O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYASINING AYRIM MODDALARIGA O‘ZGARTISh VA QO‘ShIMChALAR KIRITISh TO‘G‘RISIDA (78, 80, 93, 96 VA 98-MODDALARIGA)
Qonunchilik palatasi tomonidan 2011-yil 4-martda qabul qilingan
Senat tomonidan 2011-yil 25-martda ma’qullangan
Senat tomonidan 2011-yil 25-martda ma’qullangan
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalar demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish, davlat hokimiyatining uchta subyekti: davlat boshlig‘i — Prezident, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlar o‘rtasidagi vakolatlarning yanada mutanosib taqsimlanishini ta’minlash, shuningdek sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy islohotlarni amalga oshirishda, mamlakatni yangilash va modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning roli hamda ta’sirini kuchaytirish maqsadida kiritilmoqda.
1-modda. 1992-yil 8-dekabrda o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n birinchi sessiyasida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 1, 4-modda; 1994-yil, № 1, 5-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-yil, № 3-4, 27-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 4, 162-modda; 2008-yil, № 12, 637-modda) quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilsin:
1) 78-modda birinchi qismining 15-bandi “shuningdek mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining dolzarb masalalari yuzasidan Bosh vazirning hisobotlarini eshitish va muhokama qilish” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin;
2) 80-moddaning 6-bandidagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va” degan so‘zlardan keyin:
“uning o‘rinbosarlarini” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;
“Hisob palatasi raisini” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin;
3) 93-modda birinchi qismining:
8-bandidagi “ijro etuvchi hokimiyat devonini tuzadi va unga rahbarlik qiladi” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;
12-bandidagi “O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va” degan so‘zlardan keyin:
“uning o‘rinbosarlarini” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;
“Hisob palatasi raisini” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin;
15-bandi “viloyatlar hokimlarini hamda Toshkent shahar hokimini qonunga muvofiq tayinlaydi hamda lavozimidan ozod etadi” degan so‘zlardan oldin “O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimiga binoan” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin;
16-bandi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi majlislarida raislik qilishga haqli” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin;
4) 96-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“96-modda.
O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Prezidenti o‘z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining zimmasiga yuklatiladi, bunda uch oy muddat ichida, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunga to‘liq muvofiq holda mamlakat Prezidenti saylovi o‘tkaziladi”;
5) 98-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“98-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshiradi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, uning o‘rinbosarlari, vazirlar, davlat qo‘mitalarining raislaridan iborat. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumatining boshlig‘i Vazirlar Mahkamasi tarkibiga o‘z lavozimi bo‘yicha kiradi.
Vazirlar Mahkamasi iqtisodiyotning, ijtimoiy va ma’naviy sohaning samarali faoliyatiga rahbarlikni, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlis qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini ta’minlaydi.
Vazirlar Mahkamasi amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining butun hududidagi barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tashkil etadi va unga rahbarlik qiladi, uning samarali ishlashi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi, Vazirlar Mahkamasining majlislariga raislik qiladi, uning qarorlarini imzolaydi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga binoan xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi nomidan ish ko‘radi, O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlarida nazarda tutilgan boshqa vazifalarni bajaradi.
Vazirlar Mahkamasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oldida javobgardir.
Vazirlar Mahkamasi yangi saylangan Oliy Majlis oldida o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qiladi.
Vazirlar Mahkamasining faoliyatini tashkil etish tartibi va vakolat doirasi qonun bilan belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti taqdim etilgan Bosh vazir lavozimiga nomzodni ko‘rib chiqqanidan keyin o‘n kun muddat ichida uni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining ko‘rib chiqishi va tasdiqlashi uchun taklif etadi.
Bosh vazir nomzodi uning uchun tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining yarmidan ko‘pi tomonidan ovoz berilgan taqdirda tasdiqlangan hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining a’zolari Bosh vazir taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi o‘rtasida ziddiyatlar doimiy tus olgan holda Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida uchdan bir qismi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga rasman kiritilgan taklif bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisi muhokamasiga Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish haqidagi masala kiritiladi.
Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ovoz bergan taqdirda qabul qilingan hisoblanadi. Bunday holatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazirni lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining butun tarkibi Bosh vazir bilan birga iste’foga chiqadi.
Yangi Bosh vazir nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan tegishli maslahatlashuvlar o‘tkazilganidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga ko‘rib chiqish va tasdiqlashga taqdim qilish uchun taklif etiladi.
Oliy Majlis tomonidan Bosh vazir lavozimiga nomzod ikki marta rad etilgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazir vazifasini bajaruvchini tayinlaydi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisini tarqatib yuboradi”.
2-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 18-aprel,
O‘RQ-284-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-y., 16-son, 159-modda)