriladi:
debet 6310 “Xaridorlar va buyurtmachilardan olingan boʻnaklar” schyoti;
kredit 4010 “Xaridorlar va buyurtmachilardan olinadigan schyotlar”, 4110 “Alohida boʻlinmalardan olinadigan schyotlar” schyotlari.
26. Tuzilgan hisobvaraq-faktura, invoys, schyotlar saldosiga muvofiq, hisobot davri davomida telekommunikatsiya xizmatini realizatsiya qilish boʻyicha yakuniy hisob-kitob uchun pul mablagʻlarining kelib tushishi buxgalteriya hisobida quyidagicha aks ettiriladi:
debet pul mablagʻlarini hisobga oluvchi schyotlar (5100, 5200, 5500 va h. k.);
kredit 4010 “Xaridorlar va buyurtmachilardan olinadigan schyotlar”, 4110 “Alohida boʻlinmalardan olinadigan schyotlar” schyotlari — ilgari olingan boʻnaklar hisobga oʻtkazilganidan keyin olingan pul mablagʻlari summasiga.
V. Telekommunikatsiya xizmatlarini realizatsiya qilish boʻyicha operatsiyalarning kompaniyadagi buxgalteriya hisobi
27. Telekommunikatsiya xizmatlarini realizatsiya qilishdan olingan tushum Kompaniyaning buxgalteriya hisobida quyidagi tartibda aks ettiriladi:
a) oʻrnatilgan va shartnomaviy tariflar boʻyicha telekommunikatsiya xizmatlarini realizatsiya qilishdan olinadigan qayta taqsimlanmaydigan tushum:
debet 4010 “Xaridorlar va buyurtmachilardan olinadigan schyotlar” schyoti — foydalanuvchilarga telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatishdan olinadigan tushumning umumiy summasiga;
kredit 9030 “Ishlar bajarish va xizmatlar koʻrsatishdan daromadlar” schyoti — tasdiqlovchi birlamchi hujjat (bajarilgan ishlar dalolatnomasi, hisobvaraq-faktura va h.k.)ga muvofiq telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatishdan sof tushum summasiga;
kredit 6410 “Budjetga toʻlovlar boʻyicha qarz (turlari boʻyicha)” schyoti — telekommunikatsiya xizmatlarini realizatsiya qilingan hajmidan hisoblangan QQS summasiga (QQS toʻlovchilari uchun);
b) umumiy tushumdan ulush mablagʻlari foiz stavkasi (ulush)ga muvofiq filiallarga qayta taqsimlanishi lozim boʻlgan, oʻrnatilgan va shartnomaviy tariflar hamda hisob-kitob taksalari boʻyicha telekommunikatsiya xizmatlarini realizatsiya qilishdan olingan tushumga:
debet 4010 “Xaridorlar va buyurtmachilardan olinadigan schyotlar” schyoti — oʻrnatilgan va shartnomaviy tariflar hamda hisob-kitob taksalari boʻyicha foydalanuvchilarga telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatishdan tushumning umumiy summasiga;
kredit 9030 “Ishlar bajarish va xizmatlar koʻrsatishdan daromadlar” schyoti — foiz stavkasi (ulush)ga muvofiq Kompaniyaga tegishli boʻlgan miqdordagi telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatishdan sof tushum summasiga;
kredit 6410 “Budjetga toʻlovlar boʻyicha qarz (turlari boʻyicha)” schyoti — foiz stavkasi (ulush)ga muvofiq Kompaniyaga tegishli boʻlgan miqdordagi telekommunikatsiya xizmatlarini realizatsiya qilingan hajmiga hisoblangan QQS summasiga (QQS toʻlovchilari uchun);
kredit 6110 “Alohida boʻlinmalarga toʻlanadigan schyotlar” schyoti — foiz stavkasi (ulush)ga muvofiq QQSni hisobga olgan holda filiallarga tegishli boʻlgan miqdordagi mablagʻlar summasiga.
28. Foiz stavkasi (ulush)ga muvofiq qayta taqsimlash uchun Kompaniyaga tegishli boʻlgan (oladigan) umumiy tushumdan ulush mablagʻlari buxgalteriya hisobida quyidagi tarzda aks ettiriladi:
debet 4110 “Alohida boʻlinmalardan olinadigan schyotlar” schyoti — umumiy tushumdan Kompaniyaga tegishli boʻlgan ulush mablagʻlari summasiga;
kredit 9030 “Ishlar bajarish va xizmatlar koʻrsatishdan daromadlar” schyoti — foiz stavkasi (ulush)ga muvofiq Kompaniyaga tegishli boʻlgan sof tushum summasiga;
kredit 6410 “Budjetga toʻlovlar boʻyicha qarz (turlari boʻyicha)” schyoti — foiz stavkasi (ulush)ga muvofiq Kompaniyaga tegishli boʻlgan tushumga hisoblangan QQS summasiga (QQS toʻlovchilari uchun);
kredit 6110 “Alohida boʻlinmalarga toʻlanadigan schyotlar” schyoti — foiz stavkasi (ulush)ga muvofiq QQSni hisobga olgan holda filiallarga tegishli boʻlgan miqdordagi mablagʻlar summasiga.
29. Shartnomaga muvofiq tegishli oy uchun koʻrsatiladigan telekommunikatsiya xizmatlari hisobiga boʻnak toʻlovlarining kelib tushishi buxgalteriya hisobida quyidagi tarzda aks ettiriladi:
debet pul mablagʻlarini hisobga oluvchi schyotlar (5100, 5200, 5500 va sh. k.);
kredit 6310 “Xaridorlar va buyurtmachilardan olingan boʻnaklar” schyoti.
30. Ilgari olingan boʻnak toʻlovlari summasini hisobot davri davomida telekommunikatsiya xizmatlarini realizatsiya qilishdan olingan tushum tan olinganda hisoblashishga olib borishni buxgalteriya hisobida aks ettirish quyidagi tarzda amalga oshiriladi:
debet 6310 “Xaridorlar va buyurtmachilardan olingan boʻnaklar” schyoti;
kredit 4010 “Xaridorlar va buyurtmachilardan olinadigan schyotlar”, 4110 “Alohida boʻlinmalardan olinadigan schyotlar” schyotlari.
31. Tuzilgan hisobvaraq-faktura, invoys, schyotlar saldosiga muvofiq, hisobot davri davomida telekommunikatsiya xizmatini realizatsiya qilish boʻyicha yakuniy hisob-kitob uchun pul mablagʻlarining kelib tushishi buxgalteriya hisobida quyidagicha aks ettiriladi:
debet pul mablagʻlarini hisobga oluvchi schyotlar (5100, 5200, 5500 va h. k.);
kredit 4010 “Xaridorlar va buyurtmachilardan olinadigan schyotlar”, 4110 “Alohida boʻlinmalardan olinadigan schyotlar” schyotlari.
VI. Telekommunikatsiya xizmatlari eksporti va importining buxgalteriya hisobi
32. Xizmatlar eksportidan daromadlar va xizmatlar importi boʻyicha xarajatlar Kompaniyaning buxgalteriya hisobida fizik hajmlar (trafiklar)dan kelib chiqib, akseptlangan schyotlar asosida qiymat ifodasida aks ettiriladi.
33. Xalqaro elektraloqa Reglamentida nazarda tutilgan schyotlarni taqdim etish shartlariga muvofiq xizmatlar eksportidan daromadlar va xizmatlar import boʻyicha xarajatlarni schyotlarda aks ettirish davri telekommunikatsiya xizmatlarini haqiqatda koʻrsatish davri va uni akseptlash sanasi bilan mos kelmasligi mumkin.
Xizmatlar eksportidan daromadlar va xizmatlar importi boʻyicha xarajatlarni Kompaniyaning buxgalteriya hisobida tan olish quyidagi tarzda amalga oshiriladi:
a) Kompaniya tomonidan telekommunikatsiya xizmatlarini eksport qilishdan olinadigan tushum (daromad)ning tan olinishi akseptlangan schyotlar asosida, ularni xorijiy aloqa operatorlaridan olingan sanadagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining kursi boʻyicha amalga oshiriladi:
debet 4010 “Xaridorlar va buyurtmachilardan olinadigan schyotlar” schyoti — telekommunikatsiya xizmatlari eksportidan tushum (daromad) summasiga;
kredit 9030 “Ishlar bajarish va xizmatlar koʻrsatishdan daromadlar” schyoti.
Bunda, Kompaniya va filiallar tomonidan telekommunikatsiya xizmatlarini eksport qilish bilan bogʻliq xarajatlar buxgalteriya hisobida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-fevraldagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlari tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1999-y., 2-son, 9-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Buxgalteriya hisobining milliy standarti (21-son BHMS) “Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy-xoʻjalik faoliyati buxgalteriya hisobi Schyotlar rejasi va uni qoʻllash boʻyicha yoʻriqnoma”ga (roʻyxat raqami 1181, 2002-yil 23-oktabr) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2002-yil, 20-son) muvofiq aks ettiriladi.
b) telekommunikatsiya xizmatlarini import qilish boʻyicha xarajatlar akseptlangan schyotlar asosida, ularni xorijiy aloqa operatorlaridan olingan sanadagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining kursi boʻyicha amalga oshiriladi:
debet 2010 “Asosiy ishlab chiqarish” schyoti — telekommunikatsiya xizmatlarini import qilish boʻyicha xarajatlar qiymatiga;
kredit 6010 “Mol yetkazib beruvchilar va pudratchilarga toʻlanadigan schyotlar” schyoti.
VII. Yakuniy qoida
34. Mazkur Nizom “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi bilan kelishilgan.
“Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi bosh direktori M. MAXMUDOV
2011-yil 19-avgust
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 39-son, 406-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2018-y., 10/18/2268-1/0839-son)